Subsidiya asosida berilgan xonadonlarga 23 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar oilasi bilan joylashadi. Bu yerda istiqomat qiluvchi odamlarning biri joyidan qo‘zg‘ala olmasa, yana birining ko‘zlari ojiz.
Ushbu manzildagi aholini eng ko‘p qiynayotgan muammo bu — kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq.
Xonadonlarga yaqinlashar ekansiz nihoyatda badbo‘y hid ta’bingizni tirriq qiladi. Kanalizatsiya tizimi ishlamaganligi tufayli nafaqat ushbu xonadonlar balki yon-atrofda istiqomat qilayotgan boshqa fuqarolar ham jabr ko‘rmoqda.
«Ko‘chib kelganimizdan beri shu muammo bor. Juda ko‘p joylarga murojaat qildik. Kelishadi, kanalizatsiya suvini tortib ketishadi rasmga olib, muammo hal bo‘ldi, deb munosabat berishadi. Ammo muammo umuman hal bo‘lmaydi. Ertasi kuni yana boyagidek ahvolda turaveradi. Bu uyda nogironlar yashaydi. Zax bo‘lib ketgan uy ichlari. Shu sababli isita olmayapmiz. Yozda badbo‘y xidga qiynalsak, qishda sovuq ham qo‘shiladi bu qiyinchilik yoniga», — deydi Umida O‘rmonova.
Yerto‘lalar suvga to‘lib qolayotgani bois, xonalar zax bo‘lib ketgan. Ko‘rpa-to‘shaklar nam holatga kelib qolmoqda.
Ming taassuflar bo‘lsinki, aholining qilgan bir nechta murojaati javobsiz qolavergan. Qayta-qayta murojaatlardan so‘ng kanalizatsiya chuquri qurilgan biroq u ham talabga javob bermaydi va badbo‘y hiddan qutulish imkonini bermagan.
«O‘zim birinchi guruh nogironiman. Ko‘rpalarim nam bo‘lib ketyapti. Yerto‘lamizdagi namgarchilik xonadonlarga uryapti. Shu muammo ortidan juda qiynalyapmiz», dedi shu yerda istiqomat qiluvchi Ozoda Abdurahmonova.
Mahalla turg‘unlarining hikoya qilib berishicha, kanalizatsiya suvlari kunda kun ora yoki murojaat qilishsagina maxsus mashinada tortib ketiladi. Biroq zum o‘tmasdan yana muammo qaytalanadi.
Mutasaddilarga ushbu masalada yechim berish bo‘yicha qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermagan hokimlik tunda mazkur manzilda bo‘lgan. Muammoga yechim topa olmasdan fuqarolar bilan suhbatlashib ortiga qaytgan. Ular kanalizatsiya quvuri tiqilib qolayotganini ro‘kach qilishdi. Ammo ular «to‘g‘rilab qo‘ydik» deyishgandan so‘ng ham muammo bartaraf bo‘lmagan.
Fuqarolarning bir necha marotaba qilgan murojaatlaridan so‘ng ham yechimini topmayotgan ushbu muammoning bartaraf etilishi bo‘yicha mas’ullar tayinli bir javob berisha olmadi. Balkim rahbarlarga davlatning arzon uyini olgan nogironlar noshukurlik qilayotgandek ko‘rinar. Shu sababli odamlarni 4 yildan buyon qiynab kelayotgan muammoni to‘la-to‘kis hal qilmasdan, panja ortidan qarashayotgandir.
Lekin nogironlar ham odam. Ularning mushkulini oson qilish barchamizning, eng avvalo tuman rahbarlarining zimmasida. Chunki ularning aksariyati ishsiz, kam ta’minlangan bo‘ladi. Ular boshqalardan kam yashamasligi uchun eng avvalo rahbarlar, mahalla-ko‘y mas’ul.
2022 yil Prezidentimiz tomonidan « Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili», deb e’lon qilingan.
Ko‘rinib turibdiki, ismi jismiga monand bo‘lmagan «Obod» mahallasi ham obod emas, ham mavjud muammolarni hal qilishda faol emas, inson qadri-ku tamomila toptalmoqda. Prezident belgilab bergan dasturlarga zid harakat qilayotgan rahbarlarni nima deb atash mumkin: noshudlarmi, xoinlarmi, sabotajchilarmi? Qiziq, ularning o‘zlari o‘zlariga qanday baho berisharkan?
Kuzatamiz, bu abgor manzilda yashayotgan imkoniyati cheklangan insonlarning muammolariga to‘g‘ri yechim berilishidan umid qilamiz. Inson qadri ulug‘lanarmikan...
Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri