Kun.uz Namangan shahrida fuqaroning yashash xonadoniga taqab metan-stansiya qurilayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Navbatdagi maqolamiz uning mantiqiy davomi bo‘lib, unda loyihaning qonunlarga qanchalik mosligi va viloyat hokimining qudasi bo‘lgan tadbirkorga bog‘liqligi haqida so‘z yuritamiz.
Oldinga o‘tib aytish mumkinki, bu material ham Namangan viloyati kattalarining himoyasini “kafillikka olgan” trollar va “advokat” blogerlarga ancha ish bo‘lishi aniq. Bu gal metan stansiyasining qurilishi me’yorlarga mos kelmayotgani, shu bois ham undagi qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgani haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, bu stansiyaning viloyatdagi ko‘plab AGTKSlar egasi bo‘lgan, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi Qudrat Abdullayevga qay darajada aloqador ekaniga fakt va dalillar bilan to‘xtalamiz.
Dastlabki maqoladan so‘ng Kun.uz muxbirlari masalaga daxldor tashkilotlar taklifi bilan AGTKS qurilishi uchun qanday asosga ko‘ra ruxsat berilgani haqida aniqroq ma’lumot olish uchun yana Namanganda bo‘ldi.
Surishtiruv davomida “SD SERVIS CENTER” MChJ (metan-shoxobchaga egalik qiluvchi korxona) yuristi Lazizxo‘ja Turg‘unov qurilayotgan avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyasining tegishli uskunalari me’yoriy hujjatlarga, shaharsozlik norma-qoidalariga asosan “ma’lum talablar bo‘yicha o‘rnatilganida” aholi turar joyidan 25 metr uzoqlikda bo‘lishi kerakligini bildirdi.
Bundan tashqari “SD SERVIS CENTER” MChJ yuristi va mutasaddilari mazkur obektga Qudratboy Abdullayevning umuman aloqasi yo‘qligini zo‘r berib isbotlashga urindilar.
Biroq mazkur stansiyada aholi xonadoni va akkumulyator bloklari o‘rtasidagi masofa bor-yo‘g‘i 22 metrni tashkil qilmoqda. Bir narsa aniq: mutasaddilar har doimgidek muammoni joyiga borib o‘rganmasdan xulosa berishgan.
Vaholanki, ShNK qoidalarining 2.2.4-bandiga ko‘ra, AGTKS va AGQSlardan ularga tegishli bo‘lmagan obektlargacha bo‘lgan minimal masofa 60 metrdan 120 metrgacha bo‘lishi, siqilgan tabiiy gaz akkumulyatorlari yer ostida joylashtirilgan hollarda mazkur masofalarni 35 metrgacha kamaytirish mumkin.
Ammo xonadon va gaz “zapravka”ning akkumulyatorlari o‘rtasidagi masofa buncha chiqmaydi. Obektning mavjud maydoni akkumulyator blogini qonunlarda ruxsat etilgan masofaga ko‘chirish uchun to‘g‘ri kelmaydi.
Qurilish vazirligi hamda Davlat SanEpidemiologiya markazi mutasaddilari bilan suhbatda AGTKS qurilishida zarur bo‘lgan ikki me’yoriy hujjat: ShNK va SanPin talablari bo‘yicha izohlarni oldik.
“Respublikamizda aholi yashash punktlarida atmosfera bulg‘anishi bo‘yicha sanitariya me’yor-qoidalarimiz bor. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining quvvatiga va unda kuniga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobillarning soniga qarab olinganda 100 metrdan 50 metrgacha sanitar himoya hududi belgilangan”, – deydi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Jumanbek To‘ychiyev.
Aholi xonadonlari va “xavfli obekt” uskunalari o‘rtasidagi masofa SanPin talabi bo‘yicha 50-100 metrni, qurilish vazirligi mutaxassislari tomonidan ShNK talabi bo‘yicha 60 metrni tashkil etishi bildirildi.
Kun.uz muxbiri Qurilish vazirligida ham bo‘lib, vazirlikning sohaga mas’ul 4 nafar mutaxassisi bilan suhbatlashdi. Xulosa shunday bo‘ldiki, Jaloliddin Manguberdi ko‘chasidagi stansiya qurilishi amaldagi me’yorlarga zid. Qurilish ishlari esa tegishli hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirmasdan boshlangan.
Namangan viloyat qurilish nazorat inspeksiyasi “SD SERVIS CENTER” MChJ tomonidan bunyod etilayotgan metan-stansiya qurilishini joyida o‘rganib, bosh rejadan chetga chiqilganini aniqlagan. Shu bois qurilish ishlarini to‘xtatish bo‘yicha 16 sentabr kuni rasmiy yozma ko‘rsatma berilgan.
MChJ direktori Sardorbek Yunusxonov ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qurilish bo‘layotgan joyda tegishli uskunalarni ko‘chirish ishlari ketmoqda.
Qurilish ishlari belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda olib borilganini tasdiqlovchi yana bir hujjat bor. Qurilish vazirligining “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasining 2022 yil 20 iyuldagi yig‘ma ekspert xulosasida (№51193) yozilishicha:
- Kompressor xonalarining tarhi loyihaning AS va TX qismlarida ko‘zda tutilgan tarhga muvofiq emas.
- Kompressor xonasiga o‘rnatilgan uskunalar loyihaning TX qismida qabul qilingan uskunalarga muvofiq emas.
- Shitlar joylashtiriladigan xona kompressorlar xonasidan eshiksiz kapital devor va plitalar bilan ajratilgan bo‘lishi lozim.
- Spetsifikatsiyadagi ma’lumotlar chizmalarga muvofiq emas.
- TP-630-10/0,4 kv uchun so‘rovnoma to‘ldirilmagan. Kondensator uskunasi noto‘g‘ri tanlangan.
- Yashin qaytargichlarni yerga ulash konturlarining loyihasi ishlab chiqilmagan.
- Loyiha Namangan XETK va “Uzdavenergonazorat” Namangan bo‘limi bilan kelishilmagan.
Qiziq jihati, maqola Kun.uz saytida e’lon qilingandan keyin ham holatga viloyat va Namangan shahar hokimligi mutasaddilari rasmiy izoh bergani yo‘q. Aksincha, bu borada ularning vazifasini mahalliy “blogerlar” amalga oshirishdi.
Yuqorida aytganimizdek, qurilayotgan metan-stansiyaning advokati ekanini aytgan shaxs stansiya viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi Qudrat Abdullayevga tegishli emasligini isbotlashga harakat qildi.
Chindan ham shundaymi? Bu savolga ham ikkita fakt keltiramiz. Birinchisi: avvalgi surishtiruvlarimizda o‘zini matbuot xizmati xodimi deb tanishtirgan shaxs – Ibrohim Mamatqulov vaziyat bo‘yicha izoh bergandi. Buni qarangki, stansiyani Qudratboyga aloqador emasligiga ishontirishga zo‘r bergan kimsa borki, birortasi Ibrohim Mamatqulov keysiga to‘xtalmadi. Vaholanki, aynan shu shaxsning o‘zi, o‘z tilidan Qudrat Abdullayevning yordamchisi ekanini tasdiqlagandi.
Endi ikkinchi faktga to‘xtalamiz. Obekt qurilishiga Namangan viloyati hokimining qudasi Qudrat Abdullayev daxldormi? Bu yerda ham hujjat va fakt gapiradi: Rasmiy hujjatda “SD SERVIS CENTER” MChJ qurayotgan AGTKSning bosh pudratchisi “Afsona sof gaz suv qurilish” MChJ hisoblanadi.
“Afsona sof gaz suv qurilish” MChJning 90 foizlik ta’sischisi viloyat hokimining qudasi – Abdullayev Qudrat Qosimjonovich bo‘ladi.
O‘ylaymizki, siz AGTKSning bugungi holati yuzasidan to‘la tushunchaga ega bo‘ldingiz. Xulosa o‘rnida aytishni istardikki, qonunlar ustuvor ekani aytiladigan mamlakatda inson qadri va albatta xavfsizligi har narsadan yuqori turishi lozim.
Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri