“JSTga qancha tez a’zo bo‘lsak, shuncha yaxshi” - Badriddin Obidov

Iqtisodiyot 09:18 / 05.11.2022 42873

O‘zbekiston iqtisodiy forumida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidovga Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasida O‘zbekiston nimalar qilayotgani borasida savol berildi.

“Joriy yil iyun oyidagi Ishchi guruhning 5-chi yig‘ilishi va a’zo davlatlar bilan ikkitomonlama muzokaralardan keyin O‘zbekiston ushbu jarayondagi keyingi bosqichga  o‘tmoqda”, deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“Bilasizki, o‘tgan 5-6 yil ichida tashqi savdo rejimimizni ancha erkinlashtirdik va shuning uchun ham hozir aynan shunday darajaga yetganmizki, turli yo‘nalishlarga oid ma’lumotlarni (JSTga) a’zolik uchun taqdim etmoqdamiz. Ushbu jarayonni yanada jadallashtirish maqsadida iyunda bo‘lgan yig‘ilishdan so‘ng 13 ta yangi hujjatni taqdim etdik va unda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlarni keltirganmiz. Keyingi qadamda JSTga a’zo davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqdamiz va jarayonni keyingi bosqichga olib chiqamiz. Umid qilamizki, bu jarayon tez fursatlarda ro‘y beradi”, – dedi u.

Moderator vazir o‘rinbosaridan JSTga a’zo bo‘lishning aniq muddati haqida so‘raganda, u aniq vaqtni Tashkilotga nomzod davlat tomonidan oldindan belgilash to‘g‘ri bo‘lmasligini, bu muzokaralar holati va majburiyatlarni a’zo davlatlar bilan birgalikda shakllantirishga bog‘liqligini aytdi.

“Tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha rejamiz “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da aniq aks ettirilgan va hozir JSTga kirishga yanada yaqinroq muddatlarda erishish uchun tezkor choralar ko‘rish jarayonidamiz. Jahon savdo tashkilotiga qancha tez a’zo bo‘lsak, shuncha yaxshi”, – dedi Badriddin Abidov.

Ma’lumot uchun, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida 2022 yil davomida Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar bilan ko‘p va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish rejasi belgilangan.

Kuni kecha O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni topshirgani ma’lum bo‘lgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: