Apple kompaniyasi yangi avlod iPad va iPad Pro planshetlarini taqdim etdi.
Yangi iPad modelining asosiy xususiyati standart USB-C ulagichining o‘rnatilishi bo‘ldi. U kompaniyaning an’anaviy Lightning ulagichi o‘rnini egalladi. Bundan tashqari, gadjet nozikroq ramkali 10,9 dyuymli displey, shuningdek, ultra keng burchakka ega 12 megapikselli old kameraga ega bo‘ldi.
Shuningdek, planshet simli quloqchin ulagichi va «Home» tugmasidan ayrildi. Uning funksiyalari barmoq izi skaneri bilan birga quvvat tugmasiga o‘tkazildi.
Planshetga A14 Bionic protsessori o‘rnatilgan, undan iPad Air gadjetida ham foydalanilgan edi. Qurilma yuqori tezlikdagi Wi-Fi 6 simsiz lokal va 5G mobil aloqa tizimlarida ishlay oladi. Qo‘shma Shtatlarda uning narxi 449 dollardan boshlanadi.
iPad Pro planshetining yangi avlodi M2 chipsetini oldi. U grafika va axborotni qayta ishlashni sezilarli darajada yaxshilagan, shuningdek, qurilmaning umumiy tezligini oshirgan.
Bundan tashqari, planshetning sensorli ekrani yangilandi, u endi Apple Pencil stilusi harakatini ekran yuzasidan 12 mm balandlikda ham tiniq sezadi.
Yangi iPad Pro avvalgidek, diagonali 11 va 12,9 dyuymli displeyli, 8 yoki 16 Gb tezkor xotirali, shuningdek, har xil hajmdagi ichki xotiraga ega turli versiyalarda sotuvga chiqariladi. Qo‘shma Shtatlarda uning narxi versiyasiga qarab 799 dollardan 1299 dollargacha. Yangi iPad va iPad Pro rasman 26 oktyabrdan sotuvga chiqadi.