«Asalarilar» «Real»ni chaqib oldi. Madrid Benzemasiz ikki turda peshqadamlikni «Barselona»ga topshirdi

Sport 12:13 / 08.11.2022 22904

Rayo Valekano — Real 3:2
Gollar: Komesanya (5), A.Garsiya (44), Trexo (67, penalti) — Modrich (37, penalti), Militao (41).
Rayo Valekano – Dimitriyevski, Baliu, Lejyen, Katena, Fran Garsiya, Trexo (Unai Lopes, 71), Alvaro Garsiya (Sanches, 88), Palason (Chavarriya, 88), Komesanya (Siss, 79), Oskar Valentin, Kamelo (Falkao, 88).
Real – Kurtua, Karvaxal (Vaskes, 85), Alaba, Militao, Mendi (Nacho, 85), Modrich (Mariano, 79), Valverde, Tchuameni (Kamavinga, 69), Asensio, Vinisius, Rodrigo.
Ogohlantirishlar: Katena (2), Vinisius (11), Trexo (48), Modrich (60), Karvaxal (65), Rodrigo (70), Baliu (87), Chavarriya (90+1), Vaskes (90+9).

Ispaniya top-klublari so‘nggi inqirozli holatlarga qanday reaksiya qilmoqda? «Barselona»dagilar Chempionlar ligasini tark etishganidan keyin faqat qishki transfer kampaniyasi haqida gapirishmoqda. Lekin ko‘k-anorranglilarga yaqin bo‘lgan insayderlarning ishontirishicha, yevrokubokdan keladigan daromad qisqargani mablag‘larni tejashga emas, jamoa tarkibida yangi futbolchilar paydo bo‘lishiga olib keladi.

«Real»da so‘nggi vaqtlardagi muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin esa Karlo Anchelotti qishki transferlar haqidagi savolga xuddi bir yil oldingi kabi javob qaytardi: «Bizda mavsum yakuniga qadar o‘zgarmaydigan tarkib bor».

Lekin ayni vaqtda Benzemaga muqobil variant yo‘qligi muammosi yaqqol ko‘rinib turibdi. Gap faqat uning gollari va uzatmalarida ham emas, balki markaziy hujumchining jamoa o‘yiniga tizimli ta’sirida, uning doimiy harakatda bo‘lishi va markaziy hududda katta hajmli ish bajarishida hamdir. Ushbu fransuz pressingda o‘z ampluasida dunyodagi eng yaxshilardan biridir.

Hozir esa «Oltin to‘p» sohibining mushaklarida muammolar yuzaga kelgan. Bunday muammo unda takrorlanmoqda, avvalgi safar Benzema sentabr oyida uch haftani o‘tkazib yuborgandi. Oktyabrda ikki pauza bo‘ldi, u safga qaytishidan ko‘p o‘tmay yana jarohatlandi. Anchelotti forvard payshanba kuni «Kadis»ga qarshi o‘ynashi mumkinligini aytayotgan bo‘lsa-da, Fransiya terma jamoasidagilar Benzema JCh-2022 startiga tayyor bo‘lishiga ham shubha bilan qarashmoqda.

Yozda «Real» shtabida bunday holatlar uchun muqobil reja bo‘lgandi, ammo Azarning «aldamchi to‘qqizlik» sifatidagi faoliyati baribir davom etmadi, u yana safdan chiqdi. Shuning uchun endi Rodrigoga umid bog‘lanmoqda va Anchelotti hatto ushbu braziliyalik markaziy hujumchi roli uchun juda mos kelishini aytmoqda.

Agar bu jiddiy reja bo‘lsa, yosh forvard «Real»ga kelganidan buyon pozitsiyasini ikkinchi marta o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. «Santos»da Rodrigo chap qanot hujumchisi bo‘lgan, Madridda esa bu pozitsiyada Vinisius Junior borligi uchun o‘ngga o‘tgandi. 21 yoshli futbolchida qanot hujumchisi uchun kerak bo‘lgan sifatlar -tezlik, texnika va erkin zonalarga ochilish qobiliyati bor.

Ammo Rodrigo Benzema kabi bo‘la olmaydi, kuchli pressing uyushtirib, himoyachilarni xato qilishga majburlay olmaydi va uning jismoniy imkoniyatlari va bo‘yi (174 sm)dan kelib chiqilsa, «ikkinchi qavat»dagi gollar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Ya’ni «jarima maydoniga uzatmalar» — bo‘sh zonalar yuzaga kelgan yaqqol vaziyatlar hisobga olinmaganda — «Real»ning qo‘shimcha ustunliklaridan biri bo‘lmaydi.

Standart vaziyatlar istisno, bunday holatda bo‘ydor markaziy himoyachilar imkoniyatlaridan foydalanish mumkin. Dushanba kungi o‘yinda ham burchak zarbasi ijro etilganida Eder Militao barchadan baland sakrab, jamoasini hisobda oldinga olib chiqqandi. Bundan uch daqiqa oldin esa Asensio jarima maydonida yiqilgach, arbitr videotakrordan keyin penalti belgilagan, Modrich darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan, hisobni tenglashtirgandi. «Real» o‘yinning bu qismida o‘ziga o‘xshab o‘ynagan, dastlab qaymoqranglilar ssenariysi bo‘yicha ketmayotgan o‘yinning borishini o‘zgartira olgandi.

Aftidan, «Rayo Valekano»da har bir grand uchun personal retsept bor. «Asalarilar»ga qarshi qatorasiga uch o‘yinda gol ura olmagan «Barselona»ga qarshi himoyada beton o‘rnatiladi.  «Real» bilan o‘yinlarda esa Andoni Iraola jamoasi kuchli raqibning kuchsiz nuqtalariga bosim o‘tkazishga urg‘u qaratadi. Masalan, maydon markazida Tshuameni ideal darajada emas va u kamida yoshligi uchun hali Kazemiroga to‘laqonli o‘rinbosar bo‘la olmaydi.

Karvaxal esa — uning barcha xizmatlari va fidokorligiga hurmat saqlagan holda aytish mumkinki, anchadan buyon ishonchli himoyachi namunasi emas. Uning bo‘lim oxirida jarima maydonida ishonchsiz o‘ynashi tufayli Alvaro Garsiya qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urdi. Ikkinchi bo‘limda esa aynan shu himoyachi u qadar murakkab bo‘lmagan vaziyatda raqib himoyasidan uzatilgan pasni to‘sa olmadi va jarima maydoniga yorib borgan raqib hujumchisiga qarshilik ko‘rsatishda qo‘li bilan o‘ynadi. Kurtua esa penaltini qaytardi, ammo arbitr Trexoga ikkinchi urinishni taqdim etdi - translatsiyaga ko‘ra, bunga ikki sabab bor. Birinchidan darvozabon to‘p tepilishidan oldin darvoza chizig‘idan oldinga chiqqan, ikkinchidan Karvaxal jarima maydoniga erta kirib ketgan va aynan u darvozabondan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan.

Trexo ikkinchi urinishda hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi va «Rayo» bu hisobni o‘yin oxiriga qadar tish-tirnog‘i bilan himoya qilib saqlab qoldi. Ular qanday harakatlanish lozimligini bilishgani evaziga g‘alabaga erishdi. Qariyb 100 daqiqa davom etgan o‘yinda Vinisius Juniorning odatiy yorib kirishlari kuzatilmadi. «Barselona» va «Atletiko»ga dahshat solgan Valverdening o‘ziga xos zarbalari takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmadi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Kamavinga esa Kroos darajasiga yetishiga hali bor, o‘tgan turda faoliyatida ilk bor qizil kartochka olib, diskvalifikatsiyaga uchragan nemis futbolchisining yo‘qligi bilindi.

Benzemasiz tarkibda xaloskor topilmayapti, mavsumning dastlabki qismida benuqson ko‘ringan «Real» «Jirona» bilan durang va «Rayo»ga qarshi fiaskodan keyin birinchi o‘rinni «Barselona»ga topshirdi. O‘tgan turda barchasi uchun hakam balogardon qilingandi. Hozir ham bu mavzuda gapirish mumkin, ammo jamoa birinchi navbatda aybni o‘zidan qidirishi kerak. Va xatolar ustida ishlab, jahon chempionatidan keyin «Barsa»ni ta’qib qilishga kirishish kerak.

Ko‘proq yangiliklar: