Hozirda tashkilot rasmiylari va a’zo davlatlarning bir qator vakillari O‘zbekistonga yetib kelib, sammit oldidan tashkil etilgan turli tadbir va uchrashuvlarda qatnashmoqda. Jumladan, tashkilot Bosh kotibi Bog‘dod Amreyev ayni kunlarda Toshkentda bo‘lib turibdi.
Kun.uz muxbiri imkoniyatdan foydalanib, Bog‘dod Amreyevni intervyu uchun Kun.uz studiyasiga taklif qildi.
— Turkiy davlatlar tashkilotidan avvalgi birlikda asosan mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarga e’tibor qaratilardi. Ammo bilasiz, davlatlarni faqat madaniyat va tarix bilan bog‘lab turish rivojlanishini ta’minlash qiyin.
Shu ma’noda, o‘tgan yildan boshlab, Turkiy kengash endi katta bir tashkilotga aylandi. Xo‘sh, uning faoliyati avvalgisidan aniq qaysi yo‘nalishlarda farq qiladi va o‘zgarib borishi mumkin?
— Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yildan faoliyatini boshlagan. U a’zolar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni ta’minlash maqsadida tashkil qilingan. 2021 yilda bu tashkilotning nomi o‘zgarib, Turkiy davlatlar tashkilotiga aylandi. U bu o‘zgarish bilan yangi bir kuch oldi, chunki tashkilot kengashdan ko‘ra kengroq tuzilma. Bunda shuningdek, men yuqorida aytgan hamkorlik yo‘nalishlari ham birmuncha kengaydi. Yangi a’zolarni qabul qildik. Bunda masalan, 12 yil avval biz to‘rt a’zodan iborat edik. Bugun esa kuzatuvchilar bilan birga yetti a’zoyimiz bor. InshaAlloh, yaqin orada biz sakkizinchi davlat bilan kengayamiz.
— O‘tgan yillar davomida mazkur tuzilma hamkorlikni chuqurlashtirish asosi bo‘lmish institutsional mexanizmlarni yaratish bilan ko‘proq shug‘ullandi.
Tashkilot qachon va qay holatda real integratsion jarayonga aylanishi mumkin?
— Turkiy davlatlar tashkilotining eng birinchi maqsadi turkiy dunyoning integratsiyasi. Biz bu yo‘ldagi harakatlarni 13 yil avval boshlaganmiz, bir yil avval esa bu yo‘lda yangi qadamni qo‘ydik. O‘ylaymanki, tashkilot yil sayin o‘z doirasini kengaytirib bormoqda.
Bizningcha, tashkilot doirasida bugun eng muhimi iqtisodiy integratsiya kuchayishi kerak. Bu yo‘ldagi ishlar davom etmoqda.
— Bag‘dod Qultoyevich, bu tashkilot haqida Markaziy Osiyodagi ko‘pchilik odamlar turkiy dunyo g‘oyasi, birligining kuchayishiga xizmat qiluvchi bir tashkilot orzusi bilan qaraydi.
Turkiy davlatlar tashkilotida kollektiv fikrlash, harakat potensiali qanday? Masalan, faraz qilaylik, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida qandaydir ziddiyat boshlandi. Xo‘sh, bunday holatda tashkilot o‘zini qanday tutishi kerak va qanday tutadi? A’zo davlatlarga qanday maslahatlar beradi?
— Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolari o‘rtasidagi aloqalar tarixdan qardoshchilik va do‘stlikka asoslanadi. Biz barchamiz bir xalqmiz. Bizning taqdirimiz bir. O‘ylashimcha, qanday masala bo‘lmasin, turkiy davlatlar doim bir-birining yonida bo‘ladi. Masalan, Ozarboyjonning Qorabog‘ni ozod etishida Turkiya katta ko‘mak berdi.
InshaAlloh turkiy davlatlarning boshqa davlatlar bilan ziddiyatlari boshqa bo‘lmaydi. Agarda shunday bo‘lsa, bizning qardosh turkiy davlatlar bir-birining yonida bo‘ladi. Bunga hech bir shak-shubha yo‘q.
Men bunga yuqorida misol keltirdim. Ozarboyjon urushayotganda turkiy davlatlar uning yonida bo‘ldi. Qaytaraman, turkiy davlatlarning boshqalar bilan qanday ziddiyati bo‘lsa, bizning davlatlar qardoshlari yonida turadi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Javohir G‘ayratov.