Putin Ukrainada yadro qurolidan foydalanishga jur’at etadimi?

Jahon 19:12 / 04.10.2022 42364

Rossiyaning harbiy doktrinasi asosan yadro qurolidan foydalanishga tayanadi. Lekin, birinchi navbatda gap uning jang maydonida to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanishi haqida emas, balki eskalatsiyaga tayyor ekanini namoyish qilish orqali raqibga bosim o‘tkazish haqida ketadi. 

Vladimir Putin Ukrainaga yadroviy zarba berish ehtimoli haqida gapirganda, shu strategiyaga muvofiq ish tutyaptimi yoki yo‘qmi, baholash qiyin. Rossiya Federatsiyasi qanday obektlarga hujum qilishi mumkinligini taxmin qilish ham oson emas. Ekspertlar yadro qurolidan foydalanish ehtimoli bugungi kunda nolga teng bo‘lmasa-da, past ekani va Moskvaning zarba berishga tayyorgarligi hali boshlanmagani haqida yakdil fikrga ega. Aks holda G‘arb razvedkasi yuqori ehtimol bilan buni payqagan bo‘lardi. 

Rossiya yadro strategiyasi haqida deyarli hech kim hech narsa bilmaydi. «Meduza» uning amalda qo‘llanish istiqbollarini tahlil qildi. 

Maqolaning nisbatan qisqacha mazmuni 

Yadro quroli rossiyalik harbiy nazariyotchilar tomonidan mamlakat harbiy doktrinasining juda muhim qismi sifatida qaraladi. Shu nuqtayi nazardan, Rossiya va AQSh o‘rtasida chuqur farq bor. Bu 1980-yillarda «aniqlik inqilobi» deb nomlangan jarayon natijasida yuzaga keldi. U Amerika uchun yadro qurolini dushmanni «tiyib turuvchi» eng muhim vosita maqomidan tushirdi yoki deyarli ma’nosiz qildi. 

Rossiya armiyasi, aksincha, yadro arsenalini (birinchi navbatda, nostrategik qurollarni) G‘arbning yuqori texnologiyali qurollariga qarshi turishi mumkin bo‘lgan asosiy kuzir sifatida ko‘radi. Uni qo‘llashning eng muhim omili dushmanga psixologik ta’sir ko‘rsatish, ya’ni ehtimoliy tajovuz to‘xtatilgunga va «Rossiyani qoniqtiradigan shartlarda» tinchlik sulhi tuzilgunga qadar eskalatsiya darajasini oshirishga tayyorligini namoyish etish hisoblanadi. 

Bu vazifa bilan solishtirganda, harbiy maqsadlarga erishish uchun quroldan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish ikkinchi darajaga tushadi. Rossiyaning tiyib turish tizimiga ko‘ra, mojaro bunday darajaga yetishidan oldin, u «tiyib turish» zinapoyasidan to‘liq o‘tib olishi kerak. Uning har bir zinasida yadro quroli yoki undan foydalanish tahdidi o‘z rolini bajaradi. Bunda alohida emas, balki boshqa ta’sir turlari bilan birgalikda: yadroviy bo‘lmagan yuqori aniqlikdagi qurollar, kiberhujumlar, iqtisodiy choralar va boshqalar. 

Shu bilan birga, harbiy strateglar tomonidan puxta ishlab chiqilgan bu tizim mudofaa urushi ssenariysidan kelib chiqadi – bunda himoya qilinishi kerak bo‘lgan nishonlar haqida aniq tasavvur bo‘ladi. 

Ammo, yangi hududlarni egallab olish bilan bog‘liq tajovuzkor urush sharoitida mudofaa strategiyasini qanday «shakllantirish» kerakligi tushunarsiz. 

Rossiyaning oliy rahbariyati nazariyani amalda qanday talqin qilishi ham noma’lum – chunki, hatto bunga nisbatan kam ahamiyatli harbiy qarorlar ham «qoida»larga zid holda qabul qilingan. 

Yadro qurolidan foydalanish bilan bog‘liq noaniqliklar juda ko‘p: ekspertlar ko‘pincha oddiy narsalar bo‘yicha ham yakdil emas. Biroq, shu bilan birga, noaniqlik tiyib turuvchi tizimning asosiy xususiyatidir («xato emas, balki xususiyat»). Chunki ko‘p hollarda tomonlar o‘z so‘zi va harakatini tushuntirish uchun maqsadli ravishda kengroq maydon qoldiradi va dushmanni ehtimoliy javob qanday bo‘lishini taxmin qilishga majburlaydi. 

Deyarli barcha mutaxassislar hamfikr bo‘lgan narsalarni ikkiga ajratish mumkin: 

  • Birinchidan, yadro qurolidan foydalanish xavfi bor va uning ehtimoli nolga teng emas. Ukrainada urush boshlanganidan beri u sezilarli darajada oshdi, ammo hali ham unchalik yuqori emas. Masalan, uni Karib inqirozi davridagi xavf bilan taqqoslab bo‘lmaydi;
  • Ikkinchidan, agar Rossiya rahbariyati nostrategik yadro qurolidan foydalanishga qaror qilsa, biz bu haqda oldindan bilib olamiz. Hozir esa buni bilmaymiz, demak, tayyorgarlik hali boshlanmagan. 

Mutaxassislar Rossiyaning yadro strategiyasi haqida nimani bilishadi va nimani bilishmaydi? 

Qisqacha. Hatto ko‘p yillar davomida yadro strategiyasini o‘rganayotgan odamlar ham bu sohada aniq bir narsa aytish mumkin emasligini tan olishadi. Muammo shundaki, tomonlar ataylab bir-birini haqiqiy rejalardan chalg‘itishga urinishadi. Yadro qurolidan amalda foydalanish tajribasi esa AQShning Hirosima va Nagasakiga bergan zarbalari bilan cheklanadi. 

Batafsil. Rossiyaning qurollari va strategik rejalari, shu jumladan yadroviy quroldan foydalanish tamoyillari haqidagi ma’lumotlarning aksariyati tabiiyki maxfiylashtirilgan. Bu yadroviy qurol haqida ma’lumot olish uchun har qanday ekspert yoki ilmiy adabiyotlarga murojaat qilishdan oldin tushunish kerak bo‘lgan asosiy narsa. Ushbu mavzuda tayanish mumkin bo‘lgan va maxfiylashtirilmagan ma’lumotlar cheklangan: 

  • rasmiy hujjatlar – «Rossiya Federatsiyasining yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosatining asoslari»; Rossiya Federatsiyasining 2020 yilgacha bo‘lgan milliy xavfsizlik strategiyasi; Rossiya Federatsiyasining harbiy doktrinasi;
  • Rossiya harbiy olimlar tomonidan yadro qurolidan foydalanishning nazariy imkoniyatlari va usullari muhokama qilingan juda ko‘p ochiq ilmiy adabiyotlar;
  • Ba’zida ommaviy axborot vositalari sahifalarida paydo bo‘ladigan G‘arb razvedkalarining maxfiy ma’lumotlari;
  • U yoki bu eskalatsiya variantida harbiylarning harakatlari modellashtiriladigan «strategik o‘yinlar»ga asoslangan eksperimental tadqiqotlar. 

«Rossiya Federatsiyasining yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosati asoslari» – mavzu bo‘yicha eng muhim ochiq hujjat. U atigi olti sahifadan iborat va nihoyatda ixcham. «Asoslar» Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish imkoniyatini ochadigan shartlarni belgilaydi: 

  • Yadroviy javob zarbasi (Rossiya Federatsiyasi va/yoki ittifoqdosh davlatlar hududi tomon ballistik raketalar uchirilishiga, ushbu hududlarda yadro qurolidan foydalanishga va Rossiya yadro kuchlarining javob zarbasini oldini olishga qaratilgan har qanday, shu jumladan yadroviy bo‘lmagan zarbalarga javoban);
  • Yadroviy bo‘lmagan urushga yadro zarbasi (Rossiya Federatsiyasiga an’anaviy qurollardan foydalangan holda tajovuz qilish va davlat mavjudligiga tahdid etishga javoban). Hujjatda bunday tahdid qachon paydo bo‘lishi qanday aniqlanishi mumkinligi haqida hech qanday tushuntirish berilmagan, shu tufayli talqin qilish uchun keng maydon qoladi. 

Har qanday holda, yadro zarbasi berish haqidagi qaror Rossiya prezidenti tomonidan qabul qilinadi. 

Rossiyaning yadro strategiyasi haqidagi ma’lumot manbalari albatta «Asoslar» va boshqa rasmiy hujjatlar bilan cheklanmaydi. Rossiya harbiy nazariyotchilarining ko‘plab adabiyotlari bor. Ularning mehnati yopiq, maxfiy hujjatlar asosidagi yadro strategiyasi tushunchasini ma’lum darajada aks ettirishi mumkin. 

Bunday adabiyotlar faol o‘rganilmoqda. Masalan, 2020 yilda amerikalik harbiy tadqiqotchilar Mixail (Maykl) Kofman, Anya Lukyanova Fink va Jyeffri Edmonds «tiyib turish» strategiyasiga bag‘ishlangan 700 dan ortiq maqolalarni tizimli tahlil qilishdi va rossiyalik harbiy nazariyotchilar yadro qurolidan foydalanish ssenariylarini qanday tasavvur etishi haqida keng qamrovli hisobot taqdim etishdi. 

Shu bilan birga, mualliflar tan olishadi: rasmiy hujjatlarda («Asoslar» va boshqalarda) ochiq tasvirlangan narsalarni o‘ta ehtiyotkorlik bilan talqin qilish kerak. Chunki bunday hujjatlar birinchi navbatda ehtimoliy raqib uchun yoziladi va unda ko‘p narsalar yashiriladi. 

Xo‘sh, Rossiya qanday holatlarda yadro qurolidan foydalanishi mumkin? 

Qisqacha. Bu noma’lum. 

Batafsil. Kofman va hammualliflar o‘z sharhida zamonaviy rus yadro doktrinasi qanday paydo bo‘lgani va qanday ishlab chiqilganini batafsil tasvirlab berishdi. O‘tgan asrning 80-yillarida sovetlarning harbiy strateglari va oliy rahbariyati o‘ziga xos qiyinchilikka duch keldi: G‘arbda sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi ixtiro qilinishi va raqamli texnologiyalar rivojlanishi natijasida qurolsozlikda «aniqlik inqilobi» yuz berdi. 

Rossiya harbiylari ommaviy aerokosmik hujumdan xavfsiray boshladi, bunda Qo‘shma Shtatlar yuqori aniqlikdagi qurollar, radioelektron urush vositalari, taktik va uzoq masofaga parvoz qiluvchi aviatsiyadan foydalangan holda o‘z hududidan turib uzoq masofadagi nishonlarga zarba berishi mumkin edi. 

2000-yillar o‘rtalariga kelib, Rossiyaning asosiy xavotiri qurolli kuchlarini falaj holatga tushirishi va muhim infratuzilmalarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, dushmanning uzoq davom etadigan harbiy havo kampaniyasiga qaratildi. Ushbu tahdidga javoban zamonaviy «tiyib turish» strategiyasi ishlab chiqildi, bunda yadro quroli asosiy rol o‘ynaydi, deb yozadi harbiy tahlilchilar: 

Rossiya strategiyasi yadroviy va yadroviy bo‘lmagan «tiyib turish» vositalarini o‘zida mujassamlashtirgan. U 1990-yillarda kuchlarning moslashuvchanligi va imkoniyatlari pastligi natijasida yuzaga kelgan to‘g‘ridan to‘g‘ri eskalatsiya dilemmasini hal qilishga qaratilgan: AQSh urushning dastlabki davrida Rossiya kuchlari bilan minimal darajada to‘qnash kelgan holda, an’anaviy vositalar orqali zarar yetkazishi va yuqori aniqlikdagi qurollar yordamida g‘alaba qozonishi mumkin edi. 

Moskvaning javobi harbiy janglar maydonida nostrategik yadro qurollaridan keng miqyosda foydalanishni nazarda tutgan. Bu nomaqbul holat sifatida qaralgan, u rossiyalik harbiylarning «tiyib turish zinapoyasi»ni qurish uchun yo‘l va vosita izlashga majburlagan, eskalatsiyani an’anaviy va yadroviy boshqarish variantlarida moslashuvchanlikni talab qilgan. 

An’anaviy kuchlarni modernizatsiya qilish Rossiyaning yadroviy mojaro yuqori pog‘onalarida yadro qurolidan foydalanish muhimligi haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirmagan. 

Shu sababli, amerikalik strateglardan farqli o‘laroq, rossiyaliklar yirik yadroviy kuchlar o‘rtasidagi urush oxir-oqibat yadro qurolidan foydalanishga olib kelishini kutishadi. Sovet strateglarining aksariyati ham xuddi shunday fikrda edi. Biroq, eski hamkasblaridan farqli o‘laroq, bugungi rus harbiylari yadro qurolidan cheklangan holda foydalanish, albatta, eskalatsiyaning nazoratsiz keskinlashuviga olib keladi deb hisoblamaydi. Ularning fikricha, oddiy va yadroviy qurollardan me’yorida foydalanish nafaqat real, balki asosiy tiyib turuvchi omil bo‘lishi ham mumkin. Kofmanning fikricha, bunday yondashuv harbiy nazariyotchilarni quvontirmaydi, balki Rossiya o‘z zaifligini anglab turgan sharoitda zarur chora sifatida ko‘riladi. 

Rossiya yadro qurolini muhim deb biladi, chunki uning psixologik ta’siri va «tiyib turuvchi» samarasini oddiy qurollar bilan almashtirib bo‘lmaydi. Oddiy so‘zlar bilan aytganda, an’anaviy qurollarga sarflangan bir rublni yadroviy qurolga sarflangan rublning «tiyib turuvchi» ta’siri bilan taqqoslab bo‘lmaydi. 

Mutaxassislarning ko‘pchiligi yadroviy zarba ehtimoli borligi va bu shunchaki quruq gap emasligiga ishonadi. Misol uchun, Skoukroft strategiya va xavfsizlik markazi direktori vazifasini bajaruvchi va avvalroq Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp ma’muriyatida ishlagan tahlilchi Mettyu Kroning Rossiyadagi safarbarlikdan oldin chiqarilgan maqolasida tan olishicha, «Yadro tahdidi Rossiya harbiy strategiyasining asosi hisoblanadi va Vladimir Putinning Ukrainaga yadroviy zarba berish haqidagi buyrug‘i ehtimoli nolga teng bo‘lolmaydi». 

Ekspertlardan hech kim uni «nolga teng» deb hisoblamayapti. Garchi ba’zilar safarbarlikning boshlanishi yadroviy kuchlardan foydalanish ehtimolini sezilarli darajada kamaytirishi kerak deb hisoblasa ham. Masalan, Jorjtaun universitetining Uolsh diplomatiya xizmati maktabida xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqotlar professori Ketlin Tamajning fikriga ko‘ra, safarbarlik yadro quroliga nisbatan xavfsizroq muqobil: 

Haqiqiy umidsizlikka tushgan Putin Ukrainadagi armiyasining qulashini to‘xtatish uchun boshqa imkoniyatlar qolmagan sharoitda yadro qurolidan foydalanishi mumkin edi. «An’anaviy» kuchlar qudratini oshirishga urinish esa Ukrainadagi maqsadiga erishish vositasi sifatida yadroviy hujum qilmoqchi emasligini ko‘rsatadi. 

Putin, albatta, biladiki, Rossiya tomonidan har qanday yadro qurolidan foydalanish dahshatli va tasavvur qilib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi, bunga Bayden ma’muriyati qayta-qayta ishora qilgan. Albatta, bunday safarbarlik bilan ham Rossiyaning jang maydonidagi muvaffaqiyati kafolatlanmagan. Ammo bu qadam vaqtdan yutishga imkon beradi va eskalatsiya zinapoyasida yadroviy bo‘lmagan qadamni tashlashga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Ichki cheklovlarni his qilmaydigan shaxsiyatchi-diktator tomonidan boshlangan mojaroda yadro urushining oldi olinishi – bu yaxshi yangilik. 

«Tiyib turish zinapoyasi» modeli (A.V.Muntyan, Yu.A.Pechatnov. «Problemnyye metodologicheskiye voprosy razrabotki mexanizma silovogo strategicheskogo sderjivaniya» // Strategicheskaya stabilnost. — 2010. — №3). Kofman va Fink tomonidan adaptatsiya qilingan.

«Zinapoya» (jadvalga qarang) bir eskalatsiya bosqichidan ikkinchisiga o‘tish uchun turli variantlarni taklif qiladi. Ammo hech bir mutaxassis qaysi bosqichda yadroviy chegara buzilishi mumkinligini va buning uchun nima sodir bo‘lishi kerakligini oldindan aytish imkoni bor deb hisoblamaydi.

«Harbiy doktrinada Rossiyaning yadroviy chegarasi sifat jihatidan umumiy tarzda ta’riflangan – uni miqdoriy baholash uchun hech qanday vosita yo‘q», deydi Kofman va Fink.

Ularning fikriga ko‘ra, siyosiy rahbariyat mavjud bo‘lgan eskalatsiya turlaridan qaysi birini tanlashi ham noma’lum:

Harbiy strategiya ehtimoliy harakat yo‘nalishlarini aniqlashga yordam beradi va siyosiy rahbariyat nimani tanlashi mumkinligi haqida tasavvur uyg‘otadi. Lekin u siyosiy rahbariyat nima qilishi yoki ishlab chiqilgan harbiy rejalarga qanchalik ishonishi haqida gapirmaydi.

Rossiya prezidenti safarbarlik e’lon qilib, yangi tahdidlar haqida gapirganidan so‘ng, ushbu iqtibos muallifi Mixail Kofman fikrini yanada soddaroq ifodaladi:

«Agar ish shu darajaga borib yetsa, Putin yadro qurolidan foydalanish masalasini o‘zining mujmal so‘zlariga mos kelishini aniqlash maqsadida, harbiy doktrinani ochib o‘qishiga ishonchim komil emas».

Agar Rossiya yadro qurolidan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, nimalar uning nishoni bo‘lishi mumkin?

Qisqacha. Bu ham noma’lum. Ba’zi ekspertlar cho‘l hududida namoyishkorona zarba berish variantiga moyil bo‘lsa, boshqalari harbiy maydondagi yirik nishonlarga zarba berish ehtimoli yuqoriroq, deb hisoblaydi. Bu holatda ma’qul nishonlarni topish qiyin bo‘ladi.

Batafsil. Barcha ekspertlar fikriga ko‘ra, birinchi ehtimoliy yadro zarbasining asosiy maqsadi bunday qurollardan foydalanish qat’iyati borligini namoyish etish bo‘lishi kerak. Bu Rossiya yadro doktrinasiga to‘liq mos keladi.

Nazariy jihatdan, qat’iyatni hech qanday qurbonlarsiz, kimsasiz hududlarga zarba berish orqali namoyish etish mumkin, xuddi avvalgi yadro sinovlari (hozirda taqiqlangan) kabi. Kofman, Kroning va boshqa ko‘plab ekspertlar bunday imkoniyat haqida gapirmoqda.

AQSh yadro siyosati bo‘yicha sobiq bosh mutaxassis va 2019 yilgacha NATO bosh kotibi o‘rinbosari bo‘lgan Rouz Getemyuller «namoyishkorona» zarba ehtimolini yuqori deb hisoblaydi. Uning fikriga ko‘ra, «Qora dengiz uzra bitta zarba yoki, ehtimol, Ukraina harbiy obektiga berilgan zarba nafaqat ukrainaliklar, balki ularning ittifoqchilari qalbida ham dahshat uyg‘otish»ga qodir.

Britaniyalik olim, tarixchi-siyosatchi Lourens Devid Fridman yangi yadroviy tahdidlar masalasiga bag‘ishlangan maqolasida Getemyuller va boshqa ekspertlar bilan sirtdan bahslashadi. Uning fikriga ko‘ra, «kimsasiz hududga berilgan zarba» ahamiyatsiz ekani tufayli ehtimoli past.

Yagona namoyishkorona zarba muammosi shundaki, ishora noaniq qolishi mumkin. Bunday zarba Rossiyaning yadro qurolidan foydalanishni qat’iy taqiqlovchi qoidalarga qarshi chiqishga tayyorligi, ammo qurolning maksimal kuchidan foydalanishga kelganda hamon ehtiyotkor ekanini ko‘rsatadi. 1945 yilda Hirosimaga yadro zarbasi berish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan oldin bunday variant muhokama qilingan, ammo unga qarshi chiqilgan. Bunday zarba Qo‘shma Shtatlarning misli ko‘rilmagan qudratli yangi qurolga ega ekanini ko‘rsatishi va buni ko‘p sonli qurbonlarsiz amalga oshirish mumkin edi. Biroq, qo‘mondonlik fikriga ko‘ra, agar yaponiyaliklar uning halokatli ta’sirini to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rmasa, ularning rahbariyati hayratda qolmagan bo‘lardi.

Agar cho‘l hududidagi portlashning ishonchliligi qaror qabul qiluvchi odamlar uchun kam tuyulsa, uning muqobil variantlari, ham harbiy, ham tinch nishonlar ko‘lami juda keng. Ular Kofman va Fink tadqiqotida batafsil muhokama qilinadi:

Siyosiy, iqtisodiy va harbiy nishonlarga ko‘pincha noatom elektr stansiyalari, ma’muriy (siyosiy) markazlar, fuqarolik aeroportlari, avtomobil va temiryo‘l ko‘priklari, portlar, asosiy iqtisodiy obektlar, harbiy-sanoat kompleksining muhim tarkibiy qismlari, OAV va axborot obektlari kiradi.

Harbiy nishonlarga odatda qo‘mondonlik va boshqaruv markazlari, kosmik vositalar, muhim aloqa markazlari, razvedka, nishonni belgilash, navigatsiya va axborotni qayta ishlash tizimlari, ballistik va qanotli raketa bazalari kiradi.

Umuman olganda, rus harbiylari nishonlarni tanlashda o‘ta muhim infratuzilmalardan qochishga intilmoqda. Chunki ularning, masalan, to‘g‘on yoki atom elektr stansiyalarining yo‘q qilinishi juda katta falokatlarga sabab bo‘lishi, bu esa raqib tomonidan beixtiyor kontreskalatsiyaga olib kelishi mumkin.

Harbiy obektlarga nostrategik yadro qurollardan ehtimoliy zarba berish qanchalik samarali bo‘lishi haqida qarama-qarshi fikrlar bor. Masalan, Kroning fikriga ko‘ra, bunday harakat Rossiyaga o‘z maqsadiga tezda erishish imkonini beradi:

Rossiya o‘zida mavjud bo‘lgan minglab kamquvvatli yadro qurollarining bir yoki bir nechtasidan foydalangan holda, keng ko‘lamli nostrategik yadro hujumini amalga oshirish imkoniyatiga ega. Rossiya bunday qurollarni Ukraina qo‘shinlari, bazalari, logistika markazlari va hatto shaharlarga qarshi cheklangan miqyosda qo‘llashi mumkin. Bunday hujum Ukraina qurolli kuchlariga falokatli zarba berishga qodir.

Tamaj ham xuddi shunday fikrda, u Rossiyadagi nostrategik qurollarning katta zaxirasi (ularning muqobiliga AQSh ham ega, ammo zaxira sezilarli darajada kichik) «Ukrainaning katta miqdordagi, masalan, yaqinda Xarkiv atrofi yoki Xerson yaqinida to‘plangan qurolli kuchlariga halokatli zarba berishga qodir».

Fridman bu fikrga qo‘shilmaydi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, hozirgi urushda qo‘shinlarning XX asrga xos bo‘lgan katta miqdorda bir joyga to‘planishi kuzatilmayapti, shu sababli, yadro qurolidan bu maqsadda foydalanishdan ma’no yo‘q:

Ukrainadagi janglar tabiati hisobga olinsa, mos nishonlarni topish unchalik oson emas. Bu yerda ham himoyada, ham hujumda harakat qiladigan yirik tuzilmalar kamdan kam uchraydi. Qismlar odatda tarqoq holda. Xerson yaqinidagi hujum haqidagi xabarni (rus manbasidan) ko‘rib chiqing. Unda ta’kidlanishicha, ukrainaliklar (Xarkiv yaqinidagi janglardan farqli o‘laroq) zirhli tanklar bilan emas, balki sug‘orish kanallari aro tezkor harakatlanadigan piyodalar bilan hujumga o‘tib, Rossiya ta’minot chiziqlarini buzish orqali muvaffaqiyatga erishgan. Bunday sharoitda yadro qurolidan foydalanish uchun maqbul nishonni topish qiyin bo‘ladi. Buning qanchalik kichik foyda keltirishi inobatga olinsa, yadro urushini boshlash uchun g‘alati sabab bo‘ladi.

AQSh va boshqa davlatlar Rossiyaning yadro qurolidan foydalanishiga qanday munosabatda bo‘lishadi?

Qisqacha. Bu ham noma’lum. Katta ehtimol bilan, javob simmetrik bo‘lmaydi, ya’ni NATO yadro kuchlari jalb qilinmaydi.

Batafsil. To‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri AQSh rasmiylari Rossiyaning yadro qurolidan foydalanishi oqibatlari haqida bir necha bor ochiq gapirdi. Masalan, 17 sentabr kuni Bayden CBS telekanaliga bergan intervyusida Putinga har qanday vaziyatda bunday qilmaslikni maslahat berdi. «Kerak emas, kerak emas, kerak emas. [Aks holda] urushning qiyofasini o‘zgartirasiz», dedi u agar shunday ssenariyni rostdan ham ko‘rib chiqayotgan Putinga nima deyishi mumkinligi haqidagi savolga.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari tomonidan berilayotgan ogohlantirishlar hozircha umumiy xususiyatga ega, ya’ni ular yadro qurolidan foydalanishning u yoki bu varianti paydo bo‘lgan taqdirda qanday aniq qadam tashlanishini ochib bermagan. Yadro xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar fikridan shuni xulosa qilish mumkinki, bu G‘arbga voqealar rivoji salbiy tus olganida o‘zini «dasturlashtirilgan» tarzda tutmasdan, manyovr qilish imkoniyatini beradigan mutlaqo ongli strategiyadir.

Bunday tahdidlarning kamchiligi afzalligi bilan bir xil: ular qat’iy javob choralari qo‘llashdan bosh tortilgan holatda Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilar zimmasiga javobgarlikni yuklamaydi (siyosatshunoslikda bunday tahdidlar odatda «arzon» deb ataladi – cheap talk). Shunga qaramay, hatto hozirgi ritorika ham raqibni tahdidlarning amalga oshish ehtimolini, shu jumladan eng salbiy ssenariyni hisobga olishga majbur qiladi.

Yadro qurolidan foydalanmaslikka qaratilgan ommaviy ogohlantirishlar va chaqiriqlar bilan bir qatorda, tomonlar yopiq kanallar orqali yanada aniqroq murojaat yetkazish imkoniyatiga ega. Financial Times nashrining Oq uydagi manbalariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri bu qayta-qayta sodir bo‘lgan. Ammo bunday signallar oshkora emasligi sababli, «tiyib turish» ta’siri ham nisbatan kamroq.

Ekspert Mettyu Kroning prezident Baydenga ochiq xat yo‘llab, Putinning yadroviy tahdidlari ro‘yobga chiqqan taqdirda AQSh reaksiyasi qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlarini bayon qildi.

AQSh va ittifoqchilar:

  • Joriy siyosatni keskinlashtirish (sanksiyalar, Ukrainaga qurol yetkazib berish va hokazo);
  • Harbiy zarba berish.

Ikkinchisi uchun oddiy yoki yadroviy qurollardan foydalanish mumkin. Kroning xulosasiga ko‘ra, har bir variantning afzalliklari va kamchiliklari bo‘lsa-da, simmetrik javob, ya’ni yadro zarbasi juda ko‘p xatarni o‘z ichiga oladi va eskalatsiyaning nazoratsiz kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Shu tufayli, tahlilchining fikricha, eng maqbul javob – «Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasiga qarshi kurash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish va yadroviy hujum uyushtirgan Rossiya kuchlari yoki bazalariga oddiy qurollar bilan cheklangan zarba berish».

Deyarli barcha ekspertlar Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiyaning yadroviy zarbasiga javoban yadro zarbasi bermaslik kerak degan fikrga qo‘shiladi. Misol uchun, amerikalik senator va Nuclear Threat Initiative notijorat tashkiloti asoschisi Sem Nann fikriga ko‘ra, yadro quroliga eng so‘nggi chora sifatida qaralishi kerak. U gorizontal eskalatsiya tarafdori va «Rossiya bilan AQSh o‘rtasida yadro zarbasi almashinuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma choralarni ko‘rish kerak» deb hisoblaydi. Masalan, agar Rossiya Ukrainaga kemadan uchirilgan yadroviy qanotli raketa bilan zarba bersa, Nann bu kema zudlik bilan cho‘ktirilishi tarafdori.

Uning boshqa suhbatdoshi, Baydenning sobiq maslahatchisi Kolin Kahl ham yadroviy javob zarbasi «Qo‘shma Shtatlarni ma’naviy ustunlikdan mahrum qiladigan katta xato bo‘ladi», deb hisoblaydi. Mutaxassisning fikricha, an’anaviy zarba bilan javob qaytarib, dunyo fikrini yadroviy taqiqni buzgani uchun Rossiyaga qarshi qaratish ancha samaraliroq bo‘ladi.

Eng yuqori martabali shaxslardan biri, AQSh sobiq mudofaa vaziri Uilyam Perri Amerikaning ehtimoliy strategiyasi qanday bo‘lishi haqidagi o‘z fikrlarini quyidagicha bayon qildi.

Qo‘shma Shtatlar agar Rossiya yadro qurolidan foydalanishga tayyorlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritsa, bu darhol ommaga e’lon qilinishi kerak. Agar Rossiya undan foydalansa, AQSh uni xalqaro miqyosda qoralanishiga erishishi, «yadro» so‘zini alohida ta’kidlab, iloji boricha ko‘proq shovqin ko‘tarishi va NATO ittifoqchilari bilan yoki ularsiz harbiy harakatlarni amalga oshirishga urinishi kerak. Javob kuchli, maqsadli va an’anaviy bo‘lishi kerak, yadroviy emas. Zarba Ukraina bilan cheklanishi kerak, ideal holda – yadroviy hujum bilan bog‘liq konkret nishonlarga qaratilishi lozim. «Eskalatsiya zinapoyasi»dan ko‘tarilish imkon qadar kichik qadamlar bilan amalga oshirilishi lozim, lekin bir vaqtning o‘zida chuqur va samarali ta’sir ko‘rsatishi kerak. Agar Putin bunga javoban yana yadro qurolidan foydalansa, u holda siz ham «qo‘lqoplarni yechib tashlang» va masalan, Ukrainadagi Rossiya qurolli kuchlarini yo‘q qiling – Qo‘shma Shtatlar buni oddiy qurollar yordamida osonlikcha amalga oshirishi mumkin.

Dunyo Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish haqidagi qarorini oldindan bilib oladimi?

Qisqacha. Biz nihoyat noaniqlik hududidan chiqmoqdamiz. Javob: katta ehtimol bilan ha. AQSh va NATO nostrategik qurollarni jangovar holatga keltirishga tayyorgarlikni aniqlashning texnik imkoniyatiga ega va Rossiyada bu tayyorgarlikni yashirishga rag‘bat yo‘q.

Batafsil. Nostrategik yadro kallaklari jangovar navbatchilikda turmaydi, balki maxsus omborlarda saqlangani sababli ularni ishga tushirish uchun tayyorgarlik talab qilinadi. Deyarli barcha mutaxassislar bu tayyorgarlikni yashirishning iloji yo‘qligi bo‘yicha yakdil. Mustaqil tahlilchi va BMTning Qurolsizlanish bo‘yicha tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Pavel Podvig buni eng qisqa shaklda tushuntiradi:

Qit’alararo ballistik raketalar va suvosti kemalaridagi ballistik raketalardan tashqari, yadroviy qurollarning hech bir turi jangovar holatda emas – bombalar samolyotlarga yuklanmagan, kallaklar raketalarga ulanmagan. Yadro kallaklari bilan navbatchilik qilib, hudud bo‘ylab aylanib yuradigan hech qanday «Iskander» yo‘q. Bunday qurollar saqlab qo‘yiladi. Ular havo bazalaridan bir necha kilometr uzoqlikda yoki raketa bazalaridan bir necha soatlik yo‘lda saqlanishi mumkin, ammo faqat bunkerlarda. Ha, ularni jangovar holatga keltirish tartibi bor, lekin bu oson jarayon emas. Qurolni bunkerdan chiqarib olish, yuk mashinalariga yuklash, belgilangan joyga olib borish, jangovar kallaklarni yuklash / o‘rnatish kerak.

Har qanday jarayon kabi, ularni payqash mumkin. AQSh va NATO ularni ko‘plab mashg‘ulotlar davomida kuzatgan. Bir nechta jangovar kallaklarni yashirin tarzda olib o‘tish mumkin, axir, hech kim hamma narsani doimo kuzatib turolmaydi. Lekin Rossiya bunday harakatlar hech qachon sezilmasdan qolishiga ishonch hosil qila olmaydi. Kim ularni kuzatayotganini hech qachon bilmaydi: bu SIGINT [G‘arbiy elektron razvedka tizimi] yoki yaqin atrofdagi tepalikda durbin bilan qarab turgan yigit bo‘lishi mumkin. 

Va, albatta, Rossiya bunday harakatlarni yashirishi uchun hech qanday sabab yo‘q. Agar eskalatsiyaga tayyor ekani haqida signal yuborish maqsad qilingan bo‘lsa (bir necha kallakni jangovar holatga keltirish harakatlari shuni anglatgan bo‘ladi), u holda ongli ravishda signal yuboriladi. Ushbu signal sezilarli bo‘lishini xohlaydi. Nostrategik qurollarni bunkerdan olib chiqish (foydalanish uchun jangovar holatga keltirish jarayoni) Rossiya yadroviy doktrinasiga ko‘ra «mudofaa» maqsadlarida bo‘lishi mumkin emas. Bu holat maqsadni o‘zgartirish mumkin emasligini anglatmaydi. Ammo oldin uni o‘zgartirish kerak va biz hali bunday urinishni ko‘rmadik. 

Hozirda Rossiya yadro qurolidan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilgani belgilari bormi? 

Biz bu savolga faqat qisqa javob beramiz. Nufuzli ommaviy axborot vositalaridagi G‘arb razvedkasiga tayangan ma’lumotlardan (aniqrog‘i, ularning yo‘qligidan) xulosa qilish mumkinki – yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: