Elektron tizim orqali yangi ekilgan daraxtlar nazorat qilinmoqda

Jamiyat 22:37 / 03.11.2022 15110

3 noyabr kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi boshchiligida media-tur tashkil qilindi. Unda hududlarda ko‘chatlar ekilishi, ularning parvarishi qanday tashkil etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Mutaxassislarning aytishicha, ma’lum bir hududda ekilgan daraxt ko‘chatlari haqidagi ma’lumotlar tuman va shaharlar Ekologiya bo‘limlari davlat inspektorlari tomonidan yashilmakon.eco platformasiga kiritib boriladi. Ko‘chat ekish mavsumi oldidan bu ishlarni bajaradigan davlat inspektorlari maxsus planshet-gadjetlar bilan ta’minlangan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, yashilmakon.eco platformasi elektron tizimi ekiladigan daraxt ko‘chatlarining joylashuv lokatsiyasi, soni, fotofaktlari, hududda sug‘orish tizimining holati haqidagi axborotlarni o‘z ichiga oladi. Ekoqo‘mita huzuridagi AKTni joriy etish va multimedia markazi direktorining ma’lumotiga ko‘ra, yashilmakon.eco 1 martdan ishga tushirilgan bo‘lib, undagi ma’lumotlar qo‘mitaning shtablari tomonidan kiritib boriladi.

“Mamlakatimizdagi har bitta tuman va shaharda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi “Dolzarb 40 kunlik”i davomida ko‘chat ekilishini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida maxsus shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak,Chilonzor tumani hududidagi ayni mana shu joyga 8 ta daraxt ko‘chatlari ekilgan. Bu daraxtlar qaysi tashkilotga biriktirilganiga qarab, ma’lumotlar taqdim etiladi. Ekilgan daraxt haqidagi ma’lumot bizning inspektorlarga kelib tushadi. Shunga qarab, inspektorlarimiz joyiga chiqib, doimiy ravishda shu daraxtni o‘rganadi, hududda sug‘orish tizimi bor yoki yo‘qligiga javobgar bo‘ladi”,– dedi Davron Abdullayev.

Qayd etilishicha, platformaning mobil ilovasi ham ishga tushirilgan bo‘lib, hududlardagi davlat inspektorlariga jami 557 ta maxsus planshetlar berilgan. Ular mana shu planshetlar yordamida ekilayotgan daraxt ko‘chatlari haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritishi va doimiy monitoring qilishi belgilangan.

Qizig‘i, bu ma’lumotlardan jamoatchilik vakillari ham boxabar bo‘lish imkoniyatiga ega. Buning uchun tegishli tumanning maxsus kodi bilan platformaga kirishi va kerakli ko‘cha yoki mahallani tanlab, o‘sha hududdagi mavjud ko‘chatlarning ayni vaqtdagi ahvolini bilib olishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, kuniga tumanlar kesimida mingdan ortiq yangi ekilgan daraxtlar haqidagi ma’lumotlar shu platformaga kiritib borilmoqda.

Mutasaddilarga ko‘ra, kelgusida yashilmakon.eco tizimiga hududlardagi tuproq-iqlim xususiyati va daraxt turlari, ko‘kalamzorlashtirilgan darajasi, daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomalar ro‘yxati hamda aniqlangan huquqbuzarliklar, ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham qayd etib borish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, tadbir davomida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi mutaxassislarining ishi bilan ham tanishtirildi. Ular Toshkent shahrining 2 ta hududi, Yakkasaroy va Chilonzor tumanlari atmosfera havosining mayda chang zarrachalari (PM10 va PM2,5) bilan ifloslanish holatini o‘rganishdi.

Ko‘chma ekologik laboratoriya va gazanalizatorlar yordamida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar uchun ruxsat etilgan maksimal bir martalik konsentratsiya bo‘yicha belgilangan me’yoridan oshish holati kuzatilmadi.

Mayda chang zarralar – bu 10 mikrometrdan kam yoki 2,5 mikrometrdan kam bo‘lgan zarralarning konsentratsiyasi (PM10 va PM2,5 fraksiyalar). Shahar muhitida muallaq moddalarning miqdori havo sifatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir.

Yana bir jihat, atrof-muhitga ta’siri yuqori va o‘rta bo‘lgan korxona va tashkilotlar faoliyati ustidan monitoring olib borilishi belgilangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 2 yilda monitoring dasturiga kiritilgan korxonalar soni 2 barobarga ko‘payib, hozirgi kunda qamrab olinganlari 800 tani tashkil etadi.

Shundan, Toshkent shahrida 63 ta obektlar monitoring dasturi doirasida ekologik nazorat tizimiga kiritilgan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: