Sentyabrda talabalar uchun yotoqxona muammosi o‘rtaga chiqqach, shahar hokimining tashabbusi bilan Yangihayot tumanidagi “Tashkent Index” savdo majmuasi yotoqxonaga aylantirilgan edi. U yerda qanday sharoitlar bo‘lishi haqida Kun.uz dastlabki reportajida ma’lumot bergan edi. Oradan qariyb bir oy o‘tmoqda, xo‘sh, hozirda ikkinchi talabalar shaharchasiga aylangan joyda hayot qanday? Kun.uz'ning navbatdagi reportaji shu haqda.
Toshkentda deyarli barcha OTM 5 kunlik ta’lim tizimiga o‘tgan. Demak, talabalarning aksariyati shanba kuni katta ehtimol bilan yotoqxonada bo‘lishi kerak. Shu umid bilan Yangihayot tumaniga talabalar bilan suhbatlashgani bordik. Ammo ko‘plab talabalar ishlagani yoki o‘zining boshqa yumushi bilan yotoqxonadan chiqib ketgan yekan.
“Tashkent Index” savdo majmuasi turli bloklarga bo‘lingan va shunga qarab, qizlar va yigitlar A, B, C, D, E bloklarga joylashtirib chiqilgan. Undagi har bir xonada 5-7 kishi yashashi uchun sharoitlar qilingan.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 10 kun ichida 3,5 ming nafar talaba uchun joy tayyorlangan. 20 sentabr holatiga ko‘ra, u yerga 1 681 nafar talaba joylashtirilgan.
“Toshkent turin politexnika universitetining Metallurgiya yo‘nalishida o‘qiyman. Bizda birinchi kurslar uchun 12 sentabrdan o‘qish boshlangani uchun yotoqxonaga shu kuni kelib joylashdim. Sharoitlari yaxshi, biz faqat o‘qib, darsimizni qilsak bo‘ldi. Masalan, bu xonalarni, boshqa joylarni tozalab yurmaymiz. O‘zlari kelib, tozalab ketaverishadi. Xonalarimizda konditsioner o‘rnatilgan. Krovatlarimiz bor, unga choyshab, yostiq ham berishgan. Oshxonamizda ham hamma sharoitlar yaratilgan. Muzlatkich, gaz plitalar, mikroto‘lqinli pechlar berishgan.
O‘zimning uyim Toshkent viloyati Bekobod tumanida joylashgani uchun “dush” va kirxonasiga borib o‘tirmayman.
Transportga kelsak, yotoqxonadan oliygohimizgacha 1 soatlik yo‘l. Metroning 5-bekatigacha avtobusda 10 daqiqada yetib olamiz, boshida bir hafta avtobuslarning hammasi bepul bo‘ldi, keyinchalik bu o‘zgardi. Ba’zi avtobuslar standart narx, 1 400 so‘mga olib borib qo‘yishyapti. Ba’zilari esa pul so‘ramaydi. Qolgan 50 daqiqa metro va o‘qishga borishgacha ketadi. Kuniga avtobus va metro, borib qaytishimni hisoblasam, 6 ming so‘m sarflayman”, – deydi shaxsini ochiqlashni istamagan talaba qiz.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet talabasi Gavhar Rasulovaning aytishicha, sharoitlar umuman olganda yaxshi, ammo kamchiliklar ham yo‘q emas.
“Shu vaqtgacha universitetimizning yotoqxonasida yashaganman, uzoqda birinchi marta turishim. Kelganimizga ko‘p bo‘lmadi, lekin chiroq ikki marta o‘chdi. Birinchi martasiga ertalab ketib, shu bilan ertasi kuni keldi. O‘sha kuni rosa qiynaldik, dars ham qilolmadik. Ba’zi xonadoshlarimiz qarindoshinikiga ketdi, ba’zilari ko‘chaga chiqib, telefonini zaryadlab keldi. Ikkinchi martasiga yarim kuncha svetsiz o‘tirishga to‘g‘ri keldi.
Issiq suv esa juda ko‘p o‘chadi. Hojatxonalarimizda umuman issiq suv yo‘q, dushda esa bir keladi, bir ketadi. Buning ustiga havo sovuq, qish kelyapti. Suv isitish qozonini yoqishga harakat qilamiz, yoqolmaymiz. Shunaqa qilib, issiq suv ololmaymiz. Lekin oshxona va kirxonamizda issiq suv bor”, – deydi u.
Toshkent davlat yuridik universitetining 4-kurs talabasi bilan ham suhbatlashdik. Uning aytishicha, yo‘llarning uzoqligi va sharoitlaridan nolib, ko‘chib ketayotganlar ham bor.
“To‘g‘risini aytsam, sharoitlari uncha yaxshi emas, “kvartira”ga chiqsammikan deyapman. Chunki har ikki-uch kunda suv ham, svet ham o‘chib qoladi. Nima sababdan o‘chishini esa bilmaymiz.
Kir yuvish xonasi, oshxonalarning orasi ham juda uzoq, u yerdan bunisiga borguncha ham ancha vaqt ketib qoladi. Issiq dushdan chiqib, xonaga borishni esa gapirmasa ham bo‘ladi. Hali shamollamadim, lekin borib-kelishga sovuqlik qilyapti”, – deydi u.
Yuvinish joyidan to xonagacha qancha vaqt ketishini bilish uchun sekundomerni yoqib, eng yaqin A blokdagi xonagacha borib ko‘rdik. Tezroq yurganda ham 2 daqiqa-yu, 58 sekundda yetib borish mumkin ekan. Undan uzoqroq B, C, D bloklardagi xonalarga borishga esa qancha vaqt ketishini taxmin qilsak bo‘ladi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetda matematika yo‘nalishi kechki ta’lim shaklida o‘quvchi yana bir talabaning aytishicha, o‘qishga ketishda avtobuslar bo‘ladi, ammo yotoqxonaga kelishda yo‘q.
“Kechki ta’lim shaklida o‘qiganim uchun darsim 18:00da boshlanib, 20:50da tugaydi. Shuning uchun 1 soat oldin, 17:00da yo‘lga chiqaman, bu vaqtda avtobus bo‘ladi. Ammo qaytishimizda soat 22:00larga yaqin avtobusni topolmaymiz. Keyin majbur taksi to‘xtatib, 5 ming so‘mlarga yetib kelamiz”, – deydi Shohista To‘xtayeva.
Qaytishda biz ham 143-sonli avtobusga o‘tirib, metroning 5-bekatiga bordik. Avtobus haydovchisining aytishicha, ular kechki vaqt 18:00-19:00gacha ishlamoqda. Talabalar ham bepul emas, doimgidek 1 400 so‘m bilan yetkazib qo‘yilmoqda (majmuadan metrogacha bepul avtobus qo‘yilishi aytilgan edi).
Markazning ancha shahar chekkasida ekani, chiroq va issiq suvning o‘chib qolishi va avtobuslar grafigini hisobga olmaganda, qolgan sharoitlar yaxshi. Bu kamchiliklar tezroq bartaraf etilishi, eng muhimi yotoqxona muammosiga bir martalik emas, tizimli yechimlar topilishiga umid qilib qolamiz.
Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz muxbiri