Bir qarashda bu ayolga ham havasi, ham hasadi keladi odamning. O‘quvchilarining sevimli ustozi, shirindan-shakar farzandlarning onasi, sevimli rafiqa. Qizi tanlagan beshta oliygohining barchasiga birinchi urinishdayoq davlat granti asosida o‘qishga kirdi. O‘g‘li Prezident maktabi bitiruvchisi.
O‘zi ham kasbi, mehnati ortidan goh respulika, goh viloyat tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. “Xalq ta’limi a’lochisi” bo‘lgan bu ayolning nima kami bor? Go‘zal oilasi, ahil jamoasi... Ammo bir qarashd aytishni lozim bilmaydigan, yuragiga ko‘mib yuborgan dardlari borligiga birov ishonmaydi. Chunki ayolning tilidan shukrona, yuzidan tabassum arimaydi.
Palaxmon toshi
Dono xalqimizning “Qiz bola – palaxmon toshi” degan naqli men uchun aytilgan ekanmi, mahallamga kelin bo‘lishimga qaramasdan, turmush qurganimga hali o‘n kun bo‘lmay turib, rizq-nasiba deya kelinlik uyimdan uzoq viloyatga yo‘l oldim.
Sababi oddiy: turmush o‘rtog‘
imning ishi shu yoqda. Musofirlikning birinchi kunidan sinovlar boshlandi. Poyezddan tushib, mashina topolmagach, tuni bilan vokzal hovlisida qolib ketganmiz. Notanish joy, hech kimni tanimaymiz. Turmush o‘rtog‘
imning qo‘ng‘
irog‘i bilan tunda yo‘
lga chiqqan bir kishi (yangi qo‘shni) yetib keldi.
Yaxshi hamki, yaxshi odamlar bor…
Ertasi kuni notanish olam quchoq ochib kutib oldi. Bir hafta o‘tib, ya’ni avgustning oxirida turmush o‘rtog‘imga ishga chiqish niyatim borligini aytdim. Avvaliga “hali bu yerlarga o‘rganmagansan, bu yil ishga chiqmay qo‘ya qol” dedilar. Keyin yana nimalarnidir o‘yladilar, shekilli, dam olish kunida turmush o‘rtog‘im meni olib maktabga bordi. Afsuski, qaysi maktabga bormaylik, bo‘sh ish o‘rni yo‘qligidan izimizga qaytishga majbur bo‘ldik. Bir necha kun ovora bo‘ldik, lekin foydasi bo‘lmadi.
O‘quv yili ham boshlandi. O‘zim uyda yolg‘iz. Yo‘l bilmayman, hech kimni tanimayman. Bu holat aslida ko‘p qavatli uylarda yashaydiganlar uchun juda tanish. Quyosh chiqib botguncha ham vaqt millari yurgani sezilmaydi. Kunning uzunligini shu qadar his etdimki, nazarimda «dom»ning devorlari ham menga mo‘ltirab qarayotgandek ko‘rinadi. Turmush o‘rtog‘im ham shularni o‘ylab ishlashimga rozi bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Shaharda o‘zbek maktabi bilan bir qatorda rus, qozoq maktablari ham bor edi. Sentabr oyi o‘rtalarida “chiqmagan jondan umid” deb qo‘shni ayol bilan qozoq tilida ta’lim beriladigan maktab eshigini taqillatdim. Maktab direktori xuddi meni uzoq vaqtdan beri kutib turgandek qabul qildi:
“Kel, qyzym, jas kelіnsің be? Sіz menің mektebіme kelesіz, bіraq men jұmys іstemeymіn be? Әrine, sіz bіzben jұmys іstey alasyz. Bіz bіr otbasymyz. Yendі menі Ұlsara apay dep ataңyz”(Kel, qizim, yosh kelinchakmisan? Sen mening maktabimga kelasan-u, men ishga olmaymanmi? Albatta, biz bilan ishlashing mumkin. Biz bir oilamiz. Endi meni Ulsara opa deb chaqir). Birinchi marta qardosh xalqlar bir-biri bilan azaliy yaqinligini his etdim. Shunday qilib qozoq maktabiga ishga kirdim.
Yaxshi hamki, yaxshi odamlar bor…
Yo‘l uzoqligi uchun yuk ko‘paymasin deb bir sira kiyim-kechaklar olib kelgandim. Kuzning o‘rtalaridan sovuq tusha boshladi. Yengil kiyimlarning vaqti o‘tib bo‘lgandi. Turmush o‘rtog‘imga tish yorib aytolmadim. Chunki to‘y uchun qilingan sarf-xarajatni hali ham to‘layotganini bilardim.
Bir kuni o‘qituvchilar xonasida o‘tirganimda yupungina kiyinganimni ko‘rgan yoshi ulug‘ o‘qituvchi ayol tanbeh bergan bo‘ldi: “Yeger sіz suyqta osy kiіmmen jүrseңіz, densaulyg‘yңyzdan ayyrylasyz. Qazіr jassyң, belgіsіz, bіzdey bolsaң ayag‘yң auyrady”(Agar sen bu kiyimlarni sovuqda kiysang, sog‘lig‘ing yo‘qoladi. Hozir sen yoshsan, bizdek bo‘lsang, oyog‘ing og‘riydi).
Labim titrab, gapira olmadim. Buni sezgan Aynur opa darrov yechim topdi. Kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanadigan tanishining uyiga olib bordi. Oz-ozdan to‘lashga kelishib, kerakli kiyimlarni oldim.
Yaxshi hamki, yaxshi odamlar bor…
Ming shukurki, hayotimiz izga tushib ketdi. Bir tekis keta boshladi. Farzandli bo‘ldik. Quvonchimda, tashvishimda yolg‘
izlanmadim. Mehribon jamoadoshlarim, ko‘pmillatli qo‘
shnilarim musofirligimni bildirmadi.
Yaxshi hamki, yaxshi odamlar bor…
Ayrim sabablarga ko‘ra, ikkinchi farzandim tug‘ilishi arafasida o‘z viloyatimizga qaytdik. Bu yerda ham ko‘pdan ko‘p sinovlar kutib turgan ekan. Qishloqchilik emasmi, uy olish uchun jamg‘arilgan pul xarajatlarga keta boshladi. Bir xonali uy oldik. Hammasini boshidan boshladik. Turmush o‘rtog‘imning ishxonasiga uzoqlik qilgani uchun uyni sotishga to‘g‘ri keldi.
Yer sotib oldik. Uysiz qoldik. Toki kichkina bir xonali boshpana qurgunimizcha oilamizning o‘rtog‘
i bo‘lgan bir xonadon eshigini, bizlarga bag‘rini ochdi. Yuklarimiz esa, yana birovning uyiga tushirildi.
Yaxshi hamki, yaxshi odamlar bor…
Ham ma’naviy, ham moddiy zararlar biroz toliqtirdi. Turmush o‘rtog‘im bilan yelkama-yelka bo‘lib, qiyinchiliklarni yengib o‘tdik. Hayot sinovlaridan qoqilganda, surilganda orttirilgan zahmlar asorati bir necha yil o‘tib bo‘y ko‘rsatdi. Atay qilgandek, orttirilgan kasalliklar kimo‘zar o‘ynardi.
Bular esa, o‘z navbatida, oila ob-havosiga ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymadi. Stress yenga boshladi: ko‘rish a’zosini, tayanch a’zosini nihoyatda zaiflashtirdi. Batamom sog‘lig‘imni yo‘qotdim. Yosh bo‘lishimga qaramay nogironlik guruhiga olindim. Bolalarim yosh, qarovga muhtoj. Yon qo‘shnim ham mehri bilan, ham uy ishlariga ko‘magi bilan peshvoz chiqdi. Har kuni hayotiy voqealar aytib berib shukur qilishga undardi. Yashash uchun o‘z ustimda ishlashga, kurashishga chaqirardi.
Yaxshi hamki, yaxshi odamlar bor…
O‘zim bilan o‘zim ko‘p kurashganman. Qiyinchiliklarga yengilishim mumkin emas, qorong‘ilikdan yorug‘likka chiqishni uddalashim kerak, derdim. Qattiq stressdan bosim ko‘zimga tushib bir muddat yorug‘likni, hattoki oldimda o‘tirgan bolalarimni ko‘rmay qolganimda men uchun hayot tugagan edi. Shunda Allohdan so‘radim, yana bir marta imkon ber, bolalarim uchun imkon ber, deb yolvorgandim.
Allohim qayta hayot hadya etdi, bunga ham 10 yil bo‘ldi. Allohga shukr. Qo‘ldan kelguncha ijod qilishni, mehnatdan to‘xtamaslikni shunda o‘rgandim. Meni Allohim inoyati bilan mehnat hayotga qaytardi desam ham bo‘ladi.
Men kabilar juda ko‘p. Faqat yiqilgandan keyin turishni bilishlari kerak ular ham. Hozir ham sezilarli darajada sog‘lig‘imda muammo bor. Ammo buni o‘ylagim kelmaydi. Har kuni o‘tgan tongni ko‘rish men uchun baxt. Ota-onam, aka-ukalarim atrofimdaligi baxt. Qanotim — turmush o‘rtog‘im borligi, bolalarim omonligi baxt. Kasbim borligi baxt. Xalq ichidaligim baxt.
Nogironlik guruhidan chiqib, ishga qaytdim. Atrofimda yaxshi insonlar shunchalik ko‘p ekanki, hayotimda uchraydigan muammolar, illatlar dengizga otilgan toshdek iz qoldirishiga yo‘l qo‘yishmadi. Hayotga go‘zal ko‘z bilan qaray boshladim. Har bir ishdan hikmat izladim. Ruhimga tetiklik qaytdi. Oilamga quvonch qaytdi. Shukronalik ortidan Alloh bitgan taqdir tuhfalaridan bahramand bo‘la boshladim. Har bir ishdan hikmat izladim. Ruhimga tetiklik, oilamga quvonch qaytdi. Shukronalik ortidan Alloh bitgan taqdir tuhfalaridan bahramand bo‘la boshladim. Mehnatlarim rohatini ko‘ryapman.
Allohim, O‘zingga shukur!
Charos Mannonova suhbatlashdi.