Shumi innovatsiya? - Oltinsoyda Tog‘ay Murodning otasidan qolgan dalalari qaqramoqda

Jamiyat 15:11 / 01.10.2022 28883

Vaxshivor tog‘lari etagida joylashgan Oltinsoyning quyi qismida paxta yetishtiriladi. Tumanda paxta va g‘alla ham yetishtiriladi, biroq Oltinsoy azaldan tokzorlari bilan mashhur bo‘lgan. Ammo bu tokzorlar va dalalar bugunga kelib suvsizlikdan yo‘qolib bormoqda, qolgan-qutganlari esa tobora qaqrab bormoqda.

Biz Hazorbog‘ kanalidan suv olib, uni Chilmirob kanaliga uzatuvchi nasos stansiyasida bo‘ldik. Hazorbog‘ kanali To‘palang suv omboridan to‘yinadi va asosan Denov, Oltinsoy tumanlarining shimoliy qismidagi dalalarni suv bilan ta’minlaydi. Hazorbog‘ kanalidan suv nasos stansiyalari bilan yuqoriga, tog‘ etagiga yaqin joylashgan qishloqlar va dalalarni suv bilan ta’minlash uchun uzatiladi.

Denov tumani hududida joylashgan Oqsuv nasos stansiyasidan 1550 metr uzoqlikda joylashgan va 51 metr balandlikdagi Chilmirob kanaliga suv chiqaradi. Chilmirob kanali qariyb 1600 gektar g‘alla, paxta, uzumzorlar va tomorqa xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlashi uchun qurilgan edi.

Mustaqilligimiz tengdoshi, 31 yil avval ishga tushirilgan nasos stansiyasi yuqoriga soniyasiga 3,1 metr kub suvni ko‘tarib berishi kerak. Irrigatsiya sohasida uzoq yillar mehnat qilgan, Xalq deputatlari Oltinsoy tuman kengashining deputati Ravshan Turdiyevning aytishicha, hozirgi kunga kelib Oqsuv nasos stansiyasi uskunalari eskirib, suv ko‘tarish qobiliyati soniyasiga 1 metr kubga ham yetmaydi.

Ravshan Turdiyev

Chilmirob kanali soniyasiga 9 metr kub suvni qabul qilish sig‘imiga ega. Bu yerdan suv 15 km uzoqlikdagi Obshir qishlog‘igacha oqib boradi. Obshir qishlog‘igacha kanal bir necha qishloqlarni, jumladan, atoqli adibimiz Tog‘ay Murod tug‘ilib o‘sgan Xo‘jasoat qishlog‘ini ham kesib o‘tadi.

Bugungi kunda qaqrab suvga zor bo‘lib o‘tgan 3000 gektar dalalar va tomorqalar, bog‘lar mana shu kanalning suviga mahtal. Biroq Oqsuv nasos stansiyasining Hazorbog‘ kanalidan yetarli tarzda suv ko‘tarib berilmayotgani sababli bu joylar suvga tanqis hududga aylangan. Bir patlar sug‘orilgan ayrim dalalarda 10 yillardan beri yantoqdan boshqa narsa o‘smayapti.

Chilmirob kanali

Bu muammoni hal qilish uchun yoki Oqsuv nasos stansiyasi modernizatsiya qilinishi kerak, yoki Chilmirob kanalining Qizilsuv daryosigacha bo‘lgan qismi tozalab, ta’mirlanishi kerak. Chunki Chilmirob kanalining Qizilsuv daryosidan boshlanadigan Oqsuv nasos stansiyasidan suv quyiladigan qismigacha bo‘lgan 16,5 km joyi o‘ta ta’mirtalab. Kanal cho‘kkan, loyqa va ajriq bilan to‘lib qolgan. Betonlarining singan joylari ham bor.

Xalq deputatlari Oltinsoy tuman kengashi deputati Rahim Hamroyevning aytishicha, keyingi 10 yilda Hazorbog‘ kanalining yuqori qismida istiqomat qilayotgan aholining turmush darajasi suvsizlik natijasida keskin yomonlashgan.

Rahim Hamroyev

«Gap masalaga bee’tibor rahbarlarning ustidan mag‘zava ag‘darishda emas. Muammoga e’tiborni qaratib, uni zudlik bilan hal qilish kerakligi haqida. Iyun-iyul oylarida kanalda mutlaqo suv bo‘lmaydi. Dalalar, bog‘lar, tomorqadagi ekinlar qurib bitdi. Biz boshqa narsani so‘ramayapmiz. Bizga faqat suvimiz bilan bog‘liq sharoitni to‘g‘rilab berishsin», — dedi Rahim Hamroyev.

Biz bilan suhbatlashganlarning aytishicha, 2018 yilda o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hududdagi ushbu muammoni hal qilish uchun ishchi guruh tuzib, ishga kirishganda u Samarqand viloyatiga ishga o‘tib ketgan va muammo shundoqligicha qolib ketgan.

Yangi rahbarlar Chilmirob kanalini suvga to‘ldirish, o‘n minglab xalqni suvli qilish o‘rniga muammoni yechishning «innovatsion» usulini o‘ylab topishdi.

Ayni paytda tumandagi Mo‘minqul qishlog‘idan pastroqda, Hazorbog‘ kanali bo‘yicha qariyb 25 milliard so‘mga (bu 2,2 million AQSh dollari bo‘ladi) yangi nasos stansiyasi barpo etilmoqda.

Yangi nasos stansiyasi ham Hazorbog‘ kanalidan suvni tortib, qariyb 6 km masofaga — Xidirsha va Obshir qishloqlari iste’moli uchun yuqoriga ikki marta chiqarib beradi. Quvvati soniyasiga 250-300 litr bo‘lishi va’da qilinmoqda. Suvni ikkinchi ko‘tarish soniyasiga 100 litr bo‘ladi.

Hazorbog‘ kanali

Ravshan Turdiyevning ta’kidlashicha, yangi nasos stansiyasiga sarflanayotgan shuncha mablag‘ning yarmi evaziga Oqsuv stansiyasini modernizatsiya qilish mumkin edi.

So‘rovlarga ko‘ra, Rossiyadagi ishlab chiqarish korxonalaridan biri 900 ming AQSh dollariga soniyasiga 3 metr kub suvni 1,5 km masofaga chiqarib bera oladigan 2 dona nasosni qariyb 50 million Rossiya rubli evaziga (bu taxminan 900 ming AQSh dollari bo‘ladi) Oqsuv nasos stansiyasi oldiga o‘zlari keltirib berishni aytgan.

Ya’ni Chilmirob kanalini suvga to‘ldirib, 3 ming gektardan ziyod maydonni suv bilan ta’minlash o‘rniga, kanalning eng oxirida joylashgan kichikroq Obshir qishlog‘ining umumiy 150 gektar yerlari va tomorqalarini suv bilan ta’minlashni afzal ko‘rishgan. O‘rtadagi qishloq va dalalar-chi?!

To‘g‘ri, suvning oxirida joylashgan Obshir qishlog‘i suvsizlikdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan qishloq ekanligi aniq. Chilmirobga suv kelganda o‘rtadagi qishloqlar uni nasos bilan so‘rib olib, Obshirgacha suv bormay qolishi ko‘p kuzatilgan holat. Lekin Chilmirobning suv ta’minotini yaxshilab barcha muammoni hal qilish mumkin edi-ku?

Biz Chilmirob kanali bo‘ylab yurdik va uning so‘nggi nuqtasi Obshir qishlog‘iga taqalgan qismiga ham yetib keldik. Bu yerda soniyasiga 300 litr suvni ko‘tarib bera oladigan nasos joylashgan. U ishlaydi. Shu yil ham 7 marta ishga tushirilgan — kanalga suv kelgan chog‘larda.

Endi vaziyatga o‘zingiz xolisona baho bering — 2,2 million AQSh dollari ketadimi mana shu yangi nasos stansiyasi qurilishiga? 10 barobar past quvvatdagi nasosni keltirib, 5 km masofaga suv haydashdan ko‘ra, yuqorida joylashgan kanalni suvga to‘ldirib, 20 barobar kattaroq yuzaga ega dala va tomorqalarni qamrab olgan yaxshiroq emasmidi?

Nega 15 ming kishi va 3000 gektar dalaning holatini yaxshilash o‘rniga, 1500 kishi va 150 gektar joy uchun kuyib-pishilmoqda? Davlat mablag‘laridan nooqilona foydalanish, samarasiz boshqaruvdan darak emasmi bu?

Tuman rahbarlari murojaatlarga javoban, Denov tumani hududida joylashgan Oqsuv nasos stansiyasini modernizatsiya qilish uchun transformator podstansiyasini ham modernizatsiya qilish kerakligini ro‘kach qilishibdi. Lekin 200 ming dollar evaziga yangi va kuchliroq transformator ham o‘rnatish mumkin edi. Shunda 1,2 million dollar pul iqtisod bo‘lardi, ko‘proq qishloqlar suv ichardi.

Hozir Chilmirob kanali yoqasida joylashgan xonadonlarning yuqori qismi barchasi nasoslardan foydalanadi. 14,5 km masofada 500 dan zid turli quvvatdagi katta va kichik nasoslar o‘rnatilgan.

Ravshan Turdiyevning aytishicha, soniyasiga 0,7-1 kub metr suv tashlab bera oladigan Oqsuv nasos stansiyasi ishlab turganida, Chilmirob kanalidagi 500 dan ziyod kichik nasoslarning 200 tasi birdan ishga tushganda ham kanaldagi suvni quritadi. Odamlar ham noiloj, qonun-qoidalarga to‘g‘ri kelmasa ham o‘zlari nasos o‘rnatib olishgan. Tomorqa va xo‘jalikni sug‘orishi kerak.

Ammo mana shunday hol ham dalalar va bog‘larni qurishdan asray olmayapti. Chunki Chilmirobda doim ham suv bo‘lmaydi. Odamlarning uyi, bog‘i, daraxtlari suvsizlikdan qovjiragan.

Ko‘p yillar xo‘jalik raisi bo‘lgan, ayni paytda bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilayotgan keksa mirishkor va bog‘bon Ibrohim Alimardonovning aytishicha, bir paytlar xorijga uzum eksport qilgan yuzlab gektar bog‘lar bugungi kunga kelib qurigan. Dalalarda yantoqdan boshqa hech narsa o‘smaydi. Katta uzumbog‘lar bo‘lgan hududlarni odamlar yakka tartibda tomorqa va uy joy qilish uchun bo‘lib olishgan.

Ibrohim Alimardonov

Uzumbog‘larni saqlab qolish uchun, ayrim dalalarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi ham katta pul evaziga o‘rnatilgan. Ammo u ham bu joylarda samarasiz ekani ma’lum bo‘lyapti. Chunki, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi samarali bo‘lishi uchun yer osti suvlari debeti ham bulishi kerak ekan. Bu dalalarda 4 metr qazsangiz ham namlikka duch kelmaysiz. Yillar davomida to‘yib suv ichmagan dalalar tamomila qaqrab toshga aylangan.

Amin bo‘ldikki, budjetda suvsizlikni yengish uchun mablag‘ topiladi. Mana, pul loyihaga ajratilgan, va bir zaylda ishlar ketyapti. «Ammo nega davlatning puli samarasiz loyihalarga ajratilmoqda?» deya jig‘ibiyron bo‘ladi xo‘jasoatliklar. Nega oltinsoyliklarning katta qismining muammosini hal qilish mumkin bo‘lib turgan bir paytda eng noto‘g‘ri qaror qabul qilingan?

Albatta, bu holni Suv xo‘jaligi vazirligidagi mutaxassislar, Surxondaryodagi irrigatsiya sohasi vakillari sinchiklab, atroflicha o‘rganib, o‘zlarining munosabatlarini bildirishadi, degan umiddamiz. Suvga zor bo‘lib turgan oltinsoyliklarning muammosi yechiladi.

O‘ylaymizki, agar chindan ham rahbarlar o‘z bilimsizligi ortidan, mavjud muammo ataylab hal qilinmasdan davlat mablag‘larining samarasiz talon-toroj bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, aybdorlar aniqlanadi va o‘z jazosini oladi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: