«Migrantlarni qulga aylantirish uchun imkoniyat» - Rossiyadagi o‘zbeklar uchun yangi muammolar haqida

Jamiyat 11:30 / 29.10.2022 94417

Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga huquqiy yordam berish bilan shug‘ullanib kelayotgan asli o‘zbekistonlik huquqshunos Valentina Chupik Kun.uz bilan suhbatda Rossiyada qabul qilinishi rejalashtirilayotgan hujjatga ko‘ra ushbu mamlakat mehnat muhojirlari uchun haqiqiy migratsiya konslageriga aylantirilishi haqida gapirdi.

— Siz bilan muhojirlarimiz haqida, shu bilan birga Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbeklarimiz haqida suhbat qilgandik, harbiy safarbarlik sharoitida qanday yo‘l tutishlari kerakligi haqida. O‘ylaymanki, sizda bu haqda aytadigan, tavsiya qiladigan, ogohlantiradigan gaplar to‘planib qolgan...

— Avvalo sizlarga va boshqa ommaviy axborot vositalariga, harbiy safarbarlik e’lon qilingan birinchi kundan boshlab Rossiyani tark etish zarurligi haqida ma’lumot tarqatganlarga katta rahmat aytmoqchiman. Biz siz bilan uddaladik, bu yordam berdi – urushga ketayotganlarning dahshatli to‘lqinini pasaytirdi. Natijaga erishganimizdan juda xursandman.

O‘ylaymanki, biz ko‘pchilik migrantlar uchun safarbarlik munosabati bilan Rossiyada nima sodir bo‘layotganini tushunish muammosini hal qildik: bu ularga hech qanday yaxshilik olib kelmasligini ular tushunishdi. Ular buning zo‘ravonlik ekanligini, jinoyat ekanligini tushunib yetishyapti va ularning ko‘pchiligi Ukrainaga borishni xohlamayapti. Garchi alohida istisnoli holatlar, u yerga borishni istaganlar bor bo‘lsa-da. Mana hozirgina men Ukrainaga borishni istaganlardan biri bilan gaplashdim...

Valentina Chupik

Nima derdik, har kim o‘z joniga qasd qilish yo‘lini o‘zi tanlaydi, albatta... Agar inson o‘zini sharmanda qilmoqchi bo‘lsa, oilasini sharmanda qilmoqchi bo‘lsa, bu uning tanlovi.

Keling, endi migrantlar uchun eng dolzarb bo‘lgan narsalar haqida gapiraylik.

Shu kunlarda [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Rossiya xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda migratsiya masalasi yopiq eshiklar ortida muhokama qilindi. Natijada, «migrantlar insoniyatning asosiy dushmani» deb e’lon qilingan sirli hujjat paydo bo‘lgan. Menimcha, bu hujjatning o‘zi soxta, chunki hujjatlar bunday rasmiylashtirilmaydi, lekin xavfsizlik kengashi yig‘ilishi qanday ruhiyatda o‘tganini anglatadi.

Mujda to‘g‘ri va aniq yetkazilgan: ular muhojirlarni dushmanga aylantirmoqchi. Muhojirlar Rossiyani tark etayotganini tushunishyapti. Migrantlarni nafaqat Ukrainaga «go‘sht» vazifasini bajarish uchun, balki Rossiyada qullik sharoitida mudofaa buyurtmalarida bepul ishlatish mumkinligini tushunishyapti. Ular shu tarzda muammolarini hal qilishga urinishyapti.

Ammo soxtamas, haqiqiy hujjat ham bor, bu – «Chet el fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turishi va kirishi (chiqishi) shartlari haqida» degan qonun loyihasi. Bu haqiqiy va juda xavfli hujjat.

Ular nimani o‘ylab topishdi? Muhojirlarni ma’lum bir ish beruvchiga bog‘lash kerak degan fikrni ilgari surishmoqda. Aftidan, chet el fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida harakatlanishi, ketishi va yashashi to‘g‘risidagi qonun loyihasini zudlik bilan qabul qilishga kirishiladi. Qonun loyihasi Rossiyani migratsiya konslageriga aylantiradigan darajada dahshatli. Nimaga tayyor bo‘lish kerakligini avvaldan bilish uchun men bu hujjatni bosqichma-bosqich tushuntirib beraman.  

Birinchidan, hozir «180dan 90» qoidasi bor. Bunda kishi 6 oyda jami 90 kun davomida Rossiyada bo‘lishi mumkin. Ya’ni kishi deylik, avval bir haftaga, keyin bir yarim oyga, keyin 11 kunga, keyin yana qanchadir kunga va bu jami olti oy davomida 90 kunni tashkil qilishi bilanoq, u Rossiyaga kelish huquqini yo‘qotadi.

Yangi qonun loyihasida esa «365dan 30» qoidasi belgilanyapti! Unga ko‘ra bir kishi Rossiyada yiliga jami 30 kun qolishi mumkin bo‘ladi... Deylik, ikki kunga keldi, keyin esa yana bir haftaga, keyin yana sanoqli kunga, bu davrda patent olishga ulgurmagan bo‘lsa, shu bilan tamom... migrant 5 yilga deportatsiya qilinadi.

Keyingisi, bu o‘sha mashhur ro‘yxatga olish jarayoniga tegishli. Ushbu qonun loyihasida uzoq muddatga qoladigan migrantlarga mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tish huquqini berishni istashyapti chamasi, ammo davlat xizmatlari portali orqali. Lekin bu portal migratsiya qismida hech qachon ishlamagan. Misol uchun, migrantlardan qaysi biri davlat xizmatlari portali orqali vaqtinchalik yashash uchun ruxsat olish mumkinligini biladi? Hech kim bilmaydi. Bu shuni anglatadiki, migrantlar hali ham o‘zlarini ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydilar. Ammo ular zudlik bilan shaxsini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak – migratsion hisobot uchun... Ya’ni mamlakatga kirganingiz zahoti migratsiya ro‘yxatida bo‘lishingiz kerak.  

Bu hali hammasi emas, siz Glonass koordinatalari bo‘yicha kuzatib borilasiz endi: o‘ngga, chapga – deportatsiya. Ammo bu endi «deportatsiya» emas, «ma’muriy chiqarib yuborish» deb ataladi. Deportatsiyadan nimasi bilan farq qiladi – aniq emas.

Keyingisi. Rossiyaga 30 kundan ortiq muddatga kelgan muhojir tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, rus tili, Rossiya tarixi va madaniyati bo‘yicha imtihonlardan o‘tishi va, diqqat qiling, Rossiyaga sodiqlikka qasamyod qilishi kerak bo‘ladi. Bu «sodiqlik bitimi» deb ataladi va kishi Rossiya Federatsiyasining barcha qonunlariga rioya qilishga va unga nisbatan davlat organlari tomonidan qabul qilingan migratsiya masalalari bo‘yicha hech qaysi qaroriga e’tiroz bildirmaslikka va’da beradi. Ya’ni migrant bunday sodiqlik bitimi imzolash orqali darhol sud va ma’muriy himoyani yo‘qotadi.

Bundan tashqari, «sodiqlik hujjati»ga imzo chekmagan migrant deportatsiya qilinadi. Keyin, bundan buyog‘iga migrant patentni o‘zi rasmiylashtira olmaydi. Ya’ni u patent olishi shart, ammo patent olish uchun biror kim tomonidan tasdiqlangan, tartibi noma’lum bo‘lgan qoidalar bo‘yicha tasdiqlangan vakansiya bo‘lishi kerak.

Shuningdek, ish beruvchilar «chet ellik ishchilarni taklif qilayotgan ish beruvchilarning maxsus elektron reyestri»da ro‘yxatdan o‘tishlari va u yerda o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni kiritishlari hamda chet ellik ishchilarni qabul qiladigan bo‘sh ish o‘rinlarini kiritishlari kerak bo‘ladi.

Tasavvur qiling, siz o‘zbek restorani egasisiz va sizga, masalan, ikki oshpaz, olti ofitsiant kerak. Siz bularning barchasini reyestrga kiritasiz va keyin, deylik, idish-tovoq yuvish mashinangiz buzilib qoldi. Siz idish-tovoq yuvish uchun odam yollashingizga to‘g‘ri keladi. Agar ilgari ofitsiantingizdan qo‘shimcha pul to‘lash evaziga qozonlarni ham yuvishni so‘ragan bo‘lsangiz, endi bunday qilish ketmaydi. Endi ofitsiant qozonlarni tozalasa, siz million rubl jarimaga tortilasiz.

Bundan tashqari, ushbu bo‘sh ish o‘rinlari tasdiqlanadigan muddatlar belgilanmagan, har bir talab qondiriladimi, yo‘qmi – bu ham aniq emas. 2006 yilgacha bo‘lgan – kvota tizimi kabi bo‘lishini anglatadi bu. Bundan tashqari, bu qaror mehnat vizalari rejimini ham anglatadi, chunki oldindan tasdiqlangan vakansiyaga ega bo‘lmagan migrant Rossiyaga borib, o‘zi uchun patent ololmaydi.

Bundan tashqari, endilikda mehnat shartnomalari elektron shaklda tuziladigan bo‘ladi. Ya’ni agar hozir bir muhojir bizga murojaat qilib, menga oylik to‘lashmayapti, mana mehnat shartnomam desa, biz ish beruvchi bilan gaplashishga boramiz. Endi esa migrantlar menga kelib: menga maosh to‘lanmayapti, deyishsa va men o‘sha ish beruvchi qayerdaligini so‘rasam, migrant «bilmayman, men mana bu avtobus bekatidan 400 metr uzoqdagi joyda ishlayman» deyishi mumkin va bunga dalil ham bo‘lmaydi.

Chunki migrantda hamma narsa elektron ko‘rinishda bo‘ladi va bu ma’lumotlar IIV bazasidagina bo‘ladi, boshqa hech kimda bo‘lmaydi. Shunda migrantni pul to‘lamasdan ishlatsa bo‘ladimi? Ha.

Bundan tashqari, hozir migrantning o‘zi patent uchun to‘lasa, u bu borada ish beruvchiga qaram bo‘lmaydi, u Rossiyaga kirish muddatini uzaytirishi mumkin, qonuniy ravishda Rossiyada bir vaqtning o‘zida bir necha ish beruvchilarda ishlashi mumkin va qayerda ishlashni o‘zi tanlaydi va patent uchun to‘lagan ekan, uni deportatsiya qilish mumkin emas.

Bularning bari yangi qonun bilan bir zumda yo‘q bo‘ladi. Ishchi uchun patent badallarini faqat ish beruvchi to‘laydi, xodim esa badalni to‘lash huquqiga ega bo‘lmaydi. Migrantlarni qulga aylantirish uchun ajoyib imkoniyat. Ish beruvchi migrantni patent to‘lamaslik bilan shantaj qiladi, deportatsiya bilan qo‘rqitadi.

Yoki ish beruvchi vijdonli bo‘lsa-yu, shunchaki patentni to‘lash uchun hisobida pul bo‘lmasa, unda uning barcha xodimlari deportatsiya qilinadi. Yoki ish beruvchining hisoblari ma’lum sabablarga ko‘ra bloklab qo‘yilgan bo‘lsa, Rossiya soliq inspeksiyasi bilan tez-tez sodir bo‘lgani kabi tasodifan barcha hisoblarni bloklab qo‘yishgan bo‘lsa, migrantlar deportatsiya qiladi. Ajoyib, shunday emasmi?

Yana bir yangilik – endi YeOII hududidan kelgan barcha fuqarolar patent to‘laydi, barcha talabalar patent to‘laydi. Vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lganlar ham to‘laydi va bu patent faqat ma’lum bir kasb uchun va faqat ma’lum bir mintaqa uchun bo‘ladi va siz uni o‘zgartira olmaysiz. Buni qilish uchun elektron reyestr kerak bo‘ladi, ishchilar boshqa mintaqada ish beruvchilarni topishlari, u yerga kelishlari, patent olishlari va faqat ushbu ish beruvchi uchun ishlashi kerak bo‘ladi.

Bu mehnat qulligi, ishchining ish beruvchi va politsiyaga to‘liq qaramligidir. Yana yangilik – agar hozir migrantning pasportini olib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q bo‘lsa (chunki pasportlar davlatlar mulki hisoblanadi, masalan, O‘zbekiston pasporti muqovasining oxirgi sahifasini ochsangiz, bu pasport O‘zbekiston Respublikasi mulki va uning egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasida ekani yozilgan), endi Rossiyada chet el pasportlari migrantning shaxsini tasdiqlamaydi, endi migrantning shaxsini elektron karta, migrant ID-kartasi tasdiqlaydi. Ushbu kartada faqat kishining familiyasi va ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, fuqaroligi va amal qilish muddati yoziladi. Kartaning haqiqiy amal qilish muddati istalgan soniyada davlat organlari tomonidan qisqartirilishi mumkin bo‘ladi va migrant bu haqida bilmaydi ham.

Uning registratsiyasi, yashash huquqi, patenti istalgan soniyada bekor qilinishi mumkin va u bu haqda bilmaydi! Chunki uning kartasida faqat familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, fuqaroligi yozilgan, qolgan hamma narsa Glonass tomonidan kuzatilgan chipda shifrlangan, ushbu ma’lumotlar bazasiga esa faqatgina Ichki ishlar vazirligi kirishi mumkin bo‘ladi.

Odam o‘zi qanday holatda ekani, Rossiyada qonuniymi yoki yo‘qligini bilmaydi... va endi har qanday politsiyachi migrantni «men bazaga qaradim, senda bu noto‘g‘ri ekan, kel, kelishamiz yoki seni deportatsiya qilaman» deb shantaj qilishi mumkin.

Yoki shunchaki militsioner yoki ish beruvchi yoki biror dushmaningiz sizning ID-kartangizni olib qo‘ydi, tamom, siz Rossiyada noqonuniy yashayapsiz. Va siz deportatsiya qilinishingiz kerak. Ya’ni Rossiyada ushbu qonun yordamida migrantlar uchun mutlaqo umidsiz vaziyat shakllantirilyapti.

Bundan tashqari, «nazorat ostida qolish» rejimi joriy etilyapti. Bu barcha Rossiya politsiyachilarining orzusi. Birinchidan, nazorat ostiga patenti o‘z vaqtida to‘lanmagan barcha migrantlar olinadi. Bu rejimga barcha bemor migrantlar ham joylashtiriladi... Ma’muriy qaror ijrosi kechiktirilgan barcha migrantlar. Deylik, shaxs o‘ziga chiqarilgan qarorlar ustidan shikoyat qiladi, u esa nazorat ostida qolish rejimida. Yoki o‘sha odamga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan, (masalan, mening tajribamda bo‘lgan – 72 yoshli, 20 yildan beri beva qolgan ayolga sifilis tashxisi qo‘yilgandi...)

Nazorat ostiga olingan qolish rejimi nima? Bu xuddi shartli sudlanganlar kabi. Ular doimiy ravishda «uchastkavoy» oldiga borib, belgi qo‘ydirishi kerak va politsiya xodimi ularning qayerda yashayotganini tekshirish huquqiga ega.

Go‘yo uchastka nozirlarining qiladigan ishi yo‘q, ular muhojirlarning orqasidan kuzatishadi. Yana bir ajoyibot – migrant kasalxonada yotibdi, yonida politsiya o‘tirishi kerak bo‘ladi. Yoki barcha kasal migrantlarni bitta katta kasalxonada saqlashga to‘g‘ri keladi. Bu esa – konslager degani! Shunchaki konslagerdagi bir kasalxona! Mana shunday ajoyib qonun loyihasini ular tayyorlagan.

Shunday ekan, hukumatlarimiz ikki yo‘nalishda fikr yuritishi kerak.

Birinchisi, bu – millionlab muhojirlarimiz uchun alternativ mamlakatlar izlash. Ikki-uch ming ishchi uchun ish izlash yaxshi, lekin 3-4 million odam uchun ish kerak bo‘ladi.

Ikkinchi yo‘nalish bu – Rossiya hukumati bilan ishlash. Ularga tushuntirishga urinish kerak: soliqlaringiz kamayadi, chunki patentni hech kim to‘lamaydi, chunki migrantlarni yollashning bunday murakkab qoidalari ularni noqonuniy yollashga olib keladi, davlatingizda korrupsiya ko‘payib ketadi deyish kerak (Menimcha, o‘zi bu qonun loyihasini kimdir aynan migrantdan istalgan vaqtda sababsiz pora olishini ta’minlash uchun tayyorlangan). «Sizlarda hech qanday tarzda nazorat qilib bo‘lmaydigan ulkan korrupsiya bor, u yanada kuchayadi, bu esa sizda nazoratsiz pastki qatlam politsiyachilardan iborat kuch yanada kuchayadi, davlat to‘ntarishini qilishga qodir bo‘lgan kuch bu», deb tushuntirish kerak ularga.

— Bu yerda migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish istagi ko‘rinmayaptimi?

— Yo‘q, bu yerda muhojirdan pora olish istagi bor.

— Siz hukumatlarimizga ikkita ko‘rsatma berdingiz, chamasi uchinchisini ham berish kerak – har bir mamlakat o‘zida islohotlar o‘tkazishi va ish o‘rinlari yuzaga kelishini ta’minlashi kerak.

— Shubhasiz. Menimcha, birinchi tavsiyani islohotlarsiz bajarish mumkin ham emas. Hozirgi vaziyat o‘ta yomon – millionlab past malakali ishchilarni Rossiyaga «yetkazdik». Ishchilarni chet elga yuboruvchi normal, raqobatli servis yo‘lga qo‘yilishi kerak. Ungacha biz bilan rivojlangan mamlakatlar ishlamaydi.

Biz tilga olgan qonunni qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiya ommaviy axborot vositalarida migrantlarni yomonlash kampaniyasi boshlanib ketdi. Ular mutlaqo natsistik mazmunda. Bu sof ekstremizmdir. Normal mamlakatda, hatto bir necha yil oldin Rossiyaning o‘zida ham, bunday maqolalar mualliflari qamoqda o‘tirgan bo‘lardi. Ammo hozir bu davlat OAVda taqdim etilmoqda va yuqori darajada yoritilmoqda, bu hayot normasiga aylandi.

Bu ochiq-oydin fashistik davlatga o‘tish jarayonidir. O‘ylaymanki, bunday maqolalar – ichki ishlar vazirligining buyurtmasi bo‘lib, maqolalarning soni ko‘payadi.

Yana bir qiziq jihat – Rossiya prezidenti huzuridagi «Inson huquqlari kengashi» mutlaqo fashistik tashkilotga aylandi...  Avvallari bu kengash tarkibiga huquq faollari kirardi...  Endilikda kengash armiyada xizmat qilish muddatini o‘zbek, tojik, qirg‘izlar uchun uzaytirish kabi masalalarni ko‘rib chiqyapti... Endilikda Inson huquqlari kengashining kun tartibida rus tilida bo‘lmagan har qanday shior va reklamani taqiqlash, vaqtinchalik yashash va birgalikda yashash uchun ruxsat berish uchun asoslar ro‘yxatini qisqartirish, Rossiyada mutlaqo qonuniy turgan migrantlarning qolish muddatini qisqartirish kabi masalalar o‘rin olgan.

Ya’ni inson huquqlari kengashi o‘zini natsizmga va migrantlarni delegalizatsiya qilishga bag‘ishladi.

Qachonlardir bu tashkilotda mening 6 nafar do‘stim bor edi. Hozir u yerda mening do‘stlarim yo‘q, ular yo vafot etdi yoki ishdan ketdi. Keyin shu ahvolga keldi bu tashkilot. Qarab uyalib ketaman.

Shuning uchun, aziz muhojirlar, ishlash uchun normal bo‘lgan mamlakatlarni qidiring. 206 mamlakat bor. Deyarli hammasi hozirgi Rossiyadan yaxshiroq.

Til o‘rganing. Yevropaning ulkan ish bozori bor, Amerikaning ulkan bozori bor. Ishonmaysiz, hatto Afrikaning ulkan bozori bor – u yerda malakali mutaxassislarga talab katta va maosh Yevropanikidan yaxshiroq. Siz haqiqatan ham u yerga borishingiz mumkin, xayolingiz possovet hududiga bog‘lanib qolmasin. Dunyo anchagina keng va siz bilgandan yaxshiroq ekanini tushunib oling. Tillarni o‘rganing, tizimli ta’lim oling. Rossiyadan ko‘ra sizni yaxshiroq kutib oladigan, kamroq kamsitadigan va kamroq talon-toroj qilingan yurtlarga boring.

Va shu yerda hukumatlarimizga murojaat qilaylik. O‘zimizda mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarishsin. Tizimli islohotlar o‘tkazilmayotgani sabab biz sezilarli oldinga siljimayapmiz, bir joyda turib qolganmiz. Masalan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi islohoti aholining ish bilan ta’minlanishi uchun katta imkoniyatdir. Lekin...

Hukumatlarimizdan bir-birining oldida o‘zini ko‘rsatish o‘rniga, hamkorlikni boshqa bosqichga olib chiqishlarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki bizda haqiqiy umumiy manfaatlar mavjud.

Rossiya siyosati ko‘p holatlarda bizni bo‘lib tashlash va hukmronlik qilishga qaratilgan. Shuning uchun bir-birimiz bilan hamkorlik qilishning yo‘llarini izlashimiz kerak, buni yangi maqomga chiqarishimiz kerak. Davr chaqirig‘i bu. Rossiya bilan do‘stlik, odatda, muammolarni keltiradi. Lekin agar biz – mintaqadagi mamlakatlar do‘st bo‘lsak, Rossiya bilan bo‘ladigan bu muammolarni hal qila olamiz. Zero, mamlakatlarimizning jami aholisi Rossiya bilan solishtirish mumkin bo‘lgan holga kelib qolgan.

— Katta rahmat.

— Suhbatlashishdan hamisha xursandman, Shokir.

Ko‘proq yangiliklar: