«Nasaf» «oltin dubl» tomon qadam tashladi: kubok finalidan fotoreportaj

Sport 08:25 / 31.10.2022 25223

O‘yinni qarshilik futbolchilar ustunlik bilan boshlab, birinchi bo‘limda ko‘proq to‘pni nazorat qilishdi. 29-daqiqada ketma-ket hujumlardan keyin «Nasaf» hisobni ochdi. Chap qanotdan jarima maydonchasiga yorib kirgan Marko Stanoyevich juda aqlli harakat qildi: darvozaga zarba berayotgandek manyovr qilib, O‘tkir Yusupovni chalg‘itdi va to‘pni orqaroqda turgan Akmal Mozgovoyga tashlab berdi. Yarimhimoyachi deyarli bo‘sh qolgan darvozani osongina ishg‘ol qildi.

Ikkinchi bo‘limda ham bir qarashda «Nasaf» yaxshiroq o‘ynayotgandek ko‘rinayotgandi, ammo Babayan jamoasi 57-daqiqada yuzaga kelgan qulay vaziyatni golga aylantirdi. Doniyor Abdumannopov hujumchi Boyan Marushichning super uzatmasini golga aylantirdi.

Hisobni tenglashtirgan «Navbahor» ruhiy ko‘tarinkilik bilan yana oldinga bordi va qulay vaziyatlarga ega bo‘ldi. Ammo Berdiyev jamoasi tezda o‘ziga kelib, to‘p nazoratini yana qo‘lga oldi. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobi bilan yakunlangach, g‘olib qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlanadigan bo‘ldi.

Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisi, o‘yinning esa 100-daqiqasi o‘tib borayotganda «Nasaf»ning yangi porlayotgan vunderkindi Zafarmurod Abdurahmatov super reyd qayd etib, to‘pni jarima maydonchasiga tashlab berdi. Lima Kruz esa hech kim kutmaganda havodan sakrab kirib bosh bilan gol urdi.

Bu goldan keyin «Nasaf» katta ruhiy ustunlikka ega bo‘ldi. O‘yinning oxirgi daqiqalarida esa «Navbahor» sardori va darvozaboni O‘tkir Yusupov katta sahnaga chiqdi. U avvaliga jarima maydonchasiga kirib borib xavfli vaziyat sodir etdi. Keyin to‘p bilan darvoza tomon yaqinlashib jarima zarbasi ishladi. Standart vaziyatdan keyin darvoza tomon bosh bilan zarba berishga ham ulgurdi va Abduvohid Ne’matovni qiynab qo‘ydi. Ammo bu o‘yindagi oxirgi zarba bo‘ldi va «Nasaf» ketma-ket ikkinchi marta O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: