Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7 iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-309-sonli qarori hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Unda Respublikaning 15 tadan ortiq Oliy ta’lim va ilmiy tekshirish institutlaridan 100 tadan ortiq yosh olimlar va mutaxassislar qatnashishdi.
Anjumanni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, mazkur sohada ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga to‘g‘ridan to‘g‘ri tatbiq qilish bugungi kungi eng asosiy vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Ta’lim va ilmiy-izlanish tashkilotlari rahbar hamda mutaxassislari, talaba va izlanuvchilar, yana bir tomondan esa ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari bir jamoa bo‘lib bu anjumanda ishtirok etayotganining o‘zi dastlabki yutuq deb bilaman, deb ta’kidladi Mehriddin Abdullayev.
Bugungi anjumanning maqsadi – neft va gaz sohasida har uch tomon, ya’ni Hukumat, ta’lim, ilm-fan sohasi va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, neft va gaz ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar bilan tanishish, shuningdek boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish uchun yagona maydon yaratishdir.
Yuqorida qayd etilgan qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” jamiyatining 3 ta ishlab chiqarish korxonalari, 6 ta ta’lim tashkiloti va 4 ta ilmiy-tadqiqot va malaka oshirish muassasalaridan iborat Neft va gaz sohasidagi ta’lim-ishlab chiqarish klasteri tashkil etildi.
Oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayonlariga ishlab chiqarish korxonalarining 20 nafar malakali va tajribali mutaxassislari jalb qilindi, 1318 nafar talaba hamda 48 nafar professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot va stajirovka o‘tishi tashkil etildi, 27 nafar iqtidorli talabalari uchun ishlab chiqarish korxonalari stipendiyalari joriy etildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish korxonalarining 24 nafar xodimiga bakalavriaturada va 6 nafar xodimiga magistraturada o‘qish uchun tavsiyanoma berildi va shartnoma to‘lovlari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga tegishli bo‘lgan Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi “UNG training” korxonasi tasarrufiga o‘tkazildi va “O‘zbekneftgaz” AJ mablag‘lari hisobidan o‘quv markazi binosini to‘liq rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy talablar asosida jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘quv markazining ta’lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan Rossiya Federatsiyasining I.M.Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti hamda Kogalym politexnika texnikumi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tashabbusi bilan anjumanda qatnashayotgan yosh olimlarni rag‘batlantirish maqsadida uchta nominatsiya bo‘yicha “Eng yaxshi amaliy loyiha”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha” va “Eng yaxshi yosh olim” yo‘nalishlari bo‘yicha hamda seksiyalar g‘oliblarini aniqlash yuzasidan tanlovlar o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindorlarga mukofot va esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun “Uzbekistan GTL” korxonasining ishlab chiqarish jarayonlari hamda zamonoviy kimyoviy laboratoriyasi moddiy texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirish uchun ekskursiya tashkil etiladi.
Anjuman kun tartibiga ko‘ra, 28 oktabr kuni tanlov natijalari hamda “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan talaba yoshlarni yuqori salohiyat va istiqbolga ega bo‘lgan mutaxassis etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagog xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida birinchi bor o‘tkazilayotgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi g‘oliblari taqdirlash marosimlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Anjuman dasturidan o‘rin olgan yalpi yig‘ilish va 4 ta shu’ba yig‘ilishida “Geologiya-qidiruv ishlari va neft-gaz konlarini ishlatishdagi innovatsiyalar”, “Neft va gazni qayta ishlash bo‘yicha innovatsion tadqiqotlar”, “Neft va gaz kompleksida barqaror rivojlanish (ESG) tizimini takomillashtirish” va “Neft va gaz sohasida raqamlashtirish tizimini takomillashtirish” mavzulari bo‘yicha yosh olimlar va ekspertlar o‘zaro tajriba almashishadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