1 noyabr kuni xalq ta’limi muammolari tahlili va ularning yechimi bo‘yicha prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonda Finlandiya ta’lim tizimi asosida darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha administratsiya rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonovning hisoboti tinglandi.
«Finlandiya ta’lim tizimi Yevropada yetakchi. Biz ular bilan muntazam aloqadamiz, tajriba almashyapmiz, o‘rganyapmiz. Ulardan olingan tajriba bizda ham jiddiy ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishiga ishonaman. Ayni paytgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha jami 14 ta maktab, 139 ta sinfda 1-4 sinflar uchun darsliklar tajriba-sinovdan o‘tkaziladi. Jarayonda 4146 nafar o‘quvchi ishtirok etadi, 6432 nafar o‘qituvchi ham qatnashish istagini bildirdi», – dedi Komil Allamjonov.
Ma’lum qilinishicha, aniq va tabiiy fanlar darsliklari, o‘quv dasturlari yuzasidan finlandiyalik mutaxassislar xulosalari olinmoqda va ularni chop etish bo‘yicha «Otava» hamda «Sanora» nashriyotlari bilan onlayn muhokamalar tashkil etilgan.
Milliy komponent fanlari bo‘yicha esa ona tili va adabiyot, tarix, huquq, tarbiya, tasviriy san’at, musiqa fanlari darsliklari mahalliy mualliflar ishtirokida yaratiladi.
Sardor Umrzoqov jarayonni tezlashtirish zarurligi, har bir yo‘qotilgan kun kechikishga sabab bo‘lishini ta’kidladi.
«Finlandiya tajribasini o‘rganayotganimiz, darsliklaridan andoza olayotganimiz yana boshqacha talqin qilinmasin. Biz darsliklarimizda davlatchilik mafkuramiz, milliy madaniyatimiz, ma’naviyatimizni aks ettiramiz albatta va bu jarayonda mutaxassislarimiz bevosita ishtirok etadi. Faqat aniq fanlar bo‘yicha xorijiy tajribani joriy qilamiz. Albatta, bu katta mehnat, mablag‘ talab qiladi. Ammo davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek yetuk va bilimdon avlod tarbiyalash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiramiz», – deya prezident administratsiyasi rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.