Yo‘ldagi ta’mirlash ishlari sabab jarimaga tortilgan haydovchilar masalasida Ombudsman IIVga murojaat yo‘lladi

Jamiyat 16:53 / 04.11.2022 14252

21 sentabr kuni poytaxtning Olmazor tumani Ziyo – Shifonur ko‘chalari kesishmasida ta’mirlash ishlari ketayotgani uchun yo‘l to‘sib qo‘yilgani sababli uzluksiz chiziqni bosishga majbur bo‘lgani ortidan haydovchi jarimaga tortilgan va bu ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Internetda tarqalgan suratda yo‘lning transport harakatlanish qismida amalga oshirilayotgan tuzatish ishlari davomida yo‘lning bir qismi yopib qo‘yilgan va tegishli maxsus belgi bilan aylanib o‘tish lozimligi ko‘rsatilgan. Biroq aylanib o‘tish oqibatida haydovchilar yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish tomoniga o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan. Bu esa maxsus kameralarga muhrlangan va haydovchilar jarimaga tortilgan.

Qayd etilishicha, haydovchi Ichki ishlar organlarining YHX bo‘limiga murojaat qilib, vaziyatni tushuntiradi, biroq unga jarimadan ozod etish sudlarning vakolati ekani aytiladi.

“Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish va ularga adolatli munosabatda bo‘lishga asoslangan. Yuqoridagi holat esa haydovchilarning ortiqcha xarajat qilishiga va ovoragarchiligiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi. Unda ushbu holatlar kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida ta’mirlash ishlari haqida fuqarolarni oldindan xabardor qilish va ularni mazkur sabablarga ko‘ra jarimaga tortilishining oldini olish choralari ko‘rilishi so‘raldi”, deyiladi Ombudsman axborot xizmati bayonotida.

 Avvalroq poytaxtdagi chorrahalarga o‘rnatilgan ayrim kameralar qoidabuzarlikni qayd etishi uchun faqatgina kamera ko‘ra oladigan masofada yo‘l chiziqlari chizib chiqilgani, yo‘lning qolgan qismidagi o‘chib ketgan chiziqlar yangilanganmagani aks etgan suratlar tarqalgandi. Kun.uz surishtiruvi davomida kameralar bu joyga qoidabuzarliklarni qayd etib boradigan videokuzatuv moslamasini o‘rnatish huquqini yutib olgan tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgani, yo‘l chiziqlari ham kameralarni o‘rnatgan jismoniy shaxslar tomonidan chizilgani ma’lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: