Dembele to‘rt golda qatnashdi, «Barsa» yana ikki futbolchisidan ayrildi. Kun o‘yinlari yakunlari

Sport 17:06 / 24.10.2022 26314

Angliya: «Arsenal» ochko yo‘qotishi va Llorisning qora kuni

Sauthempton – Arsenal 1:1
Gollar: 0:1 – 11 Jaka, 1:1 – 65 Armstrong.
Sauthempton – Bazunu, Voynovich, Chaleta-Tsar, Salisu, Perro, Elyunussi, Armstrong (Edozi, 80), Uord-Prouz, Diallo, Aribo (Adams, 73), Armstrong (Uolkott, 73).
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tirni, 72), Gabriel, Saliba, Tomiyasu, Djaka, Parti, Edegor (Fabiu Viyeyra, 83), Saka, Gabriel Jyezus, Martinelli (Nketia, 71).

«Arsenal» ortidan «Manchester Siti» ta’qib qilib kelayotganini sezmayotgandek. «Kanonirlar» shunchaki maydonga chiqishadi va natija ko‘rsatishadi. Ha, ular buni chiroyli ham qilishadi, Saka tovoni bilan pas beradi, to‘pni undan qabul qilib olgan Uayt ideal kross amalga oshiradi, Chaka darvoza tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llaydi. Avvalgi o‘yinlarda jamoa hisobni ochib olgach, o‘yinni g‘alabaga qadar olib borayotgandi, ammo yakshanba kuni londonliklar juda ko‘p vaziyatlarini ko‘kka sovurishdi.

«Avliyolar» esa umidsiz holatda ko‘rinmadi va qarshi hujumlarda vaziyat poylashdi. Gabriel Jyezus navbatdagi qulay imkoniyatdan foydalana olmaganida, Elyunussi a’lo darajada kesib o‘tuvchi pas uzatib, Styuart Armstrong hisobni tenglashtiruvchi golni urishini ta’minladi. O‘yin xarakteri o‘zgardi, jamoalar o‘yini nisbatan tenglashdi. Mikel Arteta navbatdagi g‘alabaga erisha olmadi, endi «Siti» bilan oradagi farq — atigi ikki ochko.

Tottenhem – Nyukasl 1:2
Gollar: 0:1 – 31 Uilson, 0:2 – 40 Almiron, 1:2 – 54 Keyn.
Tottenhem – Loris, Emerson, Dayyer, Langle (Devis, 81), Sanches (Doerti, 81), Sessenon (Perishich, 61), Bentankur, Bissuma, Skipp (Lukas Moura, 66), Son Hyon Min, Keyn.
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Bruno Gimaraes (Shelvi, 89), Longstaff, Uillok (Merfi, 75), Almiron, Uilson (Vud, 88), Joelinton.
Ogohlantirishlar: Bentankur (31), Sessenon (59), Skipp (66), Uilson (68), Poup (84), Emerson (90).

Yakshanba kuni «Tottenhem» darvozaboni Ugo Lloris uchun qora kunga aylandi. Avvaliga u himoyachilar o‘rnini egallashga urinib, jarima maydoni tashqarisiga yugurib chiqdi va Uilson bilan to‘qnashuvdan keyin gazonga yiqildi, «Nyukasl» forvardi esa bo‘sh qolgan darvozani aniq nishonga oldi. «Shporlar»ning noroziligi va VAR aralashuvi yordam bermadi: arbitr maydon markazini ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay Lloris to‘pni sheriklariga yetkazib berishda xatolikka yo‘l qo‘ydi va to‘pni egallab olgan Almiron jarima maydoniga yorib kirganida sirg‘anib ketib, o‘tkir burchakdan yo‘llangan zarbani o‘tkazib yubordi.

Antonio Konte jamoasi o‘yin davomida ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘lgan bo‘lsa-da — faqat Keynning bir goli bilan javob qila oldi. Harri chempionatdagi gollari sonini o‘ntaga yetkazdi, buning uchun unga 12 o‘yin yetarli bo‘ldi. U ayni vaqtda faoliyatidagi eng samarali startini o‘tkazmoqda — ammo Holandning ko‘rsatkichlari fonida bu u qadar yuqori natija bo‘lib ko‘rinmayapti. «Qarg‘alar» esa turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi va uchinchi o‘rinda borayotgan «Tottenhem» bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirdi.

Ispaniya: Dembelening benefisi

Barselona – Atletik 4:0
Gollar: 1:0 – 12 Dembele, 2:0 – 18 Serdji Roberto, 3:0 – 22 Levandovski, 4:0 – 73 Ferran Torres.
Barselona – ter Stegen, Serdji Roberto, Kunde (Alonso, 63), Erik Garsiya, Balde, Buskets, de Yong, Pedri (Ferran Torres, 63), Gavi (Kessie, 34), Levandovski (Fati, 63), Dembele (Torre, 77).
Atletik – Unai Simon, De Markos (Lekue, 60), Martines, Yyeray Alvares, Berchiche, Errera (Dani Garsiya, 21; Sanset, 60), Vesga, Sarraga (Vensedor, 70), Uilyams (Raul Garsiya, 70), Berenger, Uilyams.
Ogohlantirishlar: De Markos (16), Xavi (28), Buskets (71), Erik Garsiya (78), Vesga (89).

«Barselona» so‘nggi haftada klasikodagi mag‘lubiyatni yuvish uchun barcha ishni qildi. Payshanba kuni ko‘k-anorranglilar liganing eng kam gol  o‘tkazgan jamoasi «Vilyarreal»ga uchta gol urgandi, bu safar esa o‘yinning 22-daqiqasiga kelib «Atletik» mudofaasi yanchib tashlandi. Shu tufayli sport nuqtayi nazaridan barchasi juda tez hal bo‘ldi, basklar uchun shu oqshom Dembele haqiqiy dahshatga aylandi — fransuz yarimhimoyachisi o‘z hisobiga assistentlik het-trigini yozib qo‘ydi. Usmon o‘yinda hisobni ochganida Levandovski bilan rol almashib olgandi. Polyak uzatib berdi — Dembele boshi bilan darvozani aniq nishonga oldi.

Ammo «Kamp Nou»dagi bu o‘yin Gavining jarohat olishi bilan ham yodda oldi. Yosh yarimhimoyachi katta tezlikda Dani Garsiya bilan to‘qnashdi - raqib tizzasi uning chov qismiga kelib urildi. Yarimhimoyachini ma’lum vaqt davomida o‘ziga keltirishdi, u hatto o‘rnidan turib o‘yinni davom ettirmoqchi ham bo‘ldi, ammo murabbiy uni almashtirdi - u ko‘zda yosh bilan maydonni tark etdi.

Ikkinchi bo‘limda yana bir jarohat Xavining dilini xufton qildi, endigina yaxshi formaga kirib borayotgan Serji Roberto ham tibbiyot mashinasida, ko‘zida yosh bilan olib chiqib ketildi. Shunday ekan, yakshanba kuni katalonlar poytaxti g‘alabani o‘zi istagandek nishonlay olmadi. Oldinda esa jamoani yanada qiyin kunlar kutmoqda — jamoa Chempionlar ligasi pley-offiga chiqa olmasligi deyarli oydinlashgan.

Betis – Atletiko 1:2
Gollar: 0:1 – 54 Grizmann, 0:2 – 71 Grizmann, 1:2 – 84 Fekir.
Betis – Ruy Silva, Sabali (Ruibal, 76), Pesselya, Luis Felipe (Ruis, 20), Moreno, Guardado (Fekir, 75), Vilyam Karvalyu, Rodriges, Rodri (Xoakin, 65), Iglesias, Luis Enrike (Xuan Krus, 65).
Atletiko – Oblak, Molina, Savich, Ximenes, Reynildu, Saul (de Paul, 86), Kondogbia, Vitsel, Korrea (Joau Feliks, 76), Grizmann (Karrasko, 76), Morata (Mateus Kunya, 59).

«Atletiko» birinchi bo‘limda hech narsa ko‘rsata olmadi, ikkinchi bo‘lim boshlanganida esa raqib hududida jarima zarbasi ijro etilganidan keyin qarshi hujumda gol o‘tkazib yubordi. Ammo madridliklar baxtiga vaziyatga VAR aralashib, Borxi Iglesias ofsaydda bo‘lgani qayd etildi. Lekin bu vaziyat jamoani uyg‘otdi va Grizmann burchak zarbasidan gol urdi. Avvaliga gol Saul nomiga yozilgandi, ammo u ham, darvoza chizig‘i ustida o‘ng‘aysiz holatda turib qolgan himoyachi ham to‘pga tega olmagani ma’lum bo‘ldi — to‘p burchak nuqtasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri darvoza to‘riga kirgandi.

