Kun.uz saytida joriy yilning 12 oktabr kuni “Buxorodagi yirik ko‘chmas mulk aktivi Artel'ga tegishli kompaniyaga sotildi” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda “Next generation product” MChJga O‘zbekistonda analogi yo‘q mahsulotlarni ishlab chiqarayotgani uchun QQS imtiyozlari berilgani keltirib o‘tilgandi.
Kun.uz’ga «BUSINESS LEGAL ADVISERS» advokatlik firmasi advokati xat bilan murojaat qilib, “Next generation product” MChJ O‘zbekistonda analogi yo‘q mahsulotlarni ishlab chiqarayotgani haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilib, raddiya berishni so‘radi.
Tahririyatga taqdim etilgan Soliq qo‘mitasining advokatlik so‘roviga berilgan javob xatida “Next generation product”ga berilgan soliq imtiyozlari quyidagicha izohlangan:
Korxona 2022 yilning 6 oylik hisobot ma’lumotlariga asosan 26 foizdan ortiq ishlab chiqargan mahsulotlarini eksport bojxona tartib-taomiliga asosan realizatsiya qilgan bo‘lib, buning natijasida Soliq kodeksining 260-moddasi 1-bandiga asosan 17,8 mlrd so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘idan nol darajali stavka qo‘llangan. Shu bilan birga, hisobot ma’lumotlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturini Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2018 yil 6 martdagi PQ-3587-son qaroriga asosan Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi qarzlari hisobidan qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida mahsulotlarni qo‘shilgan qiymat solig‘isiz realizatsiya qilinishi natijasida 5,4 mlrd so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz qo‘llanilgan.
So‘rovga muvofiq Kun.uz saytiga joylashtirilgan yuqoridagi maqola tahrirlangan.