O‘zbekiston | 14:26 / 18.10.2022
6622
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya so‘rovga ko‘ra o‘zaro mahkumlarni topshiradi. Qonun loyihasi qabul qilindi

18 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, 3 o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Loyiha yuzasidan ma’lumot bergan Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevga ko‘ra, bitim Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 2022 yil mart oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida imzolangan. Bitimni tasdiqlashga doir qonun loyihasi O‘zbekiston xavfsizlik kengashi bosh kotibi tomonidan 2022 yil 18 mayida tasdiqlangan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida xavfsizlik, harbiy va harbiy texnologik hamkorlikni rivojlantirish amaliy tadbirlar rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan.

«24 moddadan iborat ushbu bitimda hukm chiqargan ahdlashuvchi davlat hududida jazo o‘tayotgan va boshqa ahdlashuvchi davlatning fuqarolari bo‘lgan mahkumlarni hukm ijro etiladigan davlatga o‘tkazish tartibi bayon etilgan.

Xususan, mahkum – hukm chiqarilgan tomon hududidan hukm ijro etiladigan tomon hududiga jazoni (to‘liq) yoki uning qolgan qismini o‘tash uchun o‘tkazilishi mumkin. Mahkumga tayinlangan jazo hukm chiqarilgan tomon sudining hukmi asosida o‘taladi.

Mahkum topshirilganidan so‘ng barcha xarajatlar hukm ijro etiladigan taraf tomonidan qoplanadi. Bitimga muvofiq, topshirish bo‘yicha iltimosnomalar va boshqa masalalarda Bosh prokuratura O‘zbekiston tomonidan markaziy organ hisoblanadi», - deya Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, mahkumlar jazoni o‘z davlatida o‘tashi, yaqinlari bilan doimiy ko‘rishib turishi uning jamiyatga qaytishiga ijobiy ta’sir qiladi.

Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev bitimda ko‘zda tutilgan xarajatlar qaysi manbalar hisobidan qoplanishi borasida so‘radi. Spiker Nuriddin Ismoilov bu kabi vazifalar uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlardan biriga mablag‘ ajratilganini aytib, masalani yopdi.

Deputatlar qonun loyihasini ko‘rib chiqishning 2- va 3-bosqichlarini istisno qilib, birato‘la 3 o‘qishda qabul qildi. Endi mazkur qonun parlament yuqori palatasi – Senat tomonidan ma’qullanib, prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.

Mavzuga oid