Mavluda Oripova – pedagogika fanlari doktori; Turkiya, Qirg‘iziston va AQShda 20 yildan ortiq vaqtdan beri turli millat bolalarini o‘qitib, o‘zini ta’limga bag‘ishlagan o‘zbek olimasi.
Bolaligida ota-onasining xohishi bilan 8 yil musiqa bilan shug‘ullanib, lekin musiqachi bo‘lishni istamagan Mavluda Oripova o‘qituvchi bo‘lishni xayoliga keltirmagan.
Majburan borilgan musiqa darslar
— Bolaligida o‘z fikrini, nima xohlayotganini kattalarga aniq tushuntirib berolmagani sabab farzand uchun qarorni ota-onasi qabul qiladi. Menda ham shunday bo‘lgan. Ota-onam bizning oilamizdan ham katta musiqachi chiqishini istab, meni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga berishgan. U yerdagi o‘qish menga og‘irlik qilardi. Chunki umumta’lim fanlaridan tashqari musiqa darslarini ham o‘qishim, mashq qilishim kerak edi. O‘rganish uchun quloqqa yoqavermaydigan kuylar ham chalishimga to‘g‘ri kelardi. Bu esa uydagilarimga yoqardi deb aytolmayman. Shuning uchun kechgacha maktabda qolib mashq qilishimga to‘g‘ri kelardi. Shu tomondan ham qiynalardim.
Aytmoqchi bo‘lganim, ota-ona farzandini biror narsaga yo‘naltirsa, uni keyin ham qo‘llab-quvvatlashi kerak. Balki uydagilarimdan kimdir musiqachi bo‘lganda, meni tushunishlari mumkin va men hozir musiqa yo‘nalishida o‘z o‘rnimni topgan bo‘lardim.
“Farzandning ota-onasi emas, o‘zi kasb tanlasa, ko‘proq zavq oladi”
— Uyda musiqa uchun muhit yarata olishmagan bo‘lsa ham, ota-onam meni doim qo‘llab-quvvatlagan. Shunday qilib va nihoyat musiqani o‘qishni xohlamasligimni 8-sinfda onamga ayta olganman. Ota-onam meni to‘g‘ri tushunib, Toshkent shahridagi 64-maktabga o‘tkazishgan.
Lekin o‘sha majburan shug‘ullangan musiqa darslarim hayotimda foyda berdi deb o‘ylayman. Ya’ni ular sabab xohlamagan ishni ham qilishni, boshlagan ishni oxirigacha olib borishni o‘rgangan bo‘lsam kerak.
Keyin tilga qiziqdim. Milliy universitetning roman-german fakultetiga o‘qishga kirdim. Ota-onam adabiyot yo‘nalishida o‘qishimni xohlashgandi. Lekin universitetda ham qiziqishim o‘zgarib, Texnika universitetida ochilgan Malayziyaning biznes fakultetiga o‘tdim. Shunda ham ota-onam meni qo‘llab-quvvatlashdi. Shu yerda bir narsaga urg‘u bermoqchiman, ya’ni farzandning fikrini hurmat qilish muhim. Chunki keyinchalik u tanlagan yo‘l, ota-onasining emas, o‘ziniki bo‘lsa, ishidan ko‘proq zavq oladi.
“Ish va hayot bog‘liqligi yashashni osonlashtiradi”
— Oilali bo‘lib, 2000 yil Turkiyaga ketdim. U yerda turk bolalariga ingliz tilidan dars bera boshladim. Keyin migrantlarning farzandiga til o‘rgatish uchun Qirg‘izistonga, 2008 yil esa AQShga chaqirishdi. 2010 yildan boshlab maktablarda direktor o‘rinbosari bo‘ldim.
2018 yildan beri Texas shtatida 72ta maktab ta’limini nazorat qiladigan, o‘quvchilarni oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunarga yo‘naltiradigan markaz (College and Career Counseling at Harmony Public Schools)ga rahbarlik qilaman. Vazifam – maktablardagi o‘qish jarayonlari, o‘qituvchilar va ularning salohiyat darajasiga javobgarlik, o‘quvchilarni imtihon qilish, ularni oliygoh va kasb-hunarga tayyorlash, maktabdagi barcha ta’limiy jarayonlarni nazorat qilishdan iborat.
Qilayotgan ishim o‘zimga juda yoqadi. Shuning uchunmi ish va hayotimni bir-biridan ajratmayman. Ish vaqtim tugagan bo‘lsa ham, uyga borganimda o‘quvchilarim, ota-onalar telefon qiladi. Turmush o‘rtog‘im bilan ham kasbdosh bo‘lganimiz uchun u meni tushunadi, hayotim bilan ishim bir-biriga juda ham bog‘liq. Ish boshqa bo‘lib, keyin hayotingiz boshqa bo‘lsa, bu – ikkiga bo‘linish degan gap. Hayot va ishning bog‘liqligi yashashni osonlashtiradi. Bu men uchun ishlashni tabiiy holga olib keladi.
“Otamga juda ham dolzarb masala bo‘lganda gapirardik”
— Qiz bolaga otaning qo‘llab-quvvatlovi haqida so‘rashganda, men o‘z hayotimdan kelib chiqib javob beraman. Masalan, otam doim ham onamga o‘xshab qo‘llab-quvvatlashini so‘z bilan aytmaganlar. Menimcha, boshqa ko‘p oilalarda ham shunday bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, har oilada otaning o‘rni boshqa bo‘ladi. Bizning oilada otamga juda ham dolzarb masala bo‘lganda gapirilardi. Biz ko‘proq otam bilan onam orqali gaplashardik. Otam biror narsaga qarshi bo‘lsalar, uni qilish umuman mumkin emas edi. Ya’ni otam qarorimga qarshi bo‘lmaganlari menga yetar edi. Juda kam gapirar edilar. Lekin aytgan gaplari gap edi. O‘sha mavzuga qaytilmasdi. Otam fikrimizga qarshi chiqmaganlari bizni qo‘llab-quvvatlaganlari bo‘lardi.
“Turmush o‘rtog‘im katta fidokorlik qilgan”
— Men o‘qib yurgan yillar “Umid” fondi bor edi va u orqali ko‘p o‘rtoqlarim xorijga ketishgandi. O‘shanda men ham chet elga ketmoqchi bo‘lganimni otamga aytganimda, ularning bir gapi esimdan chiqmaydi.
“Qizim, buni men ham juda xohlayman. Lekin turmushga chiq, keyin nima qilsang, o‘zing bilasan”, – degandi. Buni otam javobgarlikdan qochganlari uchun emas, orzularimga mos odamni tanlashim kerakligiga ishora qilib aytganlar deb hisoblayman. Hozir buni yana ham chuqurroq tushunib yetyapman. Turmush o‘rtog‘ingiz yoningizda haqiqatdan sizni qo‘llab-quvvatlamasa, yarim tana bilan harakatlangandek bo‘lasiz.
Masalan, doktorantura o‘qiyotganimda ishdan soat 6da uyga qaytardim. Ovqat qilishim kerak, bolalar bor edi. Bir yoqda doktoranturam ham bor, yozishim kerak edi. Shunda farzandlarga qarash va boshqa ishlarni turmush o‘rtog‘im bajargan. Bu o‘shanda katta fidokorlik edi.
“Turmush qurishdan oldin ikki tomon ham nimani xohlashini ochiq-oydin aytishi kerak”
— Turmush o‘rtog‘im bilan ishlab yurgan vaqtimda uchrashib qolganmiz. Ya’ni u kimligimni, nimani xohlashimni bilib, keyin tanishgan. Unga o‘qishni xohlashim, ishlashimni, jamiyat uchun xizmat qilishni istashimni aytganman. Va hozir bir-birimizni yaxshi qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shuning uchun ikki tomon ham oila qurmasdan oldin nimani xohlashini ochiq-oydin aytishi kerak. Turmush qurish faqat ko‘ngil bilan qabul qilinadigan narsa emas. Chunki ko‘ngil o‘zgaruvchan. Shuning uchun maqsadlar ham bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak. Masalan, mening turmush o‘rtog‘im turkiyalik. Biz butunlay boshqa muhitlarda o‘sganmiz. Lekin dunyoqarashimiz bir xil bo‘lgani bizga yetadi.
“Oila bilan ko‘proq birga bo‘lish vaqtga bog‘liq muammo emas”
— 2000 yildan beri ro‘zg‘orim bo‘lsa, shundan faqatgina 6 oy uyda o‘tirdim. Shu vaqt ichida oilamga to‘liq vaqt ajrataman, bolalarimga ko‘proq qarayman deb o‘ylagandim. Keyin tushunib yetdimki, bu vaqtga bog‘liq muammo emas ekan. Vaqtim yo‘q, shuning uchun yaxshi ovqat pishirolmayman, qizlarim bilan o‘tirib gaplasholmayman deb o‘ylardim. Shu ma’noda ishlab yurganimda vijdonim qiynalardi. Lekin tushunyapmanki, vaqtning ko‘pligi emas, uning qanchalik unumli o‘tgani muhim ekan.
Masalan, uyda o‘tirib ovqati, ishini qilgan ayol farzandiga ko‘p vaqt ajratolmasligi mumkin. Hozir ishga mashinada ketamiz va bu orada 25-30 daqiqa farzandlarim bilan gaplashishga vaqtim bo‘ladi.
“To‘rt nafar qizni tarbiyalayapmiz”
— O‘zim ham bola tarbiyasida hamma narsani ideal qildim deb aytolmayman. Qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. Men eng muhim deb biladigan narsa – farzand bilan ko‘p muloqot qilish. Bola ulg‘ayib qaysidir yoshga yetib, birdan sizga sirlarini aytishini kutib o‘tirmang. U kichikligida sirlarini aytmagan bo‘lsa, qachondir ulg‘aygach ham aytmaydi.
O‘zimning 4 nafar qizim bor, 4 xil xarakter, to‘rtovi 4 xil dunyo. Qiz bolaning ko‘ngli nozik bo‘ladi. Shuning uchun otasi bilan so‘zlarni tanlab-tanlab gapiramiz. Ko‘pincha, otasi qizlarga biror mavzuda gapirmoqchi bo‘lsa, men bilan maslahatlashadi. Qaysi gapni, so‘zni aytgani ma’qul bo‘lishini muhokama qilib olamiz. Chunki har bir so‘z ularga boshqacha ta’sir qiladi. O‘zimni xo‘jayinim va qizlarim orasidagi ko‘prik yoki filtrday his qilaman.
Bundan tashqari, Amerikada bola sal bo‘sh qolsa, boshqa narsalar bilan shug‘ullanishga o‘tib ketib qolishi mumkin. Ya’ni bu yerda bolani chalg‘ituvchi narsalar ko‘p. Shuning uchun qo‘limizdan kelgancha vaqtlarini to‘ldirishga harakat qilamiz. Boshida bolalar muhitini nazorat qilmoqchi bo‘ldik. Lekin ko‘rdikki, bola taqiqlangan narsa yomonligini his qilmasa, yana o‘sha narsaga qarab boraveradi. Shuning uchun oldin farzandlarimizga o‘sha narsa nima uchun xato ekanini tushuntirishga harakat qilamiz.
Texas maktablarining ta’lim tizimiga kiritgan yangiligi
— Bugun Texas shtatida har bir o‘quvchining qiziqishlari alohida o‘rganilib, uning ota-onasi bilan ham bolaning qaysi kasbni tanlashi haqida suhbatlar qilish majburiy talab sifatida qo‘yilgan. Bu ishni men o‘z tajribamda 10 yil oldin boshlab, foydali ekanini isbotlab berganman. Unda men har bir o‘quvchi bilan gaplashib, uning qiziqishi, xohish va salohiyatidan kelib chiqib fan, birgalikda yo‘nalish belgilab olardik. Natija juda yaxshi bo‘ldi, o‘quvchilarimning o‘zlashtirish darajasi o‘z o‘rnida bo‘lib, universitetni bitirib olishda qiyinchilikka duch kelishmadi. Va doktoranturamni ham shu sistemaning yaxshi tomonlarini ko‘rsatishga yo‘naltirib, dissertatsiya yoqladim.
Sizda savol tug‘ilishi mumkin, bu tizim Amerikaga, Texasga nima beradi? Javob shunday: hozir Amerikada diplomli mutaxassislar taqchilligi boshlangan. Chunki ayrim o‘quvchilar o‘zi qiziqmagan yo‘nalishga o‘qishga kirib, uni bitirolmay yuribdi. Bu qiziqmaslik qayerdan paydo bo‘ladi? Maktabda o‘zi uchun to‘g‘ri fan tanlamay, o‘z imkoniyatini to‘g‘ri baholay olmay, o‘zi qiziqmagan sohaga yo‘nalib qolgandan paydo bo‘ladi. Shtat 12-sinfni biritgan maktab o‘quvchisiga 2-kursdan bakalavrni davom ettirishga imkoniyat bergan. Shuning uchun ham maktab bakalavrning 1-kursiga oid bilimlarni berishi, o‘quvchi imkoniyatini to‘g‘ri baholashi kerak.
Amerikada maktabning vazifasi
— Amerikada maktab 3 qismga bo‘linadi. Boshlang‘ich – 1-5-sinflar, o‘rta – 6-8-sinflar va yuqori – 9-12 sinflar. Shunga qarab maktabning vazifasi ham o‘zgaradi. Masalan, boshlang‘ichda o‘qish, ilm olish o‘rgatiladi. Har yili bolalarga testlar beriladi, shu bilan bilim darajasi baholanadi. Hattoki bolaning 3-sinfdagi bahosi bilan universitetda necha bahoga o‘qishini aniqlab beradigan dasturlar bor. Shuning uchun 5-sinfgacha ko‘proq ta’lim beriladi. Chunki ta’limning fundamenti qancha kuchli qo‘yilsa, bolaning kelajagi shuncha yaxshi bo‘lishiga ishonamiz.
6-sinfdan esa tarbiyaga katta e’tibor beriladi. Chunki bolalar asta-sekin o‘smirlikka o‘tishni boshlaydi. 6-7-sinflarda bolaning tarbiyasi yaxshi bo‘lsa, yuqori maktab yoki litseyga borganda ham joyida bo‘ladi.
Maktab kasb tanlashga yordamlashadi
— 9-sinfdan o‘quvchini kasbiy salohiyatga yo‘naltirishga harakat qilamiz. Aniq maqsad qo‘yish, o‘zining shaxsiy sifatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Bolalar bilan birma-bir gaplashib, kelajakdagi maqsadiga biz qanday yordam berishimiz mumkin, degan savolni o‘rtaga qo‘yamiz.
9-sinfda matematika, ingliz tili, tarix kabi umumiy fanlarni o‘qish bilan birga, o‘quvchi qiziqishiga qarab tanlaydigan fanlari bo‘ladi. Masalan, maktabda tibbiyot, muhandislik darslari bor. Bola qiziqishiga qarab qolgan 4 yil davomida o‘sha fanlarni o‘qiydi.
Biz bola va uning ota-onalari bilan qaysi yo‘nalishda o‘qishini 8-sinfning oxirida gaplashamiz. Ya’ni bola qiziqishiga qarab o‘shanga ixtisoslashgan maktabga yo‘naltiriladi. Bu Texas shtatining majburiy talabi. Lekin bola doim ham o‘zi nima xohlayotganini bilavermaydi. Shuning uchun bizda kasb-hunar tanlash testlari bor. Va ular faqat 9-sinfda emas, har yili bo‘ladi. Chunki bola yangi narsa o‘rganavergach, fikri o‘zgarishi mumkin.
“10 yildan keyin o‘zingni qanday tasavvur qilasan?”
— Amerikada ham o‘qishni istamaydigan yoki hammadan o‘zib ketib o‘qiydiganlar bor. Lekin hamma uchun bitta etalon bor. Ya’ni Amerikada diplomsiz yashash juda qiyin. Bu mening fikrim emas, bu isbotlangan fakt. Bir ish topish uchun kamida bakalavr diplomi bo‘lishi kerak.
Shundan kelib chiqib, har bir bolaning oldiga: “Ota-onangsiz yolg‘iz o‘zing 10 yildan keyingi kelajagingni qanday tasavvur qilasan? Diploming bo‘lmasa, eng kam ish haqi to‘lanadigan ishda ishlay olasan va bu nari borsa, bir xonali kvartiraga yetadi”, degan hisob-kitobni qo‘yamiz. Shundan keyin bola kelajagi haqida jiddiy o‘ylay boshlaydi.
“O‘qituvchilik – ko‘p ham xohlanadigan kasb emas”
— Amerikaliklar o‘qituvchi bo‘lishni ko‘pam xohlayverishmaydi. O‘qituvchiga ehtiyoj ko‘p, lekin o‘qituvchi bo‘lishni istaydiganlar kam. Keyin bu yerda o‘qituvchiga hamma ham va doim ham rahmat aytavermasligi mumkin.
Masalan, Turkiyada ishlaganimda o‘qituvchini juda yuqori darajada hurmat qilishardi. Do‘kon yoki boshqa bir joyga borganimda ham narsaning sarasi o‘qituvchiga beriladi. Amerikada esa o‘zing ich-ichingdan xohlaganing, sevganing, vijdoning istagani uchun bu kasbni tanlaysan.
O‘zbekistondagi maktabga direktor bo‘lsa...
— Avvalo maktab imkoniyatlarini o‘rganib, shu maktabning nimaga ehtiyoji borligini o‘rganar edim. Keyin o‘quvchilar nimalarni xohlaydi, ularning bilim darajasi va qobiliyatlari bilan tanishib chiqish ham juda muhim. Uchinchidan, kuchli o‘qituvchilar jamoasini shakllantirish ham maktabning muvaffaqiyati uchun asos bo‘ladi.
Agar O‘zbekistonga taklif qilishsa, bajonidil yordam qo‘lini cho‘zaman. Ta’limiy dasturlarni tuzishda ham qatnashgan bo‘lardim. Amerikada butunlay qolish niyatimiz yo‘q. Turmush o‘rtog‘im ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist
- Mavluda Oripovaning Amerika ta’limi haqidagi batafsil intervyusi bilan bu yerda tanishish mumkin.