Ichki ishlar vazirining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib-qoidalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib-qoidalariga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, hujjat quyidagi mazmundagi 781-band bilan to‘ldirilishi taklif qilinmoqda.
«JIEMlarda saqlanayotgan mahkumlar elektron davlat xizmatlari, shu jumladan notariat xizmatlaridan foydalanishi uchun JIEM ma’muriyati tomonidan alohida xona ajratiladi.
Mazkur xona veb-kamera hamda Jahon axborot internet tarmog‘iga ulangan kompyuter texnikasi bilan jihozlanadi».
Mazkur qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Oliy sudi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vazirligi buyruq loyiha qabul qilinishi zaruratini quyidagilar bilan izohlagan:
- birinchidan, jazoni ijro etish tizimi faoliyatini raqamlashtirish, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga elektron davlat xizmatlari, shu jumladan notariat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish orqali, mahkumlar huquqlari ta’minlanishini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish;
- ikkinchidan, tizim faoliyatining ochiq hamda shaffofligini ta’minlash orqali korrupsion omillarni bartaraf etish;
- uchinchidan, jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish, davlat axborot tizimlari va elektron xizmatlarni joriy etish, davlat xizmatlari, shu jumladan notariat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish tizimini jazoni ijro etish muassasalariga joriy etish orqali jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning huquqlari ta’minlanishi, xalqaro huquqni umume’tirof etilgan normalarga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Loyiha mualliflari ma’lum qilishicha, uni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markazlashtirilgan jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.