Tizimdagi transformatsiyalar, sharqona gender tenglik va ishsiz ayollar - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bilan intervyu

Jamiyat 21:02 / 31.10.2022 19457

– O‘zbekistonda ayol bo‘lib tug‘ilishning oson va qiyin tomoni nimada?

– Joriy yilning 1 martidan boshlab Oila va xotin qizlar qo‘mitasi prezidentimiz tomonidan jamiyatda ayol mavqeyini yangi bosqichga olib chiqish uchun tuzildi. Joylarda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar faoliyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha juda katta amaliy harakatlar uchun asos yaratildi. Inson Vatanni tanlay olmaydi. Shaxsan o‘zim O‘zbekistonda ayol bo‘lib tug‘ilganimdan afsuslanmayman. Havas qilsa arziydigan tarixning davomchilari bo‘lib yashashni baxt deb bilaman. Qaysi yurtda bo‘lishidan qat’iy nazar, ayol degan buyuk nomni sha’nini saqlash, oilada ayolning o‘rnini belgilash va shunga munosib bo‘lish ayollarimizning bo‘ynidagi eng qiyin vazifa deb bilaman.

– O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyat yuritdi. Keyinchalik Mahalla vazirligi tashkil etildi. Yaqinda o‘zingiz aytganingiz kabi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil etildi. Bunga siz rahbarlik qilib kelyapsiz? Bu tizimda nega buncha ko‘p o‘zgarishlar bo‘lganini izohlab bersangiz? O‘z vaqtida bu tashkilotga Elmira Bositxonova, Tanzila Norboyeva rahbarlik qilgan. Ularning xatolari nimadan iborat bo‘ldi-yu, siz kelganingizdan keyin bu tizimda nimalar o‘zgardi?

– Mustaqillikning ilk yillaridan oilalarga va xotin-qizlarga e’tibor berish boshlangan.  1995 yilda xotin-qizlar qo‘mitalari tuzildi va ularning rahbarlari hokim o‘rinbosarlariga tenglashtirildi, vazir o‘rinbosari lavozimlari joriy etildi. Juda katta amaliy ishlar olib borildi. Lekin hamma davrda ham o‘sha davrga oid siyosat yuritilgan. Keyingi davrlarda ham bu jarayon to‘xtab qolgani yo‘q va hozirda ham belgilab berilgan 100 ta maqsadda ayollarning mavqeyini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning aniq rejasi tuzib chiqilgan. Biz ham ana shu maqsad asosida o‘zimiz uchun vazifalarni belgilab olganmiz. Bizdan avvalgi rahbar ayollar ham o‘sha davr ruhi va o‘sha davr maqsad-vazifalari asosida juda ham yaxshi ishlarni amalga oshirishgan. Ammo bugun o‘zgarishlar katta. Nafaqat bizda, balki dunyo miqyosida ham jarayonlarga munosabatlarning ortib borishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

– Har bir davrning o‘z ruhi bo‘lishi tabiiy. Ammo shakl o‘zgarishi bilan tizimda nimalar o‘zgaradi?

– Birinchidan, dastlabki yillarda ayollarning jamiyatdagi mavqeyini oshirish, ularning rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishini ta’minlash haqida juda kam o‘ylangan. To‘g‘ri, u yillarda ham dasturlar bo‘lgan va amaliy ishlar olib borilgan. Lekin muammolarni o‘sha davrlarda ochiq ayta olmasdik. So‘nggi 5-6 yilda muammolarni aytishni o‘rgandik, ularni hal etish borasida huquqiy yechimlarimiz bor. Tizimdagi o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, bugun tashkilot jamoat tashkiloti sifatida emas, balki davlat qo‘mitasi sifatida faoliyat olib bormoqda. Mahallalarda ham xotin-qizlar faollari ish olib bormoqda. Ilgari murojaat qilgan ayollargagina yordam berilgan. Hozir esa bu ishlar xonadonbay tarzida olib borilmoqda.

– So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda gender tengligi haqida ko‘p gapirilyapti. Bu masalaning nazorati ham sizning qo‘lingizda ekan. Aslida gender tengligi nima? Biz qanday maqsad tomon harakat qilyapmiz va nimani o‘zgartirishni istayapmiz?

– Gender tengligi – jamiyatimizdagi barcha imkoniyatlar, xizmatlar, vakolatlardan ayollarning ham erkaklar singari teng foydalanishi imkoniyati deb bilaman. Bugun oilada, jamiyatda, korxona va tashkilotlarda ayollarga berilayotgan imkoniyatlar erkaklarnikidan kam bo‘lmasligi kerak. To‘g‘ri, haq-huquqlarimiz Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan. Ammo bu jarayonlarni hayotga tatbiq etish uchun ham gender tengligi tamoyili oldinga surib kelinyapti. Ta’lim olishda, rahbarlik qilishda, kasb-hunar o‘rganishda ayollarning erkaklar bilan teng huquqliligi ko‘zda tutib kelingan.

– Sharqona qadriyatlar asosida yashaydigan jamiyatga gender tengligini qanday olib kiramiz?

– Xalqimiz orasida gender tengligi deganda ayollar ustunligini ta’minlash degan noto‘g‘ri fikr ham shakllanib qolyapti. Aslida unday emas. Davlatchiligimizning kelib chiqishida ham oilada ayolga hurmat bilan qarashgan. Aynan bizning qadriyatlarimiz asosida otaga hurmat, uni ulug‘lash va e’zozlash qadriyatlari shakllantiriladi. Bugun ayollar mulkdor bo‘lish, har bir jabhalarda erkaklar bilan teng huquqlarga ega bo‘lishi uchun harakat qilinyapti. Xususan, ShHT doirasida o‘tkazilgan sammitda O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi. Shunga qaramasdan, bizdagi ahvolni qoniqarsiz deyishga haqqimiz yo‘q. Birgina tadbirkorlikni oladigan bo‘lsak, ularning 35 foizini ayollar tashkil qilyapti. Rahbarlik lavozimlarining 27 foizini ayollar tashkil qiladi.

– Bugun O‘zbekiston ayollarini qiynayotgan muammolar qaysi jabhalarga to‘g‘ri keladi? Ularni nima masalalar qiynayapti?

– Ta’lim olish, kasb-hunar egallash bugungi kunda davlatimiz oldida turgan eng muhim vazifa deb bilaman. Ammo ayollarning o‘ziga xos muammolari ham bor. Joylarda xotin-qizlarni o‘qitish va ularni ish bilan ta’minlash jarayonlarigacha nazoratga olinyapti. Ayol oilada farzand tarbiyasi bilan bog‘lanib qolmasdan, o‘z ustida ishlashi, ta’lim olishi borasida amaliy chora-tadbirlar ko‘rmoqdamiz. Kasb-hunarga o‘qitish natijasida ko‘pgina ayollarimiz o‘zining oiladagi o‘rnini, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.

– Aytganingiz kabi ayolning oila va farzand tarbiyasidan ortib, yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun nimalar qilish kerak va nimalar qilyapsiz?

– Birinchidan, xotin-qizlarni kasb-hunarga qayta o‘qitib, ularni ish bilan ta’minlayapmiz. Ikkinchidan, hududdagi bir ustozga 10 ta qizni shogird qilib biriktiryapmiz. Oilada daromad topish imkoniyatlari bo‘yicha alohida ish olib borib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, hunarmand ayollar orqali ehtiyojmand oila vakillarini ish bilan ta’minlashga harakat qilyapmiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: