Rossiya armiyasi Xersonni o‘z nazoratida saqlab qola oladimi?

Jahon 23:31 / 21.10.2022 46877

Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlarining yangi qo‘mondoni general Sergey Surovikin bir necha kun oldin Rossiya televideniyesi uchun o‘zining dastlabki dasturiy bayonotini berdi. Uning chiqishining katta qismi Xerson oblastidagi vaziyatga bag‘ishlangan, bu hududda mahalliy rasmiylar tinch aholini Dneprning o‘ng sohiliga evakuatsiya qilishga kirishgan. Surovikin oblastda vaziyat murakkablashgani, Dnepr ustidan ta’minot ukrainlarning muntazam raketa zarbalari tufayli to‘xtab qolganini tan olgan. «Eng qiyin qarorlarga qo‘l urilishi istisno etilmaydi», — dedi general. Shundan keyingi kuni Vladimir Putin bosib olingan hududlarda «harbiy holat» e’lon qildi, unga ko‘ra mahalliy aholi majburan ko‘chirilishi ham nazarda tutiladi. «Meduza» Rossiya qo‘mondonligi Dneprning o‘ng sohilidagi guruhning murakkab vaziyatidan kelib chiqqan holda qanday «murakkab qarorlar» qabul qilishi mumkinligini tahlil qildi.

Xerson atrofida rossiyaliklar uchun qanday «og‘ir vaziyat» shakllangan?

Shahar (oblastning shu nomdagi markazi), shuningdek uning atrofidagi bir qancha rayonlar Dneprning g‘arbiy (o‘ng) sohilida joylashgan. Oktyabr oyi boshida Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan Xerson oblastining katta qismi esa sharqiy sohilda joylashgan, RF qurolli kuchlarining Ukraina janubidagi barcha guruhlarining asosiy ta’minot bazalari ham (ularning bir qismi Qrimda).

Bunday geografik o‘ziga xoslik oldingi chiziqdagi Rossiya bo‘linmalarining qiyin pozitsiyasini belgilaydi, ular bu yerga mart oyidayoq kelib qolishgandi. O‘shanda Qrimdan harakatlangan havo-desant kuchlari, dengiz piyodalari va motoo‘qchilardan iborat bir necha kuchaytirilgan batalonlar ukrainlar mudofaasi qulashidan foydalangan holda Xersonni egallagan va bir necha yo‘nalishda ilgarilagandi:

  • g‘arbga (Mikolayiv shahri chekkalariga);
  • shimoli-g‘arbga (Yujnyy Bug daryosida Voznesensk shahri yaqinida o‘tgan ko‘prik tomon);
  • va shimolga (Krivoy Rog shahri atroflariga).

Asosiy yurish yo‘nalishi Voznesensk bo‘lgandi, Rossiya qo‘mondonligi bu yerdan qo‘shinlarni Odessa tomon tashlashni mo‘ljallagandi. Barcha guruhlarning ta’minoti bir necha ko‘priklar orqali amalga oshirilardi: Xerson yaqinidagi Antonov avtomobil ko‘prigi, unga yondosh o‘tgan temiryo‘l ko‘prigi va 50 kilometr sharqda Nova Kaxovkadagi GES to‘g‘onidan o‘tgan ikkitalik (avtomobil va temiryo‘l) yo‘l.

Ammo mart oyidayoq bunday ambitsiyali yurishlar uchun kuch yetishmasligi ayon bo‘lib ulgurdi. RF qurolli kuchlarining zaxiralarini bu yo‘nalishlarga darhol tashlash imkoni bo‘lmadi va qo‘shinlar Mikolayiv, Voznesensk va Krivoy Rogdan Xerson oblasti chegaralariga chekinishiga to‘g‘ri keldi. Bu yerda (shuningdek Mikolayiv oblastining Snigirevka shahri atrofidagi platsdarmda) ular uzoq muddat uchun mo‘ljallangan mudofaa istehkomlari qurishga kirishdi. Geografik joylashuv bu hududda himoyalanishni qulaylashtirardi: bu hudud o‘rmonzorlar deyarli uchramaydigan keng dashtlardan iborat bo‘lib, yurish qilayotgan tomon yashirincha harakatlanishining imkoni yo‘q; mudofaa liniyasining katta qismi Ingulets daryosi yoqalab joylashgan.

Ukraina qurolli kuchlari daryoni kechib o‘tishga yozdayoq urinib ko‘rgan, ammo katta yo‘qotishlarga uchragandi. Jiddiy suv to‘siqlar bo‘lmagan Mikolayiv tomondan yurish qilish ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi: Rossiya aviatsiyasi va artilleriyasi yalang‘och dashtlar bo‘ylab harakatlangan bo‘linmalarni osonlik bilan o‘qqa tutdi. Front ko‘p vaqtga barqarorlashdi, Rossiya qo‘mondonligi esa iyul va avgust oylarida o‘ng sohilga kattagina qo‘shimcha kuchlar olib keldi.

Shundan keyin Ukraina qurolli kuchlari yangi taktika qo‘llashga o‘tdi: rossiyaliklar pozitsiyalariga ro‘paradan hujum qilish o‘rniga ular Rossiya guruhlarining o‘q-dori omborlari va logistikasini rejali tarzda yo‘q qilishga kirishdi. Avgustga qadar buning imkoni yo‘q edi: ukrain armiyasida uzoq masofaga aniq harakatlanuvchi qudratli o‘t ochish vositalari mavjud emasdi. Ammo yoz davomida Ukraina qurolli kuchlari uchun front chizig‘idan ancha ichkaridagi nishonlarga aniq zarba berishga qodir bo‘lgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yetib keldi — GPS orqali yo‘naltiriladigan 90 kilogrammlik raketalar qariyb 90 kilometrga uchib borishi mumkin.

Raketa zarbalarining asosiy nishoni aynan ko‘priklar bo‘ldi. Bunday o‘q-dori bilan ko‘priklarni butkul vayron qilish imkonsiz edi, ammo rossiyalik muhandislar ko‘p vaqt sarflab yo‘lni ta’mirlashi bilan Ukraina qurolli kuchlari bir zumda uni ishdan chiqaraverdi. Oktyabr oyi o‘rtalariga kelib Antonov ko‘prigi bo‘ylab harakat butunlay to‘xtatilgan, Xerson bilan temiryo‘l qatnovi ham yo‘q, Nova Kaxovkadagi GES to‘g‘oni bo‘ylab o‘rnatilgan vaqtinchalik ko‘priklar orqali yuk mashinalari qatnashi mumkin, ammo ular ham zarba ostida bo‘lib turibdi.

So‘nggi oylarda Dneprning o‘ng qirg‘og‘idagi qo‘shinlar ta’minoti — xuddi Xersondagi tinch aholiniki kabi — paromlar va katerlar vositasida amalga oshirildi. Ukraina qurolli kuchlari ularga ham zarbalar berishga urinib ko‘rdi, ammo bu urinishlar hamisha ham muvaffaqiyatli chiqavermadi: baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarining GPS orqali yuqori aniqlikda yo‘naltiriladigan raketalari harakatlanuvchi nishonlarni yo‘q qilishda u qadar samarali emas. Shunga qaramay, harbiylarning paromlari bir necha bor zarbaga uchradi.

Ammo eng asosiysi, bunday transport orqali tashish hajmi juda past (ko‘priklarniki bilan solishtirganda). Rossiya qo‘mondonligi bunday vositalar sonini keskin ko‘paytira olmadi: buning uchun transport vositalari yetishmaydi (RF qurolli kuchlari mahalliy biznesmenlardan bir qancha barjalarni tortib olib, kechuv uchun ishlatgani ma’lum). Bundan tashqari, Xerson va uning atrofida qolgan yuz minglab kishilar (urushga qadar bu yerda 300 ming kishi yashagan, ammo ko‘pchilik rossiyaliklar nazoratidagi hududni tark etgan) uchun ham oziq-ovqat va boshqa zarur vositalarni yetkazib berish talab etilardi.

Yakunda Rossiya qo‘mondonligi platsdarmdagi guruhni aytarli darajada kuchaytira olmadi: hozirgidan bir necha barobar ko‘p sondagi qo‘shin — o‘n minglab askarlar uchun shunchaki o‘q-dori, texnika va oziq-ovqat yetkazib  berish uchun yetarli imkoniyat bo‘lmaydi. Bunday sharoitda Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatli hujum qilishi uchun kerak bo‘lgan ish — shunchaki son borasida rossiyaliklarnikidan ancha ko‘proq guruhlarni yig‘ish edi.

Bunday guruh jamlangan, ammo yurishning birinchi oyida (avgust oyi oxiridan oktyabr oyi boshiga qadar) ukrain qo‘shinlari u qadar muvaffaqiyatga erisha olmadi: Ingulets orqali yorib kirgan qo‘shinlar dashtlikda RF qurolli kuchlari tomonidan to‘xtatildi, ularga artilleriya va aviatsiyadan tinimsiz o‘t ochildi. Ukraina qurolli kuchlari bir qancha qishloq va posyolkalarni ozod etishdi, ammo ular Dneprgacha yetib kela olishmadi.

Oktyabr oyi boshida ukrain qo‘mondonligi tashabbus (ya’ni hal qiluvchi hujum uchun joy tanlash imkoniyati) va son borasidagi ustunlikdan foydalanib, rossiyaliklar mudofaasidagi zaif nuqtani topa oldi: Dnepr yoqalab joylashgan pozitsiyalarga zarba berildi, bu hududda Qrimdan kelgan va avvalgi janglarda holdan toygan motoo‘qchilar mudofaalanayotgandi. Front chizig‘i bir necha o‘n kilometrga yorib kirildi. Yakunda platsdarmning shimoliy uchastkasidagi barcha Rossiya qo‘shinlari yangi mudofaa liniyasi tashkil etish uchun chekinishga majbur bo‘ldi.

So‘nggi haftalarda bu liniya bo‘ylab lokal janglar kechmoqda. Rossiya manbalari buni «Ukraina qurolli kuchlari hujumlari» deb atamoqda, ammo Ukraina tomoni faol harbiy harakatlar olib borilayotganini inkor etmoqda. RF qurolli kuchlari «dalillar» keltirgan — ukrain texnikalarining zarbaga uchragan bir qancha kolonnalarini. Nima bo‘lganda ham, Ukraina armiyasi ikki haftadan buyon bu hududda yirik muvaffaqiyatlarga erishgani ko‘zga tashlanmadi.

Ammo umumiy vaziyat rossiyaliklar guruhi uchun yomonlashishda davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari tashabbusga egalik qilmoqda; ta’minotdagi muammolar tufayli RF qurolli kuchlari guruhini kuchaytirish imkoni yo‘q. Uzoq istiqbolda bu guruh holati umidsiz ko‘rinadi: safarbar qilinganlardan iborat katta guruhlar frontga tashlanishi ham yordam bera olmaydi. Ertami kechmi ukrain qo‘shinlari muvaffaqiyatli qarshi hujum o‘tkazishi tayin (oktyabr oyi boshidagi kabi). Xersondagi Rossiya qo‘shinlarini qutqarishi mumkin bo‘lgan yagona narsa — umuman urushda tashabbusni qo‘lga olish, ya’ni RF qurolli kuchlari boshqa frontlarda yirik hujumga o‘tib, Ukraina qo‘mondonligining e’tiborini shu jabhalarga tortib, Xersondagi hujumlarni to‘xtatishga majbur qilish hisoblanadi (hozircha ko‘rinib turibdiki, bunday hujum boshlash imkoni yo‘q).

Surovikin qanday «qiyin qarorlar»ni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

1. Platsdarmdan qo‘shinlarni evakuatsiya qilish

Harbiy nuqtayi nazardan bu eng mantiqiy qarordir: Dneprning o‘ng sohilidagi kuchlar nisbatini o‘zgartirish imkonsiz; guruh endi Mikolayiv va Odessaga hujum qila olmaydi, shu tufayli uni yarim qurshov holatida saqlab turishdan ma’no yo‘q. Xerson platsdarmidagi jangovar qo‘shinlar Dneprning chap sohilini himoya qilish uchun va Qrimga yaqin joylashtirish harbiy nuqtayi nazardan platsdarmda qoldirishdan ko‘ra muhimroqdir. Ukraina qurolli kuchlari Dneprni osonlik bilan kechib o‘ta olmaydi, bu katta daryo yoqalab mudofaa chizig‘i yaratish uchun esa dashtdagi janglar uchun talab qilinganidan ko‘ra ko‘proq kuchlar kerak.

Bunday qaror qabul qilinishiga siyosiy omillar xalal berib keladi: Xerson shahri — bosqin boshlanganidan buyon egallangan yagona oblast markazidir, Ukraina sharqi va janubidagi hududlar annexia qilingach, u «RFning yangi regionlari»dan birining poytaxtiga aylandi. Bundan tashqari, hech bo‘lmaganda yozning oxiriga qadar Kreml uchun urushning maqsadlari orasida Odessani egallash ham bor edi. Daryoning o‘ng sohili tashlab ketilgan taqdirda RF hukumati bunday rejadan butunlay voz kechishiga to‘g‘ri keladi (daryodan yana kechib o‘tish imkoni bo‘lishi dargumon — Ukraina armiyasi qarshilikni davom ettirar ekan, bunga umid qilmasa ham bo‘ladi).

Ammo barchasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Surovikinning «qiyin» qarori (siyosiy nuqtayi nazardan) aynan evakuatsiya bo‘ladi, avvaliga Xersonning rossiyaparast aholisini, keyin qo‘shinlarni — o‘ng sohildan olib ketish. Katta ehtimol bilan, general qo‘mondonlik uchun birinchi galda — tinch aholi (Rossiyaga moyil bo‘lgan) va RF qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining hayoti turishini aytganida aldamagan, ayniqsa harbiylarda hududni saqlab qolish imkoni bo‘lmagan holatda.

2. Hozirda ta’minoti davom ettirilishi kerak bo‘lgan tinch aholini evakuatsiya qilish — va platsdarm o‘lchamini Xerson va Berislavdagi (Nova Kaxovka ro‘parasida) «qal’alar» hajmigacha qisqartirish

Bunday reja ta’minotdagi muammolarni qisman hal qilgan bo‘lardi: Dneprga yaqin hududda bir necha kichik platsdarmlar qoldiriladi, sharqiy sohildan ta’minot yetkazib berishga o‘ta talabchan bo‘lgan tinch aholi va artilleriyaning bir qismi olib ketiladi. Artilleriyani sharqiy sohilga joylashtirish ham mumkin, ular shu yerdan turib g‘arbiy sohilda daryoga yaqin joylashgan qismlarni mudofaa qilib tura oladi. Bundan tashqari, «Xerson qal’asi» mudofaasi asosiy siyosiy muammoni hal qiladi (oblast poytaxtini taslim qilmaslik). Xerson «qal’a» bo‘lishi kerakligini «oblastning qo‘g‘irchoq rahbari» Vladimir Saldo ham aytib o‘tdi.

Ammo bunday yechim harbiy nuqtayi nazardan «murakkab»: daryo orqali ta’minot amalga oshirilishi davom etsa ham, doimiy ravishda ukrainlarning stvolli artilleriyasi zarbalari ostida turadi. Shu vaqtgacha Rossiya qo‘mondonligi normal ta’minot imkoni bo‘lmagan hududlarda qamal holatidagi «qal’a»da oxirigacha kurashishni emas, qo‘shinlarni evakuatsiya qilishni ma’qul ko‘rgan — Kiyev atrofidan ham, Ilonli oroldan yoki sentabr oyida Xarkiv oblasti shimolidan ham.

3. Yadroviy zarbaga tayyorgarlik ko‘rish

Rossiya qo‘mondonligi tomonidan strategik bo‘lmagan yadro qurollarini qo‘llash bo‘yicha ehtimoliy doktrinani o‘rganayotgan ekspertlarning hisoblashicha, bunday ehtimoliy zarbaning maqsadlari quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • odamlar yashamaydigan dasht
  • raqib qo‘shinlari.

Xerson oblasti g‘arbi — aholi kam yashaydigan va o‘n minglab ukrain harbiy xizmatchilari turgan dasht hududdir. Nazariy jihatdan, aynan shunday rayon namoyishkorona yadro zarbasi uchun tanlanishi mumkin - bu yoki eskalatsiyani oxiriga qadar kuchaytirishga, dushman (Ukraina va G‘arb) bunday qadam tashlay olmaydi, yoki  ep ko‘ra olmaydi), yoki dushmanni Kreml shartlari asosida muzokaralarga ko‘ndirishga qaratilgan. Bunday zarbaga tayyorgarlik «qo‘shimcha qurbonlar»dan qochish uchun aholini evakuatsiya etishni talab qiladi.

Ammo Surovikin aynan shunday «qiyin qaror»ni nazarda tutgani ehtimoli kam. Bunday zarba hech qanday harbiy foyda va’da qilmaydi va siyosiy jihatdan o‘ta xavflidir: G‘arb keskinlikni yumshatish o‘rniga eskalatsiyaga borishi mumkin — masalan, Ukrainadagi Rossiya armiyasiga konvensiya ruxsat beruvchi qurollar bilan o‘ta kuchli zarbalar berish (G‘arb ekspertlari yadro eskalatsiyasiga javoban shunday javob varianti bo‘lishini ochiq muhokama qilishmoqda). Shunday ekan, mojaro rivojlanishida yadro quroli qo‘llanishi ehtimoli hamon juda pastligicha qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: