Mehmonlar tashrif davomida Qalmoqqir, «Yoshlik-1» konlarida bo‘lishib, kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar bilan yaqindan tanishishdi.
Shuningdek, Germaniya kompaniyalarining rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillari «Yoshlik-1» megaloyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish jarayonini ham ko‘zdan kechirishdi.
OKMK rahbariyati va Germaniya davlati delegatsiyasi o‘rtasida kechgan muloqot chog‘ida istiqboldagi hamkorlik aloqalari muhokama etildi.
Aytish joizki, kombinat va Germaniya davlatining qator kompaniya va tashkilotlari o‘rtasida bir necha yillardan buyon o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, joriy yilning may oyida Rux zavodida 6-sonli sulfat kislotasi sexini qurish bo‘yicha Germaniyaning “Metso:Outotec” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan.
Shuningdek, “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodiga Germaniyadan Gleason P2000 va Gleason P8000 tishli frezer uskunalari olib kelingan.
Bundan tashqari, kombinat va Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Chirchiq shahrida mis sanoati klasterini rivojlantirish doirasida OKMK va Germaniya davlati bilan hamkorlikda qo‘shma korxona tashkil etilib, ushbu korxonada hozirda mis kukunlari, mis va mis qotishmasidan katanka, kimyoviy chidamli baklar, ruxlangan simlar va geokompozit polimer quvur kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
OKMK axborot xizmati Ⓣ