«Rossiyadan keyin JCh-2022 mezbonligini AQSh yutishi kerak edi, Qatarning tanlanishi – xato». Blatterning mojaroli iqrori

Sport 17:01 / 09.11.2022 35161

Futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda FIFA sobiq prezidenti Zepp Blatter shov-shuvli intervyu berib, unda mundial mezbonligi Qatarga topshirilishi jiddiy xato ekanini aytib o‘tdi. Uning aytishicha, Rossiyada o‘tgan JCh-2018dan keyin JCh-2022 AQShga topshirilishi lozim bo‘lgan. Ammo Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi korrupsion yo‘l bilan yirik turnirning Qatarda o‘tishiga ta’sir qilgan.

«Azaliy siyosiy raqiblar navbati bilan jahon chempionatini o‘tkazishsa, bu tinchlikka ishora bo‘lardi»

Blatter Tages-Anzeiger nashriga intervyu berib, barchasini oshkor qildi: Jahon chempionati Qatarda bo‘lmasligi kerak edi. Qolaversa, Rossiyadagi JCh-2018dan keyin siyosiy sabablarga ko‘ra yirik turnirga AQSh mezbonlik qilishi kutilgan.

«Qatardagi mundial – xatolik. Futbol va jahon chempionati bu mamlakat uchun haddan ziyod katta voqelik. FIFAning o‘sha paytdagi prezidenti sifatida buning uchun javobgarlik mening gardanimda. Biroq tarixni endi o‘zgartirib bo‘lmaydi.

O‘shanda ijroiya qo‘mitasida biz Rossiya 2018 yilgi jahon chempionatini, AQSh esa 2022 yilgi musobaqani qabul qilishi bo‘yicha amalda kelishib bo‘lgandik. Chunki azaliy siyosiy raqiblar navbati bilan ketma-ket jahon chempionatini o‘tkazishsa, bu tinchlikka ishora bo‘lardi», - deya qayd etgan Blatter.

«Sarkozi Platinidan Qatarga yordam berishni so‘radi: o‘rniga Fransiyadan 14,6 milliard dollarga qiruvchi samolyotlar sotib olindi»

FIFA sobiq rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi UYeFAning o‘sha paytdagi rahbari – hamyurti Mishel Platinidan Qatarning mezbonlik uchun arizasini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

«FIFAning 2010 yilgi Kongressidan bir hafta avval Mishel Platini menga qo‘ng‘iroq qilib, rejamiz ish bermasligini tushuntirishga o‘tdi. Bilishimcha, o‘shanda Fransiya prezidenti Sarkozi Qatar valiahd shahzodasi bilan tushlik qilib bo‘lganidan so‘ng, uni Yelisey saroyiga taklif qilgan.

Sarkozi Platiniga: «Jahon chempionati mezbonini aniqlash paytida siz va UYeFAdagi hamkasblaringiz Qatar uchun nimalar qila olishingiz haqida o‘ylab ko‘ring», - degan.

Platini mendan: «Zepp, prezidentingiz sizdan nimanidir iltimos qilib so‘raganida, qanday yo‘l tutardingiz?», deb so‘rab qoldi. Shunda men unga bu savol xayolimga ham kelmaganini, chunki Shveytsariyada prezident yo‘qligini aytdim.

Oxir-oqibat barchasi u istagandek bo‘ldi: Platinining 4ta ovozi tufayli JCh-2022 mezbonligi AQShga emas, Qatarga topshirildi. Albatta, bu yerda pul ham muhim rol o‘ynagan. Mezbon aniq bo‘lgach, yarim yil o‘tmay Qatar Fransiyadan 14,6 milliard dollarga qiruvchi samolyotlarni sotib oldi», - deydi Blatter.

Blatter Football Leaks ma’lumotlarini tasdiqladi: JCh mezbonligi evaziga shayxlar «PSJ»ni sotib olgan

Zepp Blatter intervyu davomida Football Leaks’ning 2018 yilgi ma’lumotlarini tasdiqladi.

Football Leaks tomonidan oshkor qilingan ma’lumotlarda Nikolya Sarkozining JCh mezbonini aniqlashdagi ta’siri va Qatar amiri Tamim At-Tani bilan uchrashuvi haqida xabar qilingandi. Ovoz berish jarayonidagi qo‘llab-quvvatlash uchun esa Qatar suveren fondi «PSJ»ni sotib oldi va Fransiyada yirik sport mediasi – BeIN Spors namoyishini yo‘lga qo‘ydi.

JCh-2022 mezbon mamlakatini aniqlash uchun ovoz berish jarayoni 2010 yilning 2 dekabr kuni o‘tgan bo‘lsa, 2011 yilda qatarliklar moliyaviy muammolar girdobida qolgan «PSJ» egasiga aylanishdi. O‘sha yilning iyun oyidayoq BeIN Spors’ga Yevropa bozori sari yo‘l ochildi – mediaxolding yillik 90 million yevro evaziga Fransiya chempionatini namoyish etish huquqini sotib oldi. Bugunga kelib ushbu kanal nafaqat Fransiya 1-divizioni, balki Bundesliga, A Seriya, La Liga va Chempionlar ligasini namoyish etish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Tabiiyki, Qatardagi jahon chempionatini TV-translatsiyasi huquqi ham bu kanalda bor.

«Qatarliklar jahon chempionati tortib olinishidan juda ham xavotirda edilar»

Blatter suhbat davomida yana bir qator masalalarda o‘z fikrini bildirgan. Xususan, uning telefon qo‘ng‘iroqlarini Qatar vakillari yashirincha kuzatib borganini aytgan.

«Qatarliklar jahon chempionati tortib olinishidan juda ham xavotirda edilar. O‘tmishni eslasam, har gal menga telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lganda go‘shakni ko‘tarsam, aloqada qandaydir chirsillagan tovushlar, shovqinlar paydo bo‘lishi hamon yodimda. Ehtimol, bu ovozlar yozib olinayotgani, eshitilayotgani belgisidir. Qatardagi mundial yaqinlashayotganda ayrim cheklovlarni aytmasa, birorta ham futbolchi bu mamlakatdagi jahon chempionatiga boykot e’lon qilmayotganidan xursandman», - deydi FIFA sobiq rahbari.

«Infantinoni hurmat qilmay qo‘ydim, u Qatar rahbariyati bilan bir qayiqda»

FIFA sobiq amaldori o‘z intervyusida tashkilotning amaldagi prezidenti Janni Infantinoni tanqid ostiga olgan.

«FIFAning yangi rahbari nega Qatarda yashamoqda? Axir, u jahon chempionatida mahalliy tashkilotning rahbari emas. Bu uning ishi emas. Buning uchun ikkita tashkiliy qo‘mita bor – biri mahalliy, ikkinchisi FIFAdan. Bunday tashkilot prezidenti boshqaruv nazoratiga ega bo‘lishi kerak. Misol uchun, Qatardagi tayyorgarlik jarayoni davomida qurilishlarda bevaqt vafot etganlar va ularning yaqinlari uchun fond ochish taklifi mavjud. Qatar buni rad etib kelmoqda. FIFA prezidenti esa bunday paytda ular bilan bir qayiqda ekan, nima ham deya olardi? Infantinoni hurmat qilmay qo‘ydim. Men FIFA prezidenti lavozimidan 2015 yil oxirida chetlatilgan edim, kongress esa 2016 yil mening o‘rnimni egallagan Infantinoning davrida Qatarning mezbonligini tasdiqlagan edi», - deydi sobiq amaldor.

«JCh-2018 Rossiyada o‘tkazilgani aslo xatolik emas!»

Blatterning fikricha, reja bo‘yicha AQSh 2022 yilgi jahon chempionati mezboniga aylanganida hozir vaziyat butkul boshqacha bo‘lardi.

«JCh-2018 Rossiyada o‘tkazilgani aslo xatolik emas! O‘shanda rejamiz amalga oshib, JCh-2022 mezbonligi AQShga topshirilganida hozir siz bilan butkul boshqa mavzularda suhbat qurgan bo‘lardik. Yoki umuman suhbatga chaqirmas edingiz. Rossiya turnirni yuqori saviyada o‘tkazgan edi».

«Putin bilan endi aloqam yo‘q»

FIFA sobiq rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabati haqida ham gapirdi.

«U bilan endi aloqam yo‘q. Putin har doim ehtiyotkor bo‘lgan. 2010 yil u Tsyurixga kelmagan edi. Rossiya turnir mezbonligini rasman qo‘lga kiritgach, u Kaliningraddan yetib kelib, matbuot anjumani o‘tkazgandi. O‘shanda uning aytgan gapi yodimda: «Endi sizga ishonish mumkinligini bilaman. Endi biz do‘stmiz», - deya Putinning so‘zlarini eslagan Yozef Blatter. 

Ko‘proq yangiliklar: