“Bizga puling emas, o‘zing keraksan” - Koreyadagi o‘zbek talabasining hayotidan bir lavha

Jamiyat 17:26 / 04.11.2022 42869

Bolani qattiq nazoratda ushlash emas, to‘g‘ri tarbiya berish, fikrlashni o‘rgatish kerak. Shundagina u qayerda bo‘lmasin, tarbiyasi yo‘l qo‘ymagan ishni qilmaydi. Ota-ona doim farzand bilan birga bo‘lmasligi mumkin, lekin ular bergan tarbiya har doim birga bo‘ladi.

Jahongir G‘aniyev ham to‘g‘ri tarbiya olgan, qayda bo‘lmasin ota-onasining yuzini yerga qaratmaydigan yigit bo‘lib ulg‘aydi. Bugun Koreyada tahsil olayotgan Jahongir, o‘qish bilan birga uydagilariga yordam berish uchun ishlaydi. Uning musofirlikdagi hayoti haqida o‘zidan eshitamiz.

Deyarli 1 oydan ko‘p vaqt davomida oilam oldidagi mas’uliyatim tufayli uydagilar bilan gaplashmadim. O‘tgan 2-3 oy davomida ozgina ishlarim orqaga ketib uyga vaqtida pul jo‘nata olmadim.

Talaba bo‘lganim uchun ota-onam shu kungacha o‘zi och qolsa ham, qancha qiynalsa ham, mendan pul so‘rashmagan. Katta farzand bo‘lganim uchun o‘zim oyma-oy, oz-ozdan bo‘lsa ham, uyga pul jo‘natib turardim. Sababi O‘zbekistonda dadam topganlari ro‘zg‘ordan ortmaydi, ba’zan yetmay ham qolishini yaxshi his qilaman.

Yozgi ta’tilda bir joyda ishlab, pulimizni vaqtida bermagani uchun, ayni kontrakt to‘laydigan paytim ilojsiz birovdan 3000 dollar qarz oldim. U pulni kontraktim va uyimning 6 oylik to‘loviga berdim. 1 oyda qaytarish sharti bilan olgandim, ishlarim endi yaxshi ketayotgan bir payt to‘satdan biroz mazam qochib bir haftacha shifoxonaga qatnashga majbur bo‘ldim.

To‘playotgan pullarimning bir qismini sarflab yubordim. Qarz berish kuni yaqinlashib kelardi, lekin kerakli summani topa olmagandim, u olgan odamim koreys bo‘lgani uchun pulni vaqtida qaytarishim kerak edi. O‘zim yaqin tanishlardan pul izlash va yana qarzni qarzga yopish rejasini tuzdim. Yaxshi bir yaqin akamizdan 15 kunga kerakli summani olib, qarz olgan odamimga vaqtida pulni qaytardim.

Shu 2-3 oy ozgina muammolar girdobida qolganim va ota-onamga vaqtida pul jo‘natib yordam qila olmaganim uchun vijdonim judayam qiynalib ketgandi. Ichimdan o‘tgan hissiyotlarni so‘z bilan tasvirlash qiyin. Allohimga shukur, kechki smenada ishlab olgan qarzlarimning deyarli hammasidan qutuldim. Yana biroz ishlab, uyimga pul jo‘natdim.

Ota-onamga boshimdan o‘tgan holatni to‘liq tushuntirdim. Dadam biroz tergadilar, onam yig‘lab “O‘g‘lim, bizga shuncha yordam qilyapsan, hayot doim bir xil bo‘lavermaydi, bir unday, bir bunday. Qanday holatda tushmagin, bizga xabarini ber, judayam xavotir oldik. Bizga puling emas, o‘zing, sog‘liging kerak”, dedilar. Ularga endi bunday qilmayman, deb va’da berdim.

Ba’zan Allohim bandasining ba’zi rejalarini barbod qilib turarkan, rejalari bandasini barbod qilmasin deb. Allohimga shukur, hozircha ishlarim hammasi yaxshi. Ozroq to‘plagan pulimdan jo‘natib buvajonimni Umraga yuborish harakatidamiz, inshaalloh! Keyingi yilga ota-onamni ham Umra safarlariga jo‘natishni niyat qilganman.

Ko‘proq yangiliklar: