Ishdan olingan Asaka tumani hokimiga uch kun o‘tib mukofot puli ajratildi

O‘zbekiston 14:42 / 02.10.2022 48379

Asaka tuman hokimi birinchi o‘rinbosari, hokim vazifasi bajaruvchisi Oybek Zaynobidinov tuman hokimligi xodimlarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi.

Farmoyishga ilova qilingan xodimlar ro‘yxatida 27 sentabr kuni lavozimidan ozod etilgan Asaka tumani hokimi Mansurjon Alixonov ham bor. Sobiq hokim va yana 49 nafar xodimlar «ish haqi fondi hisobidan 2022 yil III chorak yakunlari bo‘yicha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida hamda shtatlar jadvalida belgilangan moddiy rag‘batlantirish fondi hisobidan 45 foiz miqdorida mukofotlangan.

Ma’lumot uchun, Mansurjon Alixonov yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani va faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishda lavozimidan ozod etilgandi

«Asaka tumani hokimi janob Alixonov. Yer ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2 ming 390 gektar yer noqonuniy ajratilgan. 2021—2022 yillarda, bir yarim yilning ichida, yer bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bo‘yicha 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Nig‘matilla To‘lqinovich (bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev), shunday, ha? Shuning uchun bugun prezidentimizning qarorlari bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz. Chiqib keting zaldan, bu zalda o‘tirishga haqqingiz yo‘q», — degan administratsiya rahbari.

Mansurbek Alixonov 2020 yil sentabridan buyon Asaka tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ko‘proq yangiliklar: