O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq futbolchisi Moskvaning «Lokomotiv» klubini boshqaradi

Sport 22:55 / 13.10.2022 28329

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq himoyachisi Andrey Fyodorov Rossiya Premer-Ligasi klubida ish boshladi. 51 yoshli mutaxassis Moskvaning «Lokomotiv» klubi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Fyodorov futbolchilik faoliyatida Qo‘qonning «Avtomobilist», Farg‘onaning «Neftchi», Rossiyaning «Alaniya», «Baltika» va «Rubin» klublarida o‘ynagan. «Neftchi» bilan O‘zbekistonning 4 karra chempioni, «Rubin» bilan Rossiya chempioni bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida 63 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urgan. «Xirosima-1994» Osiyo o‘yinlarining g‘olibi.

Murabbiylik faoliyatida «Rubin» o‘rinbosarlari, Farg‘onaning «Neftchi», Toshkentning «Lokomotiv» klublarini boshqargan. 2018 yilda «Lokomotiv» bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.

So‘nggi paytda «Lokomotiv Moskva»ning Rossiya Ikkinchi ligasidagi farm-jamoasi sanalmish «Lokomotiv-Kazanka» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan edi.

Endi Fyodorov «Lokomotiv» klubini Rossiya Premer-Ligasi 13-turi doirasidagi «Torpedo»ga qarshi o‘yinga tayyorlaydi.

Ma’lumot uchun, shu vaqtgacha «Lokomotiv Moskva»ga Yozef Tsinnbauer bosh murabbiylik qilgan edi. «Sochi»ga qarshi o‘yindagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin germaniyalik mutaxassis iste’foga chiqarildi.

Ko‘proq yangiliklar: