Xodimlarni qisqartirish
The Washington Post gazetasi 20 oktyabr kuni (Twitter xarididan oldin) Mask rejalari bilan tanish bo‘lgan o‘z manbalariga tayanib, milliarder korporatsiya xodimlarining taxminan 75 foizini ishdan bo‘shatish niyatida ekanini xabar berdi. Bu taxminan 5,6 ming kishi bo‘lishi mumkin, kompaniyada jami 7,5 ming kishi ishlaydi.
Kelishuvga erishishdan oldin, kompaniyaning o‘zi ham ish haqi xarajatlarini 800 million dollarga qisqartirishni rejalashtirgan, bu esa xodimlarning kamida to‘rtdan bir qismini ishdan bo‘shatilishini anglatardi.
WP xabaridan keyin, kompaniya bosh huquqshunosi Shon Edjyet korporativ pochta orqali xodimlarga xat yuborib, kompaniya hech kimni ishdan bo‘shatish niyatida emasligiga ishontirdi, biroq rahbariyat Maskning bunday rejasidan xabardor emasligini ta’kidladi. Shuningdek, Twitter Mask bilan kelishuvga erishgach, ish haqi xarajatlari ham qisqartirilmasligini ma’lum qildi. 28 oktyabr kuni Mask rasman Twitter egasiga aylanganida Shon Edjyetning o‘zi ishdan bo‘shatildi.
Bundan tashqari, kompaniyaning yana to‘rt top-menejyeri qisqartirishga uchradi: bosh direktor Parag Agraval, moliya direktori Ned Sigal (xavfsizlik xodimlari uni va Edjyetni bosh ofisdan olib chiqdi), mijozlar bilan aloqalar bo‘yicha direktor Sara Personett va korporativ siyosat direktori Vijaya Gadde – Amerika matbuotiga ko‘ra, u AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning akkauntini bloklash uchun mas’ul bo‘lgan. Ularning barchasi kompaniya direktorlar kengashi a’zolari edi.
Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi Maskning Twitter kompaniyasini sotib olgani haqidagi hisobotini e’lon qildi. Undan ma’lum bo‘lishicha, 27 oktyabr kuni milliarder nafaqat besh nafar top-menejyerni, balki kompaniyaning direktorlar kengashini tarqatib yuborib, yagona rahbarga aylangan. Maskning so‘zlariga ko‘ra, bu «vaqtinchalik chora».
29 oktyabr kuni The New York Times va Bloomberg ba’zi ma’lumotlarga aniqlik kiritdi: Ilon Mask ishdan bo‘shatilishi kerak bo‘lganlar ro‘yxatini tuzishni buyurgan – xodimlarning taxminan 50 foizi. Birinchi navbatda Mask kontentni moderatsiya qilish uchun mas’ul bo‘lgan yuridik va xavfsizlik bo‘limi bilan shug‘ullanmoqchi.
Mask Twitter kompaniyasi holatini baholash uchun Tesla kompaniyasining ba’zi rahbarlarini taklif qilgan. Kimni ishdan bo‘shatish haqidagi qarorlar ular bilan hamkorlikda qabul qilinadi.
Foydani oshirish yo‘lida
Ilon Maskning fikricha, Twitter kompaniyasining tijorat modeli puch. U reklamadan tushadigan daromad ulushini yiliga 80 foizdan 45 foizgacha qisqartirishni, shu bilan birga 2028 yilga borib, korporatsiya daromadini to‘rt barobarga, 25,4 milliard dollargacha oshirishni rejalashtirgan. Ya’ni Mask ijtimoiy tarmoqda reklama miqdori ko‘p deb hisoblamoqda va daromadning o‘zgacha yo‘llarini joriy qilmoqchi. Qanday qilib? Foydalanuvchilar hisobidan.
Shu vaqtgacha Twitter ijtimoiy tarmog‘idan foydalanish bepul bo‘lib kelayotgandi. Endi Mask vaziyatni o‘zgartiradi. U Twitter Blue obunasi doirasida foydalanuvchilar uchun pulli verifikatsiyani joriy etishga qaror qildi.
Mask obuna narxini 20 dollar qilib belgilamoqchi bo‘ldi, buning evaziga, istalgan foydalanuvchi verifikatsiyani anglatuvchi ko‘k belgini olishi mumkin edi. Shu vaqtgacha Twitter faqat mashhur shaxslarga va kompaniyalarga verifikatsiya belgisini berib kelayotgandi. Bundan tashqari, verifikatsiya belgisiga ega bo‘lganlarga uni saqlab qolish uchun 90 kun ichida pulli obuna taklif etilishi ham rejalashtirildi.
31 oktyabr kuni yozuvchi Stiven King oyiga 20 dollar qiymat juda yuqori narx ekanidan shikoyat qildi. «Jin ursin, ular pulni menga to‘lasin. Agar obuna joriy qilinsa, bankrot bo‘laman», deb yozdi u. Mask yarmi hazil, yarmi chin kinoyani tushundi va «kompaniya qanday qilib bo‘lsa ham xarajatlarini qoplashi kerak», deb javob berdi. Shuningdek, yozuvchidan 8 dollarlik obuna narxi haqida qanday fikrdaligini so‘radi.
1 noyabr kuniyoq Mask akkauntning verifikatsiya qilinishi uchun oylik to‘lov qiymati 8 dollar bo‘lishini e’lon qildi. Shuningdek, obuna foydalanuvchilarga qo‘shimcha imkoniyatlarni, ularning kontentiga ustuvorlik berish, reklamalarni ikki barobar qisqartirish imkonini berishi kerak edi.
«Twitter tarmog‘idagi ko‘k belgi bilan bog‘liq hozirgi xo‘jayinlar va xizmatkorlar tizimi – safsata. Hokimiyat xalqqa! Ko‘k belgi uchun oyiga 8 dollar!» deb yozdi Mask.
Twitter xo‘jayini so‘zlariga ko‘ra, pulli verifikatsiya kompaniyaga ijtimoiy tarmoqdagi trollar va botlarga qarshi kurashda yordam beradi. Mask avvalroq botlar Twitter akkauntlarining yarmini tashkil etishini aytgandi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqdagi botlar – 5 foizdan ko‘p emas.
Mask Twitter Blue tizimini 7 noyabrgacha joriy etishni buyurdi. Agar jamoa ulgurmasa, vazifani bajarishga mas’ul bo‘lganlarni ishdan bo‘shatishi mumkin. CNBC telekanali xabariga ko‘ra, muddat juda kamligi bois, xodimlar haftasiga yetti kun, 12 soatlik smenada ishlamoqda.
The Washington Post 2 noyabr kuni Twitter kompaniyasi Paywalled Video funksiyasi ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Unda foydalanuvchilar tomosha qilish pulli bo‘lgan videolarni yuklashi mumkin. Uning narxi 1 dollardan 10 dollargacha. Foyda kompaniya va video yuklagan foydalanuvchi o‘rtasida taqsimlanadi, biroq qanday ulushda taqsimlanishi ma’lum emas. Nashrning yozishicha, funksiya bir-ikki hafta ichida ishga tushirilishi mumkin.
Xuddi shunday xizmat yaqinda Pavel Durov tomonidan Telegram ijtimoiy tarmog‘ida ham joriy qilingan, ammo Apple kompaniyasiga 30 foizlik komissiyani to‘lashni istamagani sababli, iOS foydalanuvchilar uchun o‘chirib qo‘yilgan edi.
Maskning rejalari orasida 6 soniyali Vine videolarini tiklash va ijtimoiy tamroqqa joriy qilish ham bor. Ular TikTok paydo bo‘lmasidan oldin mashhur edi.
Umuman olganda Mask yakunda Twitter tarmog‘ini Xitoyning WeChat yoki Rossiyaning «Yandeks»iga o‘xshash super-ilovaga aylantirmoqchi. U orqali oziq-ovqatga buyurtma berish, taksi chaqirish va bank to‘lovlarini amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Biroq AQSh monopoliyaga qarshi qonunlari qat’iy ekani bois, amerikalik iqtisodiy ekspertlar bunga erishish juda qiyinligini ta’kidlashmoqda.
Moderatsiya va taqiqlar
Ilon Mask o‘zini «mutlaq so‘z erkinligi» tarafdori deb ataydi. U Twitter tarmog‘ini kontentni moderatsiya qilish siyosati shaffof emasligi va umrbod taqiqlar uchun bir necha bor tanqid qilgan.
Ko‘p milliard dollarlik shartnoma imzolanishidan avval ham tadbirkor 2021 yildagi saylovda mag‘lub bo‘lganidan keyin tartibsizliklarni uyushtirganlikda gumonlanib, bloklangan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp akkauntini blokdan chiqarishga va’da bergandi. Maskning o‘zi ham Tramp rahbarlik qiladigan respublikachilar partiyasi tarafdori hisoblanadi.
Twitter xarid qilingan kunning ertasi antisemitizm so‘zlari uchun bloklangan musiqachi Kanyye Uestning akkaunti tiklandi. Ammo Ilon Mask bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi. U avvalroq platforma kichik yoki shubhali sabablarga ko‘ra bloklangan barcha akkauntlar blokdan chiqarilishini aytgandi.
Maskning fikricha, kontentni moderatsiya qilish kengashining yaratilishi Twitter tarmog‘ini «muhokama uchun ochiq platforma»ga aylantirishga yordam beradi.
«Twitter turli qarashlarga ega kontentni boshqarish uchun Kengashni tashkil qiladi. Ushbu kengash chaqirilgunga qadar, kontent yoki [ilgari to‘xtatib qo‘yilgan] akkauntlarni qayta tiklash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinmaydi. Hozircha biz Twitter tarmog‘ining kontentni moderatsiya qilish siyosatiga o‘zgartirishlar kiritmadik», deb yozdi Mask 29 oktyabr kuni.
U kengash qanday va kim tomonidan tuzilishi, uning ishi qanday bo‘lishiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, Mask ijtimoiy tarmoq mahalliy qonunlarga rioya qilishi va kontentni tartibga solib borishini aytdi: shafqatsiz, noqonuniy yoki haqoratli kontentlar foydalanuvchilarga kamroq ko‘rsatiladi.
Yevropa Ittifoqining ichki bozor bo‘yicha komissari Tiyerri Breton Maskning bayonotlariga munosabat bildirdi.
«Ilon, qoidalar borligini unutmang. Sizni tabriklaymiz, lekin bu qoidalarni biz o‘rnatganmiz. Va bu yerda sizning qoidalaringiz emas, bizniki amal qiladi», dedi u.
Breton eslatib o‘tdiki, agar Twitter nomaqbul kontentni moderatsiya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qonunlariga rioya qilmasa, u holda kompaniya daromadining 6 foizi miqdorida jarimaga tortiladi, agar qonunbuzarliklar davom etsa, kompaniyaga Yevropada ishlash taqiqlanadi.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Mask yevrokomissarga Yevropa Ittifoqining barcha qonunlariga rioya qilishga va’da bergan va Breton bilan 6 noyabrgacha uchrashishga rozi bo‘lgan.
Mask AQSh va boshqa mamlakatlarda Twitter kontenti moderatsiyasini qanday amalga oshirishni rejalashtirayotgani hozircha noma’lum.