Toshkent hal qiladi: Chempionlik 21 yil o‘tib, poytaxtdan tashqariga chiqadimi?

Sport 16:52 / 29.10.2022 33640

23-tur bahslaridan keyin Superligada chempionlik uchun kurash yanada qizidi. Toshkent klublaridan «Bunyodkor» Qarshidagi dramatik o‘yinda (1:1) peshqadam «Nasaf»dan ochko tortib olgan bo‘lsa, «Olimpik» Namanganda  «Navbahor»dan (1:1) ochko olib, «Paxtakor»ning 2-o‘ringa chiqishiga «hissa» qo‘shdi. Natijada oltin medalga da’vogarlar – Qarshi, Toshkent, Namangan jamoalarini turnir jadvalida bor yo‘g‘i 2 ochko ajratib turibdi. Jamoalarni kutib turgan hal qiluvchi so‘nggi 3 o‘yiniga nazar tashlab, chempionlik masalasi poytaxtda hal bo‘lishini tushunish qiyin emas.

1. «Nasaf» - 46 ochko

So‘nggi 3 turdagi o‘yinlari:

24-tur. «Nasaf» - «Dinamo» (3 noyabr)

25-tur. «Nasaf» - «Neftchi» (7 noyabr)

26-tur. «Olimpik» - «Nasaf» (11 noyabr)

Turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqilsa, «Nasaf»ning taqvimi nisbatan osondek ko‘rinadi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari Buxorodagi kubok finalidan 4 kun o‘tib, Qarshida musobaqa autsayderi «Dinamo»ni qabul qiladi. Vadim Abramov murabbiyligidagi klub elita bilan xayrlashishi rasman ma’lum bo‘lgach, peshqadamga qarshi qanday motivatsiya bilan o‘ynashi noma’lum. Katta ehtimol mezbonlar chempionlik sari navbatdagi qadamni tashlaydi.

7 noyabr kuni esa «Nasaf» «Neftchi»ni qabul qiladi. Levchenko shogirdlari ketma-ket g‘alabalardan keyin ligada qolish vazifasini bajargach, oxirgi 3 o‘yinda omadsizlikka uchradi – 2 mag‘lubiyat va 1 durang. Himoyada ancha tartibli o‘ynayotgan farg‘onaliklar «Nasaf»ga muammo yaratishga urinishadi, ammo 10 yildan buyon Qarshida g‘alaba tugul, durang ham qayd etmagan «Neftchi»ning Sarkisyan davridan buyon davom etayotgan qora an’anaga chek qo‘yishiga ishonish qiyin.

Foto: Nasaf FK

«Nasaf» uchun chempionlik o‘yiniga aylanishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuv Toshkentda o‘tadi. Vohaliklar 8 kun ichidagi 3-o‘yinida «chaqilmas yong‘oq» jamoaga aylanishga ulgurgan «Olimpik»ga qarshi saf tortadi. Temur Kapadze shogirdlari 1-davrada Qarshidan ochko bilan qaytgandi. Bu safar ham o‘ziga xos sensatsiya qayd etishga urinishi aniq. Har holda bu yil «olimpiyachilar»ni Superligada na «Navbahor», na «Paxtakor» mag‘lub eta oldi. Kapadze – Berdiyev to‘qnashuvida «Olimpik» bu safar ham «Nasaf»dan ochko tortib olsa, dastlabki trioga mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoaga aylanadi va bu orqali «Paxtakor» yoki «Navbahor»ga katta yordam berishi mumkin.

2. «Paxtakor» - 45 ochko

24-tur. «Paxtakor» - «So‘g‘diyona» (3 noyabr)

25-tur. «Paxtakor» - «Qizilqum» (7 noyabr)

26-tur. «Bunyodkor» - «Paxtakor» (11 noyabr)

So‘nggi turda Toshkent jamoalarining «Nasaf» va «Navbahor»dan ochko tortib olishi «Paxtakor»ning navbatdagi chempionlik sari imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi. Chunki Maksim Shatskix shogirdlari 9 kun ichidagi so‘nggi 3ta turda ham Toshkentdan tashqariga chiqmaydi. Tig‘iz vaqt va zich taqvimda safarlarga chiqmay, o‘z qarorgohida tayyorgarlik ko‘rish qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini murabbiylar shtabi yaxshi biladi.

Taqqoslashingiz uchun, «Navbahor» kubok finali bilan hisoblaganda 12 kun ichidagi 4 o‘yin uchun Namangandan qariyb 800 km yo‘l bosib Buxoroga borishi, keyin esa Toshkent kelishi («Lokomotiv» bilan o‘yin), 4 kun o‘tib Bekoboddagi o‘yinga («Metallurg») borishi va Namanganga qaytib, 11 noyabr kuni maydonga (OKMK) tushishi kerak. «Nasaf» ham Qarshidan Buxoroga finalni o‘tkazib qaytishi, «Dinamo» va «Neftchi»ga qarshi o‘ynab, 450 kilometr masofani bosib, «Olimpik»ga qarshi bahs uchun Toshkentga kelishi lozim. Ko‘rinib turibdiki, Superliganing hal qiluvchi pallasidagi o‘ziga xos «Boxing day» «Paxtakor» uchun ayni muddaodek ko‘rinmoqda.

Foto: Paxtakor FK

Qolaversa, «Paxtakor» keyingi ikki turda sovrinli o‘rinlardan umidini uzib, hattoki autsayderlarga ham ochko ulashishda davom etayotgan «So‘g‘diyona» va «Qizilqum»ni qabul qiladi. So‘nggi 26-turda esa hamshahri «Bunyodkor»ga qarshi saf tortadi. Boshkovich shogirdlari «Navbahor»ni mag‘lub etib, «Nasaf»dan ochko tortib olib, endi «Paxtakor»ga uch ochkoni shunchaki qo‘shqo‘llab topshirmasligi aniq. 

3. «Navbahor» - 44 ochko

24-tur. «Lokomotiv» - «Navbahor» (3 noyabr)

25-tur. «Metallurg» - «Navbahor» (7 noyabr)

26-tur. «Navbahor» - OKMK (11 noyabr)

Uch da’vogar orasida «Navbahor»ning taqvimi nisbatan qiyinroq. Samvel Babayan shogirdlari Buxorodagi finaldan keyin 3 noyabr kuni «Lokomotiv»ga qarshi saf tortadi. Toshkentdagi o‘yin «temiryo‘lchilar» uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Korostichenko murabbiyligidagi «Loko» Namangan klubiga ham mag‘lubiyatga uchrasa, «Dinamo»dan keyin ligani tark etishga asosiy da’vogarga aylanadi. Bu jamoa o‘zaro oxirgi uch o‘yinida «Navbahor»ga faqat mag‘lub bo‘lmoqda.

Foto: Lokomotiv

«Lochinlar»ning 7 noyabr kungi parvozi Bekobodda bo‘ladi. Ispan murabbiylari qo‘l ostidagi «Metallurg» Superligadagi so‘nggi 5 o‘yinidan 4tasida g‘alabaga erishganini inobatga olsak, «Navbahor»ni navbatdagi jiddiy sinov kutib turibdi. Vodiyliklar 1-davrada ham «Metallurg»ni mag‘lub eta olishmagandi (0:0).

Qolaversa, yakuniy turdagi OKMKga qarshi kechadigan bahs ham oson kechmasligi aniq. Sababi, uchlikdan tashqari, faqatgina Mirjalol Qosimov shogirdlari hali bronza medalidan umidini uzgani yo‘q. «Navbahor» so‘nggi turgacha ochko yo‘qotmagan taqdirda ham, 11 noyabr kuni «Bunyodkor» va «Olimpik»dan umid qilishga majbur. Mo‘jiza ro‘y bersagina bosh sovrin dovon osha vodiyga yo‘l olishi mumkin.

Xulosa

Taqvimdan ko‘rinib turibdiki, katta ehtimol bilan intriga so‘nggi turning so‘nggi daqiqalarigacha davom etadi va barchasi 11 noyabr kuni Toshkentda hal bo‘ladi. Poytaxt klublarining 21 yillik hukmronligi davom etishi yoki chempionlik Toshkentdan tashqariga chiqishi, faqat «Nasaf» yo «Navbahor»ga emas, Toshkent klublarining so‘nggi turdagi natijasiga ham bog‘liq. Agar, ungacha maydondagi uchinchi jamoa – hakamlar avvalgi o‘yinlarda kuzatilgan chempionlik taqdiriga ta’sir qiluvchi xatolarga yo‘l qo‘yishmasa...

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: