AQSh Ukrainaga o‘z hududlarini qaytarib olishda harbiy va diplomatik yordam beradi – Bayden

Jahon 00:16 / 01.10.2022 10525

AQSh Ukrainaga yo‘qotilgan hududlarini qaytarib olishda harbiy va diplomatik yordam ko‘rsatishda davom etadi. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi.

U 30 sentabr kuni imzolangan “DXR”, “LXR”, Xerson va Zaporijjya oblastlarining Rossiyaga qo‘shilishi to‘g‘risidagi shartnomalarni hech qanday qonuniylikka ega bo‘lmagan hujjat deb atadi va Rossiya rahbariyatini xalqaro huquq va BMT nizomini buzishda aybladi.

«AQSh Rossiyaning Ukrainaning suveren hududini annexia qilishga bo‘lgan bugungi tovlamachilik urinishini qoralaydi. AQSh har doim Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralarini hurmat qiladi. Biz Ukrainaning o‘z hududlari ustidan nazoratni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarini harbiy va diplomatik yo‘llar bilan kuchaytirish orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — dedi Bayden.

U shuningdek, 1,1 mlrd dollarlik navbatdagi harbiy yordam haqida eslatib o‘tdi va kongress ko‘rib chiqayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yana 12 mlrd dollar ajratilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolashga tayyorligini aytdi.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi.

«Biz Rossiyani javobgarlikka tortish uchun xalqaro hamjamiyatni birlashtiramiz. Xalqaro hamjamiyatning barcha a’zolarini Rossiyaning annexia bo‘yicha noqonuniy urinishlarini inkor qilishga va Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha», dedi AQSh prezidenti.

30 sentabr kuni Kremlda Ukrainaning bosib olingan hududlarining Rossiya tarkibiga kirishi to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.

Ko‘proq yangiliklar: