2022 yilning yanvar- sentabr oylarida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3 mln 721,8 ming so‘mni tashkil etib, (o‘tgan yilning mos davrida 2 mln 978,9 ming so‘m bo‘lgan) 2021 yil mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 24,9 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qilmoqda.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (5 mln 964 ming), Navoiy (4 mln 953 ming) va Toshkent viloyatida (3 mln 799 ming), eng kam miqdori esa Samarqand (2 mln 734 ming), Farg‘ona (2 mln 783 ming) va Surxondaryo (2 mln 798 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
“Bor-yo‘g‘i uchta ma’muriy hududda (Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlari) nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda nominal ish haqi respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan”, deya yozadi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.
Ma’lumot uchun, hisobot davridagi o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari hisobga olinmagan.
Joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida qayd etilgan – 9,7 million so‘m. Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6,9 million so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, tashish va saqlash sohasida – 4,8 million so‘m, sanoat sohasida – 4,7 mln so‘m, qurilish sohasida – 4,5 mln so‘m, savdo sohasida – 3,6 mln so‘m, ta’lim sohasida – 2,6 million so‘m. Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida qayd etilgan – 2,5 million so‘m.
2022 yilning uchinchi choragi bo‘yicha, o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 13,8 ming xodimning ma’lumotlaridan foydalanilgan bo‘lib, shundan 37,4 foizi ta’lim, 16,1 foizi sog‘liqni saqlash vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yildan yilga kuchayib borayotgan tengsizlik
So‘nggi yillarda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida ko‘plab o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, ushbu soha vakillarining maoshi boshqalariniki bilan taqqoslaganda sekin o‘smoqda va yildan yilga tengsizlik ortib bormoqda.
“Nominal ish haqi eng past bo‘lgan soha vakillari doimgidek ta’lim va tibbiyot sohasi vakillari hisoblanadi. Ta’lim sohasi vakillarining nominal ish haqi 2,6 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, tibbiyot sohasi vakillarining nominal ish haqi 2,5 mln so‘mni tashkil etgan. Bir tendensiya qiziqki, tibbiyot sohasi vakillarining ish haqi ta’lim sohasi vakillarining ish haqidan ko‘ra tezroq o‘smoqda. Xususun joriy yilning o‘tgan davrida ta’lim sohasi vakillarining nominal ish haqi 16,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, tibbiyot sohasi vakillarining nominal ish haqi qariyb 28 foizga o‘sgan. Hozirgi tendensiya bilan yaqin yillarda ta’lim sohasi vakillari eng past ish haqiga ega qatlamga aylanadi (hisobotda keltirilgan soha vakillari orasida).
2018 yilda ta’lim sohasi vakillarining nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha ish haqining 76 foizi qismiga teng bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 70 foizdan pastroq ko‘rsatkichni qayd etgan. Ta’lim sohasi vakillari, berilayotgan ko‘plab va’dalarga qaramasdan yildan yilga jamiyatdagi o‘z mavqeyini yo‘qotib boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib bormoqda”, deydi Mirkomil Xolboyev.
Agar individual sohalarni o‘zaro taqqoslasak, ortib borayotgan tengsizlikni yaqqol sezish mumkin. Xususan, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2018 yilda ta’lim sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha maoshidan 2,44 barobar ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilga kelib 3,74 barobargacha oshgan. Ya’ni bank va sug‘urta xodimlari yildan yilga ta’lim sohasi vakillariga nisbatan boyib bormoqda.
Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat olib boruvchi xodimlarning hududlarda band aholi orasida ulushi yuqoriligi inobatga olinsa, Toshkent va hududlar orasidagi tengsizlik kuchayib borayotganini ham qayd etish mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oxirgi marta 2022 yilning 1 iyunida ish haqi, pensiya miqdori va stipendiyalar oshirilgandi.
O‘zbekistonda yaxshi yashash uchun qancha mablag‘ kerak?
Dunyoning eng yirik onlayn ma’lumotlar bazasidan biri – Numbeo hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 4 kishi bo‘lib yashaydigan oilalar ijara to‘lamasdan oyiga 1 431,42 dollar (15 mln 988 ming so‘m) sarflab yaxshi yashashi mumkin. Bir kishi uchun bu narx 394,10 dollar (4 mln 400 ming so‘m)ga aylanadi.
Qayd etilishicha, xarajatlarning 36,6 foizi do‘konlardan turli mahsulotlarni sotib olish, 25,3 foizi har oylik ijara, 14 foizi restoranlarda ovqatlanish, 10,1 foizi transport, 8,1 foizi esa sport va bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlar uchun sarflanadi.
Shuningdek, Numbeo ma’lumotlar bazasi 106 ta mamlakatning har oylik sof ish haqi bo‘yicha ham bir qancha raqamlarni keltirgan. Unga ko‘ra, soliqlarni hisobga olmaganda O‘zbekiston fuqarolari har oy o‘rtacha 283,52 dollar (3 mln 98 ming 873,6 so‘m) maosh oladi.