O‘rtahol oilada katta bo‘ldim. Yo‘qchilikni ham, to‘qchilikni ham ko‘rganman. Bolaligim yomon o‘tgan, deyolmayman. Ota-onam ko‘nglimizga qarab o‘stirganlar. Bizning oliy ma’lumotli bo‘lishimiz uchun bor imkoniyatlarini ishga solganlar.
Otam judayam qattiqqo‘l, rashkchi bo‘lgan. Har bir qadamimiz o‘lchovli edi. Albatta, bizning foydamizni ko‘zlaganlar. Lekin shunday muhitda o‘sganimiz ko‘p joyda pand beradi: hammamizda sal yovvoyilik xarakteri bor. Odamlarga qo‘shilib ketishimiz biroz qiyin kechadi. Tabiatan tortinchoq, kamgap qizman. Odamlar bilan har doim masofa saqlayman.
Atrofimda oshiqlarim ko‘p bo‘lgan. Xarakterim va tarbiyam sabab ularni yonimga yaqin yo‘latmasdim. O‘qishni bitirib viloyatga qaytdim. O‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladim. Sovchilarning keti uzilmasdi, hatto «sovchilarni qaytarish bo‘yicha chempion», degan ta’rifgayam ega bo‘ldim. Bu qaysidir ma’noda to‘g‘ridir, lekin haqiqat emas. Aslida, qo‘ni-qo‘shnilarning ig‘volari sabab sovchilar uyimizga qaytib kelishmasdi.
Ko‘zoynak taqardim. Bunga katta bir nuqsondek qarashardi. O‘qishga kirganimdan so‘ng linza qo‘ydirganman. Lekin odamlar bir vaqtlar ko‘zoynak taqqanimni unutishmasdi.
Tuhmat toshi
Ishxonada birinchi tuhmat bilan yuzlashdim. O‘zimga yaqin do‘st sifatida ko‘rgan hamkasb opam meni sovun o‘g‘irlaganlikda aybladi. Bu hayotimdagi birinchi zarba edi. Yangi ishga kirgan odam jamoada «o‘g‘ri» degan nomni orttirishi qanchalar yomon. Kamiga u tuhmat bo‘lsa! Kelib-kelib sovun o‘g‘irlaymanmi? Bunga ba’zilar ishondi, ba’zilar esa yo‘q. Xullas nomim o‘g‘riga chiqdi. Dunyoda qanchalar razil odamlar borligiga ilk bor guvoh bo‘ldim.
Hayotimdagi keyingi nohaqlikni esa menga sovchi qo‘ygan yigitdan ko‘rdim. Xarakteri juda qo‘pol bo‘lgani sabab, unga tegmadim. Ko‘p bora uydagilarini jo‘natdi, men rad etdim. Keyin boshqacha yo‘lga o‘tdi. Ishxonamga tekshiruvchi bo‘lib kelib, aynan meni tanqidga olishdi va ko‘p bora sheriklari bilan darsimni nazorat qilib yo‘q joydan kamchilik topib, ko‘pchilikning yonida izza qilishdi, yig‘latishdi. Vaholanki, hali ishga kirganimga endigina bir oy bo‘lgandi. Tabiatan kamgap bo‘lganim uchun jamoadagilar meni kibrli odamlarni mensimaslikda ayblashardi. Hatto kelgan sovchilarga men haqimda shunday ta’rif berishardi.
Oilada hammamiz davlat ishida ishlardik. Onam kamsuqum ayol bo‘lgani, dadamning iznidan chiqmagani bois qo‘shnilar bilan gaplashib o‘tirmasdi. Bunga vaqtlari ham bo‘lmasdi. Qo‘shnilarning turmushi qanday, kimning qizi ajrashdi, kimning uyida urush bo‘ldi, xullas g‘iybatlarga qo‘shilmasdik. Bu esa kelgan sovchilarga yomonlash uchun yana bir bahona bo‘ldi. «Toshkentda o‘qib kelgan, kim biladi u yoqda nima qilib yurganini», kabi gap-so‘zlar oraladi. Bu orada onam insult bo‘lib, bir tomonlari ishlamay qoldi. Har doim ishlab, odamlar orasida yurgan odam bir joyda yotishi judayam og‘ir bo‘larkan.
«Kasal kelin kimga ham kerak?»
Kunlar shu zaylda o‘taverdi. 30 yoshni qarshiladim, uydagilarning majburlashlari ortidan bir yigitga unashtirildim. Yigit taniqli bir xonandaning musiqachisi, ham tadbirkor edi. Unashtirilgan yoshlar qanday bir-birga talpinishadi, bizda esa aksincha, munosabatlar sovuq edi. Men uni qo‘ng‘iroq qilishini kutardim, albatta. U bo‘lsa bir haftada bir telefon qilardi, SMS ham yozmasdi hatto. To‘y kuni ham belgilandi.
Orada sog‘lig‘imda muammo paydo bo‘la boshladi. Belimda kuchli og‘riq, tekshiruvlardan grija bo‘lib qolganim ayon bo‘ldi. Ko‘rsatmagan joyimiz qolmadi, kasallik shunday avj oldiki, o‘rnimdan turolmay qoldim. To‘shakka mixlandim. 4 oy shu tarzda o‘tdi. Kuyov bolani esa parvoyi palak, e’tibor ham bermadi. Inson aynan shunaqa paytda atrofidagilardan, yaqinlaridan mehr-e’tibor kutarkan. Bir umr kutganim, orzu qilganim nahotki, shunchalar bemehr inson bo‘lsa?!
Gapimiz gapimizga to‘g‘ri kelmay qoldi. Men unashtiruvni buzishga qaror qildim. Orada har xil gap-so‘zlar bolaladi. «Kasal kelin kimga ham kerak», «kasalmand, ertaga farzandli bo‘loladimi, yo‘qmi», singari gap-so‘zlar o‘zimgacha yetib kelardi. Alloh insonni turli sinovlar bilan sinarkan. Kimlar haqiqiy, kimlar soxta do‘st ekanini ko‘rsatib qo‘yarkan.
Qalbim bo‘m-bo‘sh
Dard bergan shifosiniyam beradi, albatta. Muolajalardan keyin oyoqqa turdim, hayot yo‘lida davom etdim. Oradan uch oy o‘tdi. Og‘ir kunimda yonimda turolmagan inson yana hayotimda paydo bo‘ldi. Salkam olti oy uyga tinmasdan uzr so‘rab kelishdi. Tabiiyki, non qaytganidan uydagilarning boshlari egilgan, keladigan sovchilar ham unashtiruv buzilganini eshitib yo‘q bo‘lib qolishardi.
Shuning uchunmi uydagilar inson xato qilishini, aybini tushunib kelganda esa kechirishni tinmay ta’kidlashardi. Mening esa qalbim bo‘m-bo‘sh, unga nisbatan hech narsani his qilmasdim. Qiz bola ojiza bo‘larkan, yana rozi bo‘ldim.
To‘y o‘tdi. Turmush o‘rtog‘imni iznidan chiqmaydigan, itoatkor ayolga aylandim. Unga ko‘ngil qo‘ydim, balki ko‘nikdim. U to‘ydan keyin ham beparvolikda davom etdi. Biz yangi kelin-kuyov alohida yashardik. Ertalabdan kechgacha uyda bir o‘zim zerikardim, ularning kelishlarini intizorlik bilan kutardim. Kelganida esa kompyuter, telefondan boshini ko‘tarmasdi. Hatto kechasi birga uxlamasdik, «sen kiraver, ishlarim bor», deb boshqa xonada ishlab o‘tirardi.
Beparvolik so‘ldirarkan...
Tushunishimcha, turmush o‘rtog‘im chetdan yuk olib kelib sotardi va bu bilan tunda shug‘ullanardi. Ayol kishini beparvolik, mehrsizlik so‘ldirarkan. Birga yashasang-u, uni sog‘insang, bu qanday azob... Hammaga o‘zimni baxtli ko‘rsatishga harakat qilib rol o‘ynardim.
Qaynonamlar bizga yaqin joyda yashardi. Yangi kelinligimda borib xizmatlarini qilib kelardim. Ularning oilasida muhit boshqa, ya’ni birdamlik yo‘q, opa-singillar bir-birini yoqtirmaydi. Kelinning esa oilada o‘rni yo‘q, hatto birga gaplashib o‘tirishmasdi. Suhbatlariga qo‘shilish uchun bir-ikki og‘iz gapirsam, eshitmaganga olishardi. Oilaviy muhokama qiladigan mavzu chiqib qolsa, kelinni, ya’ni meni tashqariga chiqarvorishardi.
Dunyoviy ilm ular uchun birinchi darajali edi, diniy ilmdan esa deyarli xabarlari yo‘q. Hatto namoz o‘qishni behudaga vaqt ketkazish, deb hisoblab, o‘qishimga qarshilik qilishardi. Diniy ilmdan xabarlari yo‘qligining yana bir isboti — xo‘jayinim meni umuman qizg‘anmasdi, hatto uyimizga har xil begona erkaklarni jo‘natardi. Men esa savdolar yuzasidan oldi-berdi qilardim. Hatto begona erkaklarga nomerimgacha bergandi.
Bunday munosabatdan yig‘lardim, sababi meni uyimizdagi erkaklar shu inson uchun qanchalar avaylashgan, ishga olib borib olib kelishardi, hatto. Bu erkakning hayotida balki boshqasi bordir, bo‘lmasa bu qadar beparvo bo‘lmasdi, deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin bu xato, uning hayotida mendan boshqasi yo‘q, bunga ishonchim komil.
Bu orada ular to‘ylargayam chiqmay qo‘ydi, bunga o‘zlari qaror qildilarmi yoki jamoadan chiqarib yuborishdimi, bunisi menga qorong‘i.
Ba’zida ular o‘ylanib, siqilib ko‘p uf tortardilar. Sababini so‘rasam umuman aytmasdi. Bir kun bexosdan telefonda gaplashayotganlarini eshitib qoldim. Suhbat asosan pul haqida bo‘ldi. Suhbatdan tushundimki xo‘jayinimning kimdandir qarzi bor. Buni avvaldan xatti-harakatlaridan yonimda telefonda gaplashmay ko‘chaga chiqib gaplashib kelishidan sezardim, lekin isbotim bo‘lmagani uchun o‘zimni o‘zim yaxshi bo‘lishiga ishontirardim. Turmush o‘rtog‘imning noqonuniy ishi bo‘lmasin, Alloh unga insof bergin, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmagin, deb duolarimda tinmay so‘rardim.
Baxtli kunlarimiz ham bo‘lgan
Bir yillik turmushimiz davomida erim men uchun ikki marta vaqt ajratgan. Birinchisi, ko‘zimda juda qattiq og‘riq his qilganimda. O‘shanda ko‘zimning og‘rig‘iga chidolmay qoldim. Erim beparvo yuraverdi. Telefonlashganimizda otamga ko‘zim haqida aytdim. Shunda kuyoviga telefon qilib, «sizlar Toshkentda bo‘lsangiz ko‘rsating ko‘zini, biz viloyatda turib nima qilolamiz hozir?» deb gapirgan. Erim otamdan hayiqardi. Meni doktorga olib bordi. Shifokor tekshirib, ko‘zimning shoxpardasi shikastlangani operatsiya qilinmasa ko‘r bo‘lib qolishim mumkinligini aytdi. Shunda erim qaynonamdan yashirincha ko‘zimni operatsiya qildirib berdi. Bu menga qilgan birinchi va yagona yaxshiligi bo‘lib qoldi.
Ikkinchisi esa tug‘ilgan kunimda bo‘ldi. Bu turmushga chiqqanimdan keyingi birinchi tug‘ilgan kunim edi. Har yili bu kunni oila davrasida shodiyona bilan nishonlardik. Uyimiz qarindosh-urug‘lar, bolalarning qiy-chuvi bilan to‘lib ketardi. Birinchi marta tavallud kunimda bir o‘zim, uyda yolg‘iz o‘tirdim. Kechqurun to‘qqizlarga yaqin erim ishdan keldi. Juda xafa edim, lekin sezdirmaslikka harakat qildim. Qandaydir mo‘jiza bilan erim shu kuni meni ovqatlanishga olib bordi. Ikki soat vaqtini men uchun ajratdi. Ayol kishi uchun erining e’tibori nechog‘lik muhim ekanini shu kuni his qildim.
Tahlika ichida yashadim
Bir kun erim yangi hamkorlarim, deb qandaydir odamlarni uyga boshlab keldi. Ular bilan birga ish boshlaganini aytib meni tanishtirdi. Erimning ishlariga tushunmasdim. Tez-tez yo‘qolib qolardi. Ba’zida chet davlatlarga chiqib kelardi. Qaynonamga bu haqida aytsam, erkak kishi ko‘chaning odami, deb meni koyib berdi.
Shundan so‘ng Ispaniyaga vizam chiqibdi, deb narsalarini yig‘ib bir hafta yo‘q bo‘lib ketdi. «Bu gap qayerdan chiqdi», desam «ancha bo‘lgandi topshirib qo‘yganimga ,endi chiqibdi, borib kelmasam bo‘lmaydi», dedi-yu ketdi. Xullas erimning ana shunday ishlari ko‘p edi.
Erim qancha topishini, ochig‘i, bilmasdim. Chunki uyga pul olib kelmasdi. Shaxsiy ehtiyojlarim uchun ota-onam pul berishardi. Erim hatto o‘ziga kiyim olishga ham pulni qizg‘anardi. Uning kiyinishi uchun ham uydagilarimdan pul olardim.
Bir kuni erim va u men bilan tanishtirgan yangi hamkorlari eshik taqillatib kelishdi. Qulfni ochdim-u, xonamga kirib ketdim. Odatda shunday qilardim. Erkaklar oldida turgim kelmasdi. Ularning oshxonaga o‘tgani, u yerda baqir-chaqir bo‘lganini eshitdim. Yugurib chiqsam — erimning sheriklari «u o‘zini o‘ldirdi, qarzdan qutulish uchun atayin qildi», deb gapirib, chopgancha chiqib ketishdi.
Oshxonaga borsam erim yerda yotar, yuragiga pichoq sanchilgandi. Qo‘rqib ketdim. Nima qilishimni bilmay qaltirab qoldim. Borib erimning yuragidan pichoqni sug‘urib oldim, qo‘llarim qon bo‘lib ketdi. Nima qilishni bilmay, qaltirab qoldim. Xona bir zumda odamlar bilan to‘ldi. Tez yordam erimni shifoxonaga olib ketdi. Meni esa tergov qilishdi. Avvaliga meni erini o‘ldirgan, deb o‘ylashdi. Stressga tushib qoldim.
Keyin ma’lum bo‘lishicha (erim o‘ziga kelganidan so‘ng aytib berdi), hamkorlari unga tuhmat qilishgan, ulardan foydasini so‘rasa bo‘yniga bir necha barobar yuqori qarz ilib qo‘yishgan, uyni ularning nomlariga o‘tkazib berishini, yo‘qsa xotinini ko‘z oldida xo‘rlashlarini aytishgan. Erim ularni uyga boshlab kelgan va oshxonada o‘z joniga qasd qilgan.
Erimning ahvoli og‘ir edi. Mening ahvolim erimnikidan ham battarroq edi. Meni qaynonam erimning oldiga qo‘ymadi, uyingizga borib davolanib keling, hozir unga qarolmaysiz deb, onamnikiga jo‘natib yubordi. Qizlik uyimda bir muddat davolanib erimning oldiga qaytdim.
Qaynonam erimga xotining seni tashlab ketib qoldi. Ko‘rdingmi, unga og‘ir damda kerakmassan, faqat puling kerak, debdi. Shusiz ham sovuq turmushimiz battar muzladi. Menga erim pul sarf qilmasa, qanday uning puli uchun oldida bo‘ladi, deb o‘ylashi mumkin?
Turmush o‘rtog‘imning oila a’zolari uchun pul qadrli, noyob narsa. Bunga ko‘p bor amin bo‘ldim. Hatto, bilasizmi, opa-akalari bu ishlar bo‘lgandan keyin mulklarni o‘zlarining nomiga o‘tkazib olishibdi. Ular uchun o‘g‘li qamalsa qamalsin mulklar ketmasin, shunaqa fikr bor ekan.
Erim ahvolim og‘ir, davolanmasam bo‘lmaydi, deb viloyatga qochib keldi. Qaynonam har doimgidek sizning onangiz yosh, men sizga qarashga holim yo‘q. Bizga shuncha qaradingiz, osh-ovqatimizdan xabardor bo‘ldingiz, rahmat sizga. Endi borib o‘zingiz ham davolanib keling, o‘zimiz borib olib kelamiz, deb meni onamnikiga jo‘natib yubordi.
Kelib telefon qilsam, hech kim olmadi. Na erim, na qaynonam, qaynopalarim ham ko‘tarishmadi. Keyin xabar yozdim. Bir hafta o‘tdi hamki dom-darak bo‘lmadi. Bir oy kutdim na xat, na xabar bo‘ldi. Bir oydan so‘ng otam, opam va men kelinlik uyimga bordik. Erim aqalli o‘rnidan turishga yaramadi. Otamga salom ham bermadi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyatga kelganimizdan so‘ng ishlar chuqurlashgan, erimning yana boshqa qarzlari ham chiqib kelgan. Xabar topib odamlarga aytib qo‘ymasligim uchun uyimga jo‘natib yuborishgan. Tanishlari menga telefon qilib haqiqatni aytib qo‘yishi mumkinligini xayollariga keltirishmagan bo‘lsa kerak...
Oilada muhit yaxshimas. Ular dadasiniyam tan olmaydi. Doim yomonlagani yomonlagan. U odam bo‘lsa insult bo‘lgan, yuvoshgina qariya. Men qaynonamni aybdor, deb bilaman. U ularni shunaqa qilib tarbiyalagan. Oilada otaning o‘rni yo‘q.
Eshitishim bo‘yicha, hozir shu yerda ayasi bilan, tergov bo‘lganda borib kelib qolgan payt uyda ekan. Men, bilasizmi, nimadan qiynalyapman? Bir yil yashab uning uchun zarrachayam qadrim bo‘lmaganidan. Nahot inson xotinini sog‘inmasa, hayoti qanaqa kechayotgani bilan qiziqmasa?
Men qo‘limdan kelgancha kurashdim, ammo qars ikki qo‘ldan chiqar ekan. Oilaning oila bo‘lishi uchun er-xotin birdek harakat qilmasa bo‘lmas ekan. Men erimning hech nimasi bo‘lmagan taqdirda ham adashgan deb kechirib yashardim. Lekin oradan qancha vaqt o‘tdi.. Undan hamon darak yo‘q... Buni kechirolmayman. Ajrashish uchun ariza bermoqchiman, miyamdagi savollardan juda charchadim. To‘g‘ri qilyapmanmi, shunday inson bilan hayotni davom ettirish mumkinmi?
Hayot davom etadi
Shahnoza Jumaqulova, psixolog:
Avvalo bir to‘xtamga kelib oling, yashasam hayotim qanaqa bo‘ladi va yashamasam nima bo‘ladi?
Ikkita holat bo‘yicha yaxshi va salbiy holatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator sabablarni bir qog‘ozga yozib chiqing. Shunda bir qarorga kelishingiz oson bo‘ladi.
Oila buzilmasligi uchun yana bir marta imkon bermoqchi bo‘lsangiz, turmush o‘rtog‘ingizni qisqa suhbatga chaqiring. Suhbat davomida o‘tgan ishlarni qaytadan muhokama qilish shart emas. Aniq maqsadga o‘ting:
1. Oilani tiklash niyati bor-yo‘qligini biling.
2. Oilaning himoyasi, xotirjamligi uchun qarzlarni to‘lagandan keyin munosabatni davom ettirish to‘g‘riligini ayting.
3. Yana shu holatga tushmaslik va oilaning iqtisodiy ta’minotini barqarorlashtirish uchun ham bir ish boshini tutishi yaxshi bo‘lishini tushuntirib keting.
Turmush o‘rtog‘ingiz «bola» pozitsiyasida fikrlovchi inson, oila mas’uliyati, himoyasi tushunchasidan uzoq.
Qachonki, qarzlaridan qutulib tayinli ishda ishlab, sizning himoyangizni zimmasiga olgandagina voyaga yetgan inson pozitsiyasiga o‘tadi.
Doimiy qarzdorlikda yurib, atrofni aldash hisobiga kun o‘tkazuvchi insonlarni, psixologlar «gipertimlar» psixotipiga qo‘shishadi.
Ular mas’uliyat tushunchasi va jarayonning oqibatlari nimalarga olib kelishi haqidagi to‘g‘ri tushunchalardan uzoq bo‘lishadi. Jamiyatdagi, oiladagi majburiyatlarini his qilishmaydi. Ishonchga kirish bo‘yicha rol o‘ynashdagi xarizmada ularga teng keladigani yo‘q. Doimiy ichki depressiyada yurishadi. Qarz olishganida ham o‘zlarini bugungi kunlari uchun o‘ylamay sarflashadi. Orzusidagi noreal dunyoda yashashadi.
Qarzdorlikning oxiri yomonligini bilishsa-da, qanchalik boshlari urilsa ham yana shu ishida davom etaverishadi. Tormoz va me’yor prinsiplarini bilishmaydi. Bunday insonlar bir qarzni ikkinchisi bilan qoplab ketaverishadi. Qarabsizki, o‘zlarini bu xulqdan to‘xtata olmaydi. Bu ularning hayot tarziga aylanib qoladi.
Shunday ekan, siz turmush o‘rtog‘ingizni bu holatidan chiqishga qutqaruvchi bo‘lolmaysiz. Toki vaziyatni jiddiy qabul qilib, o‘zini qo‘lga olmaguncha.
Agar ikki taraf ham adekvat do‘stona bir-birlaringizga bu shartlar ma’qul bo‘lsa, vaziyatni chuqurlashtirmasdan, yana qaytaraman, toki natija bo‘lgachgina yana birga oilani tiklashni maqsad qilinglar.
Turmush o‘rtog‘ingizni qarzlari bo‘yicha sizni har xil insonlar bezovta qilsa, bu ishga aloqangiz yo‘qligini ayting, tahdid qilishsa, qonun doirasida ish ko‘rishingizni aytib, qonun bilan o‘zingizni himoya qiling.
Ushbu vaziyatda, yaqinlaringizning yonida bo‘lishingiz o‘z sog‘lig‘ingiz uchun yaxshi. Agar bunaqa kriminal holatlarda turmush o‘rtog‘ingiz bilan bir uyda turishingiz ham ruhiy, ham jismoniy tomondan sizga zarba bo‘ladi.
Sud ajrashishga vaqt beradi. Shu vaqt mobaynida ham ish natija bermasa, bunday holatda qaytadan yangi maqsadlar bilan oldinga harakat qilishga intiling.
Hayot davom etadi. O‘zingizni qo‘lga oling, tanangiz sog‘ aqlingiz teran, yaxshi tarbiya olgan insonsiz. Maqsad qo‘ying, reja tuzing, imkoniyatingizdan kelib chiqqan holda o‘z ustingizda ishlang. Sog‘lom ruhiy holatdagina, sog‘lom fikrlay olasiz va to‘g‘ri qaror chiqarasiz.
Ushbu vaziyatingizda psixolog qabuliga borishingizni maslahat beraman. Hozirgi depressiya holatidan chiqishingizda va keyin aniq bir qarorga kelishingizda mutaxassis maslahati siz uchun zarur.
Charos Mannonova suhbatlashdi.