Jahon | 11:22 / 15.10.2022
13056
1 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Rossiyada harbiy-sanoat kompleksi uchun mikroelektronika tugayapti

Xalqaro sanksiyalar Rossiya harbiy-sanoat kompleksini «Ukrainadagi amaliyotlar uchun muhim» bo‘lgan qurollarni ishlab chiqarish va saqlash imkoniyatidan mahrum qildi. Bu haqda AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyomo aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

«Rossiyada harbiy-sanoat kompleksi uchun juda muhim bo‘lgan mikroelektronika tugab bormoqda, Rossiya rasmiylari esa ularda yetarlicha xorijiy komponentlar yo‘qligidan xavotirda», — deya ma’lum qildi Adeyomo. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning ikki yirik mikroelektronika ishlab chiqaruvchi korxonasi muhim xorijiy texnologiyalar yo‘qligi sababli ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan. 

Adeyomo gap qaysi kompaniyalar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. 

Bundan oldin Yevropa ittifoqi Rossiyaga qarshi ekstraterritorial sanksiyalar joriy qilishi xabar berilgandi.

Yangi sanksiyalar paketi YeIga Yevropa ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishga ko‘mak ko‘rsatadigan shaxslarni qora ro‘yxatga kiritish imkonini beradi. Bloomberg ta’kidlashicha, ekstraterritorial o‘lchovning kiritilishi Yevropa ittifoqining sanksiyalar siyosatida katta o‘zgarishlarni bildiradi.

Mavzuga oid