Grizmann hech qanday savolga o‘rin qoldirmaslik uchun hujumlarda faollikni davom ettirdi va raqib jarima maydonida sheriklari bilan devor uslubida harakatlanib, to‘pni Ruy Silvaning oyoqlari orasidan o‘tkazib, ikkinchi golni urdi. Ammo ikki gol ustunligi ham hali g‘alaba degani emasdi. Avvaliga Fekir jarima zarbasidan gol urib, hisobni qisqartirdi, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda esa Aleks Moreno juda qulay vaziyatga ega bo‘ldi, ammo gol urolmadi.

Yakunda «Betis» joriy chempionatda «Benito Vilyamarin» stadionida ilk bor ochko yo‘qotdi, Diyego Simeone esa to‘rtinchi o‘rin uchun Manuel Pellegriniga qarshi kechgan kurashda ustun keldi.

Italiya: Xvicha Mourinoga qarshi

Atalanta – Latsio 0:2
Gollar:
0:1 – 10 Dzakkani, 0:2 – 52 Felipe Anderson.
Atalanta – Sportello, Soppi (Mele, 64), Demiral, Okoli (Gimshiti, 46), Skalvini, Xatebur, de Ron (Ederson, 75), Pashalich (Malinovskiy, 46), Kopmeyners, Lukman (Sapata, 71), Muriel.
Latsio – Provedel, Romanoli, Kazale, Marushich, Vesino, Kataldi (Bashich, 70), Milinkovich-Savich, Ladzari (Xyusay, 77), Felipe Anderson, Dzakkani, Pedro (Kancheleri, 84).
Ogohlantirishlar: Okoli (12), Soppi (45), Muriel (59), Kataldi (70), Milinkovich-Savich (88).
Chetlatish: Muriel (90).

Peshqadamlik poygasida birinchi qadamni yana «Atalanta» tashladi va tezda ta’qib qiluvchi jamoa holatiga tushdi. Jarohat olgan Immobile safda yo‘qligida «Latsio»da boshqa qahramonlar topildi va Dzakkani Pedroning uzatmasini golga aylantirdi. Bergamoliklarning hujumdagi ishlari yurishmadi. Djan Pero Gasperinining noroziligi nafaqat yuzida, balki qarorlarida ham aks etdi. Malinovskiy va Jimsiti birinchi bo‘lim tugamasdanoq faol mashg‘ulotlarga kirishdi. Ammo ikkinchi bo‘lim starti ham rimliklar ssenariysi bo‘yicha kechdi, Felipe Anderson esa brazilcha texnika qanday bo‘lishini namoyish etib berdi. U joyida turgan holda fint ishlatib, himoyachini dog‘da qoldirdi va to‘pni burchakka yo‘naltirdi.

«Latsio» «Atalanta»ni quvib o‘tib, uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bunda hech qanday tasodifiylik yo‘q — «burgutlar» olti o‘yindan iborat «quruq» seriyani davom ettirdi, bunaqasi jamoada 1998 yildan buyon kuzatilmagan. Shunday ekan, Mauritsio Sarri Sven-Yoran Eriksson grafigi bo‘yicha ketmoqda.

Roma – Napoli 0:1
Gol: 0:1 –
80 Osimxen.
Roma – Ruy Patrisiu, Karsdorp (Vinya, 82), Smolling, Manchini (El-Shaaravi, 82), Rojyer, Spinatssola (Eldor Shomurodov, 85), Kristante, Pellegrini, Kamara (Matich, 82), Dzanolo, Abraham (Belotti, 64).
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Kim Min Chje, Olivera, Lobotka, Zelinski (Gaetano, 75), Ndombele (Elmaz, 57), Losano (Politano, 75), Osimxen, Kvaratsxeliya.
Ogohlantirishlar: Smolling (22), Losano (45), Ndombele (47), Kristante (51), Rojyer (74), Olivera (78), Lobotka (79).

O‘yin arafasida Joze Mourinodan Kvaratsxeliyani qanday to‘xtatishi haqida so‘rashganida, hazillashib shunday degandi: «U texnik zona atrofidan o‘tayotganida, uning oyog‘idan chalishim mumkin». U shuningdek, «Napoli» albatta favorit ekani, ammo favoritlar ham ba’zida yutqazib turishini aytib o‘tgandi.

Xvicha Rimdagi o‘yinda ham faol bo‘ldi va foydali o‘ynadi. Ammo tan olish kerakki, u oldingi o‘yinlardagi kabi yorqin porlay olmadi, uni zararsizlantirish rejasi ish berdi. Kvaratsxeliya himoyachilardan birini aldab o‘tishi bilan ikkinchi futbolchi yo‘lni to‘sardi. Lekin himoyachilar faqat bir futbolchi haqida o‘ylashganida, boshqasiga erkinlik beriladi. Osimxenning birinchi urinishi nishondan biroz xato ketgan bo‘lsa, ikkinchi urinishda nigeriyalik futbolchi g‘alaba golini urdi. Gol o‘tkazib yuborilgach, Mourino futbolchilarni almashtirishga kirishdi, Vinya, El-Sha’roviy, Matich va Eldor Shomurodov maydonda paydo bo‘lishdi, ammo mag‘lubiyatdan qutulib qolishning imkoni bo‘lmadi. O‘yindan keyin Mourino «Napoli»ni haqli bo‘lmagan g‘alaba bilan tabriklashini aytib, tengkuchli almashtirishlar qila olmaganini qo‘shimcha qildi.

«Roma» turnir jadvalida YeChL kvartetidan tushib qoldi, «Napoli» esa «Milan»dan uch ochkoga o‘zib ketgan holda birinchi o‘rinda.

Germaniya: yetakchi autsayderga yutqazdi

Boxum – Union 2:1
Gollar: 1:0 – 43 Hofmann, 2:0 – 71 Holtmann, 2:1 – 90 Pantovich.
Boxum – Rimann, Gamboa (Ermann, 87), Ordets, Mashovich, Danilo Soares, Losilla, Shteger, Ferster (Stafilidis, 79), Osei-Tutu (Holtmann, 64), Hofmann (Ganvula, 65), Antvi-Adjyey (Osterhage, 79).
Union – Rennov, Trimmel (Skarke, 71), Knoxe, Yyekkel, Diogu Leyte, Gisselmann (Ryuerson, 62), Xedira, Haberer (Pantovich, 20), Shafer, Bekker (Leveling, 62), Sebatsho (Berens, 62).

Sensatsion ravishda turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan «Union» so‘nggi bor 1 oktyabr kuni gol o‘tkazib yuborgandi. Berlinliklar jamoasi barcha turnirlar hisobga olinganda qatorasiga besh o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Lekin bu o‘yinning birinchi bo‘limi yakunida bundesliganing so‘nggi o‘rindagi jamoasi burchak zarbasidan keyin Hoffman ijrosida bosh bilan urilgan goldan keyin hisobda oldinga chiqib oldi.

Ammo, voqealarning keyingi rivoji autsayder jamoa muvaffaqiyati tasodif emasligini ko‘rsatdi. Turnir jadvali peshqadami hech narsa taklif eta olmadi va «Bohum» qarshi hujumda ikkinchi golni urdi.

«Union»da mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun vaqt yetarli edi, ammo buning uchun hech bo‘lmasa penaltidan bo‘lsa ham gol urish kerak edi. Ammo Pantovich zarbani ijro etishda xatoga yo‘l qo‘ydi, uning qo‘shib berilgan daqiqalarda urgan goli esa natijani o‘zgartira olmadi. Mehmonlar bu fiaskodan keyin turnir jadvalida ilgarilab ketish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi va «Bavariya» o‘zi uchun odatiy bo‘lgan birinchi o‘ringa yanada yaqinlashdi.

Kun statistikasi

  • Top-5 ligada yutqazmagan 3 jamoa qoldi: «Real», «PSJ» va «Napoli»
  • Stiven Jyerrard o‘rniga kelgan Aaron Danks «Aston Villa» tarixida debyut o‘yinida 4 gol farqi bilan g‘alabaga erishgan ilk murabbiyga aylandi. Jamoa hech qachon yangi bosh murabbiy boshqaruvida APL o‘yinida dastlabki 14-daqiqa ichida uch gol urmagandi.
  • Keyn APLda qatorasiga 9 mavsumda 10+ gol urdi. Bungacha faqat Aguero, Runi va Lempard uddalagandi.
  • Ter Stegen La Ligada dastlabki 11 o‘yinning 9 tasida to‘p o‘tkazmadi. Bu — turnir rekordi.
  • Levandovski bu mavsumda «Barsa» safida 15 o‘yinda 21 ochko (17+4) to‘pladi.
  • Grizmanning «Atletiko»dagi gollari soni 147 taga yetdi. Oldinda Eskudero (169) va Aragones (172).
  • «Latsio» himoyachisi Romanoli A Seriyada 250-o‘yinini o‘tkazdi.
Ko‘proq yangiliklar: