“Soliq qonunchiligini mantiq tark etdi” – mutaxassis soliq organining tadbirkorni jazolash “sxemalari” haqida

Iqtisodiyot 17:57 / 09.11.2022 55438

“Tadbirkorni istalgan paytda tekshirish qonuniylashtirildi”

Bizga kelib tushadigan murojaatlarda soliq organi bilan bo‘ladigan munosabatning 10tadan 9tasining oqibati tadbirkorni jazolashga olib kelyapti. Birinchi navbatda tekshiruvlar qonuniylashtirilishi masalasi. Ya’ni tadbirkorni xohlagan paytda tekshirish qonuniylashtirib olingan. Oldin tadbirkor qachon tekshirilishini bilardi – koordinatsiya bo‘lardi va shunga qarab bir yilda qachon tekshirilishini tadbirkor bilib tayyorgarligini ko‘rardi. Yangi soliq kodeksi qabul qilinganida “qizil”, “sariq” va “yashil” yo‘laklar – tahlil-tahlika dasturiga qarab tadbirkor qachon tekshirilishini biladi deyishdi. Hozir kameral tekshiruv, sayyor tekshiruv va soliq auditi bor, joriy yil yakunidan transfer narxlar bitimi bo‘yicha yana tekshiruvga chiqiladi. Transfer qilinadigan narxlar bo‘yicha nazorat qilinadigan bitimlar yuzasidan tekshiruvlarni tahlil qilsangiz, mavjud tadbirkorlik sub’yektlarining 80 foizi tekshiruvga tushadi.

“Yashil yo‘lakda turgan tadbirkor tekshiruvga tushgani haqida faktlar bor”

Kameral tekshiruvga xohlagan payti chiqiladi, hattoki telefon qilishadi-da, “falon summani to‘lab ber, bo‘lmasa tekshiruvga chiqaman”, deydi. Hech kim cheklov qo‘ymayapti, istagan payti tekshiryapti. “O‘zi qizil yo‘lakda turgani uchun tekshirildi” deyishi mumkin, ammo “qizil” va “sariq” mayli, “yashil” yo‘lakda turgan tadbirkorga ham tekshiruvga chiqilayotgani haqida faktlar bor. Nima sabab desangiz, “risk analiz” deydi. Agar VMning 1-sonli qarorini ko‘rsangiz, “risk analiz” bo‘yicha soliq idorasining 6 oyda bir marta tekshiruvga chiqishga haqqi bor. Hozir xohlagan payti kameral tekshiruv, ketidan sayyor tekshiruvga chiqishyapti. Sayyor, kameral va soliq auditi oqibatida tadbirkor jazolanadi, yo‘q deganda, chek bermaganlik uchun jarimaga torsa bo‘ladi.

Shaxsini sir saqlash sharti bilan intervyu bergan tadbirkor qonunda dori vositalariga QQS imtiyozi qo‘llanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, dorixonasidagi barcha tovarlar (dorilar ham) parafarmatsevtika deb hisoblanib, soliq idoralari tomonidan “QQS to‘lashdan qochganlik uchun” jarima qo‘llanganini aytadi.

“Prezident farmoni bilan dorilar 15 foizlik QQSdan ozod bo‘lgan, lekin parafarmatsevtika vositalari ozod qilinmagan. Soliq idorasi bizni dorixona emas, supermarket sifatida ko‘ryapti. Soliqdan qochgansizlar, deb 15 foiz jarimaga tortyapti.  Hamma  hujjatlarni taqdim qildik, ammo foydasi bo‘lmadi”.

“Qonun bilan soliq to‘lashdan ozod qilingan o‘zini o‘zi band qiluvchilar kassa apparat sotib olishga majbur qilinyapti”

Jazolash metodlaridan yana biri – o‘zini o‘zi band qiluvchilarga kassa apparat qo‘llash majburiyligi yuklatilgan. O‘zini o‘zi band qiluvchilarga oid yangi tartib (VMning 806-sonli qarori) tufayli soliq qonunchiligini mantiq tark etdi. Soliq qonunchilgiga ko‘ra, o‘zini-o‘zi band qiluvchilar soliqdan to‘liq ozod qilingan. Agar mehnat staji ketsin desa, ixtiyoriy ravishda 1 yilda 1 marta ijtimoiy soliq – 300 ming so‘m to‘lab qo‘ysa bo‘ladi. Ammo qancha daromad oladigan bo‘lsa ham, soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan. Ularga kassa apparat yoki terminal shart emas. Qonunchilik bo‘yicha kassa apparat, to‘lov terminallarini tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘llash majburiy. Kassa apparatlarni qo‘llashdan maqsad soliqdan qochishning oldini olish va soliq bazasini aniqlash. Endi o‘zini o‘zi band qiluvchida soliq to‘lamaslik imtiyozi bo‘lib turib, kassa apparatni qo‘llashi kerak. Agar qo‘llamasa, unga 5 million so‘m jarima bor, qo‘llasa, har oy kassa apparatining 100 ming so‘mlik to‘lovini amalga oshirishi kerak. Bundan maqsad jarimalar sistemasini yaratish. Menda bunday faktlar bor: sartaroshga 5 mln so‘m jarima to‘latishgan.

Buyog‘iga 5 mln so‘m jarimani to‘lamaslik uchun yana korrupsion metodga keng yo‘l ochiladi. Davlat soliq to‘lamagin degan odamga 2,5-3 mln so‘mdan terminal sotib olish majburiyati qo‘yilyapti. O‘zini-o‘zi band qilgan 1 mln 200 mingta shaxs bor, shuncha odam kassa apparat sotib olishi kerakmi? Bu bandning kiritilishidan maqsad kassa apparatni sotib pul ishlashmi?

Jarimalarni oshirib yuborishdan maqsad nima?

Soliq organlarini rivojlantirish fondi bor – jarimalarning 40 foizi o‘sha fondga tushadi. Nazorat qiluvchi organ huquqbuzarlik sodir etilishidan manfaatdor bo‘lib qolyapti. Qancha ko‘p huquqbuzarlik sodir etilsa, nazorat qiluvchi organ shuncha boyib boraveradi. Buning natijasida jarima qiluvchi normalar ko‘payib ketyapti.

Kameral tekshiruvdan sayyor tekshiruvga “fortochka” ochishdi

Prezident farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarini kameral tekshiruv bilan jarima qilish yo‘q qilindi. Endi qanday qilsak jarima qo‘llash uchun “fortochka” ochiladi deb o‘ylab qolishdi va… Kameral tekshiruv o‘tkazib, kameral jarayonida sayyor soliq tekshiruviga zarurat tug‘ildi deb turib, sayyor tekshiruv tashkil qila boshlashdi. Sayyor tekshiruvda joyiga chiqib tadbirkorning “ostatkasi” tekshiriladi. Sayyor soliq tekshiruviga chiqiladi, kamchilik aniqlanadi va jarima qo‘llanadi.

“Yangi o‘zgarishlar Soliq kodeksida noqonuniy harakatlarni qonuniy deb tan olishni nazarda tutyapti”

Ertalab 9da ish boshlansa, kechqurun uxlaguncha faqat “jarima qilindim” degan xabar olaman. Kuniga 3-4 tadan 20tagacha tadbirkor “nima qilay, qanday qilay, tekshiruv keldi” deb yozadi. Achinarlisi, yashil yo‘lakda turgan tadbirkorga tekshiruvga tushding degan xabar kelyapti. Bu degani xohlagan paytim xohlaganingga tekshiruv chiqaraman degani.

Richag juda ham ko‘p, Soliq kodeksida 90 foiz soliq idorasiga huquq berilgan. Sudlarda ham ko‘ramiz, nima desak “bizda mana bu, mana bu huquq bor” deb turadi. Hatto yangi kiritilayotgan o‘zgartirishlarda noqonuniy harakatlar deb tan olingan ayrim holatlar Soliq kodeksida qonuniy deb tan olish nazarda tutilyapti. Kontragentning QQS masalasida soliq organi bitimni qalbaki deb topishi mumkinligi, agar tadbirkor norozi bo‘lsa, soliq organi sudga chiqishi kerak edi. Yangi o‘zgarishlar soliq organi qo‘shimcha soliq hisoblab yuborishi mumkinligi, bunga tadbirkor ko‘nmasa sudga murojaat qilishi mumkinligini nazarda tutyapti. Majburiyat va majburiyat tadbirkorda, huquqlar esa soliq organida. 

Ishlamaydigan modda bor: har qanday tushunmovchilik tadbirkor foydasiga hal qilinadi degan, vaholanki, sudlarda ham ko‘rib turibmizki, yuz foiz hujjat bilan isbotlangan narsani tekshiruvchi keladi-da, “yo‘q, aldayotgan bo‘lishi mumkin” degan gumonlari bilan yutib ketayotgan holatlari ham bor.

“Normativlarni qabul qilishda savdo-sanaot palatasining qarshiligi inobatga olinmayapti”

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlariga taalluqli qonunchilik normalari Savdo-sanoat palatasi roziligi bilan o‘tishi kerak. Bu norma qog‘ozda qolib ketyapti, ya’ni SSP ochiqchasiga “yo‘q qarshimiz” degan normalar ham o‘tyapti. Nima qilish kerak degan savolga javob oddiy – qonun ishlasin. Savdo-sanoat palatasi tadbirkorni himoya qilyapti, budjetning asosiy qismi tadbirkor to‘lagan soliqlardan shakllanyapti. Asosiy qismi bo‘lmagan taqdirda ham 8 mln odam tadbirkorlarning qo‘lida ishlayapti, hech bo‘lmaganda 1 million o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar bor. Amalda barcha harakatlar tadbirkorni jazolashga qaratilgan. Savdo-sanoat palatasi rozi bo‘lmagan normalar ham qabul qilinib ketyapti.

Intervyuning 2-qismi tez orada e’lon qilinadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov 

Ko‘proq yangiliklar: