— Bolaligim ertaklardagidek o‘tgan deyolmayman. Baxtim to‘kis bo‘lgan, deyishdan ham yiroqman. Ayta oladiganim — onam bor edi. Dardkashim bor edi. Himoyachim — ukam bor edi. Ularning borligi o‘zi bir baxt ekanligini tushunib yetyapman, — deya o‘z hikoyasini boshladi Madina (ism o‘zgartirilgan).
Yoshligimda onamga juda rahmim kelardi. Tunni tun, kunni kun demay ishlar edi. Otamning nima ish qilishlarini hatto bilmasdim. Bilganim — uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketardi. Oddiy qilib aytganda, biz otamni juda kam ko‘rardik.
Onam bozorda piyoz sotardi. Barmoqlarining atroflari qorayib ketardi. Yig‘lab-yig‘lab tirnoqlarini olib qo‘yardim. Yig‘laganimni bildirmaslik uchun boshimni egib olardim. O‘sha damlarda otamni yomon ko‘rib ketardim, onamga shunaqangi ichim achishardiki, buni ta’riflab berolmayman. Topgan pullaridan kvartira haqini to‘lar, bizlarni kiyintirar, yedirib-ichirar edi.
Og‘ir mehnatdan, otamning sitamlaridan ham men buni keyinchalik bilganman, onam juda ezilib, qarib ketgandi. 7 akasi va 3 opa-singillari bor edi. Tog‘alarim o‘ziga to‘q, badavlat odamlar edi. Bizlarni boqish, ro‘zg‘or tebratishdan qiynalib qolgan vaqtlari oyimga savol berdim:
— Nega tog‘amlar boy-badavlat, nega bizga yordam bermaydi, nega xolalarim kelishmaydi?
Shunda onajonim:
— Qizim bu dunyo — bir kam dunyo, — dedilar. — Katta bo‘lsang tushunasan.
— Otam nega kam keladilar?
— Ularning ishlari ko‘p.
— Nega bizga pul bermaydi?
— Adajoning savob qilish uchun ketgan.
Shu tariqa kunimiz o‘tardi...
Biz katta bo‘ldik, ukam onamning yoniga tushdi. Yordam berish uchun bozorda yuk tushirar, tarvuz sotar edi. Akam esa unchalik yordam bermasdi. Otam haqida hali ham ko‘p narsa bilmasdim. Chunki onam otamni judayam kuchli himoya qilardilar. Bizlarga hech yomonlamas, urishib qolsalar ham bildirmas edilar.
Kunlarning birida otam yana keldi. Onam hech nima bilmagandek kutib oldilar.
Men «dada, qayerda yurasiz, nega bizdan xabar olmaysiz, hech narsa olib kelmaysiz?» — deb so‘radim.
Shunda onam yuzimga bir shapaloq tushirib, «otang bilan bu ohangda gaplashma, senga bu huquqni hech kim bermadi», dedilar.
Shu kuni onamdan judayam xafa bo‘ldim. Keyinchalik bilsam, bechora onam otamning xiyonatlarini ko‘tarib, o‘zlari azoblanib yurgan, shuning dardida qarigan ekanlar. Otam boshqa ayolga uylanib olganini onam hech qachon aytmaganlar. Katta qiz bo‘lganimda bilib qolganman.
Juda ko‘p ijara uylarda turdik. To‘qqiz yil deganda onam uy oldilar. Akamni uylantirdilar, meni turmushga berdilar. Shuncha qiyinchilik ko‘rdilar-u, kelindan yolchimadilar. Bu orada farishtadek qizalog‘im dunyoga keldi.
Onalik hayoti butunlay boshqacha bo‘lar ekan. Onamni ona bo‘lib tushundim, deb o‘ylagandim. Yo‘q, hali tushunishim kerak bo‘lgan narsalar ko‘p ekan.
Onam insultga chalinganida ham yonida otam yo‘q edi. Onam omonatini topshirgan kunlari bu xabarni eshitgan otam ham yuragi yorilib vafot etdi. Umr bo‘yi onamning yonlarida turmagan edilar. Hech bo‘lmasa qabrda yonma-yon bo‘lishdi...
Qizalog‘im 5 oylik edi o‘shanda. Hali bu yo‘qotishlardan o‘zimga kelmagan edim. Qaynonam, ota-onasiz yetimcha kelin kerakmas, deb quvib yubordi. Erim esa chet elda edi. Qaytib kelganidan so‘ng onasi aytgan qizga uylandi. Men ana endi onamning haqiqiy ahvoliga tushgan edim. Chaqalog‘im bilan uysiz, boquvchisiz qolgandim. Men onamni endi tushuna boshlagan edim.
Ota-onamning o‘limi bizga juda katta yo‘qotish bo‘ldi. Ukam chidolmay ichkilikka berildi. Akam o‘z oilasi bilan bo‘lib bizni unutdi. Ukam va men qizalog‘im bilan uyimizga sig‘masdik. Kelinoyim har kuni akamni qayrardi. Keyin akam bizni uydan haydab, ko‘chaga chiqarib qo‘yardi. Hali tog‘amnikiga, hali xolamnikiga borib qornimizni to‘qlagan vaqtlarimiz bo‘lardi. Ukam ishlagan pullarni akam olib qo‘yardi. Bunday sargardonlikda ortiq yasholmasdik. Ukam meni Toshkentga jo‘natib, o‘zi ishlab menga yordam bera boshladi.
Ukam menga telefon qilib, «onamni sog‘indim, opa, uyga kel», derdi. Lekin akam borishimga ruxsat bermasdi. Juda qiynalib ketdim. Qizalog‘imni bag‘rimga bosib ishga tushdim. Idish-tovoqlarni yuvar edim. Qizim uyda yolg‘iz qolardi, hech kimni tanimayman, bilmagan joyimda o‘z o‘rnimni topish uchun ishlay boshladim. Halol ishlab, farzandimni halol boqdim.
Ukamning avtohalokatga uchraganini eshitib, yurolmay qoldim. Yetib borgunimcha omonatini topshirib bo‘libdi...
Baqirdim, dod dedim, lekin kech, ukajonim endi qaytmaydi. Qancha aytgandi-ya, bechora ukam, «opa, yolg‘iz bir o‘zim qolib ketdim, o‘lib qolaman», deb. Gaplarini eslab battar ezildim.
Ukamni uylantirish uchun qancha xonadonga bordik, ammo hech kim qizini bermadi. Ota-onasi yo‘q insonga qizimizni bermaymiz, dedi. Yoshgina ukajonim hayotda na bir yayrab yashadi, na farzandli bo‘ldi, na baxt nimaligini his qildi. Hech nima ko‘rmay o‘tib ketdi dunyodan.
Janozasi kuni ayollar ukamning o‘rtoqlariga yor-yor aytinglar, chimildiq ko‘rmay ketdi, hech bo‘lmasa yor-yor aytish kerak, deyishdi. Hech biri aytolmadi, yig‘lashdan nariga o‘tolmadi...
U ketdi. Butunlay yolg‘iz, himoyasiz qoldim. Endi kimga suyanaman, derdim.
Ukamni ko‘mib kelgan kunimiz meni ko‘chaga chiqazib qo‘yishdi. Nima sabab, xatom nimaligini bilmas edim. Ma’rakalarini o‘tkazib, yana Toshkentga keldim.
Akam barcha narsani, mashina, hatto onam qiynalib olgan uyni ham sotib, kelinoyimning uyiga borib yashadi. Tuzalmas dardga yo‘liqqan ekan, ko‘pga bormay vafot etdi. Lekin hamma narsamizni, uyimizni yo‘q qilib ketdi. Men esa 10 yildirki Toshkentda ijarama-ijara sarson bo‘lib yuribman. Yaqinlarim, ukam, onamsiz juda qiyin. Onajonim azobini boshimdan o‘tkazyapman.
Farzandimni yolg‘iz ijarada yashab katta qilyapman. Otasi tirik bo‘la turib, qizimning otasiz katta bo‘layotgani hammasidan ko‘proq azoblaydi meni. Qaynonam va erimning «qiz bola ham farzandmi?» deyishlari hamon qulog‘im ostida. Ular haqida eslashni istamayman.
Baxtsiz onaning baxtli farzandlari bo‘lishi mumkinmi?
Shahnoza JUMAQULOVA, psixolog:
«Yolg‘izlik — yolg‘iz onaning hayotini zaharlaydigan asosiy muammolardan biri, majburan ajrashgan taqdirda ham, bolalarni otasiz tarbiyalash oson bo‘lmaydi. Yolg‘iz onaga ma’naviy va jismoniy yordam, yaqinlarning daldasini his qilmaslik, jufti bilan bolalar muammolari bo‘yicha maslahatlashish imkoniyatining endi yo‘qligi ayolni qattiq shikastlaydi va uni depressiv holatga keltiradi».
Bunday holatlarda nima qilish kerak?
«Eng avvalo, muammodan qochmaslik kerak. «O‘ziga va bolasiga rahm ko‘zi bilan qarash, real hayotni boricha qabul qilmaslik vaziyatni yanada yomonlashtiradi. Muammodan aybdorni emas yechimni qidiring. Qo‘lingizdan kelgan imkoniyatingizni hisobga olib, biror ishni boshlang.
Tegishli davlat idoralariga murojaat bilan chiqing. U yerdan yolg‘iz onalarga ajratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot oling. Hayot davom etadi. Hozirgi vaqtda nima qilib vaziyatdan chiqa olasiz? Chetdan o‘zingizga maslahat bering. Hissiyotlarga berilmasdan, muammoni hal qilishning qator rejasini yozib chiqing.
Ikkinchi qadam — ijobiy tomonlarini topish. Hozirgi holatingizning sizga foydali tomonini o‘ylab ko‘ring. Sizning ahvolingizda nafaqat salbiy, balki ijobiy tomonlarni ham ko‘rishni o‘rganish muhimdir.
Uchinchi bosqich — faol harakat. Qo‘rquv harakatni to‘xtatadi, harakat qo‘rquvni to‘xtatadi! Ushbu qoidani unutmang va faol bo‘ling. Yolg‘iz ayollardagi yana bir muammo «aybdorlik hissi». «Farzandini otasidan mahrum qilgani», «oilani saqlay olmagani», «bola taqdirini yomon hayotga mahkum qilgani» kabi ayblovlar yolgiz ayolning ich etini yeya boshlaydi. Qolaversa, har kuni u o‘zini yanada aybdor his qiladigan turli kundalik vaziyatlarga duch keladi: puli yetarli bo‘lmagani yoki o‘z vaqtida maktab vazifalarini qildirolmagani, bog‘chadan vaqtida olib ketmagani va boshqa shu kabi aybdorliklar endi ayolda hayotga qo‘rquv va xavotirni sola boshlaydi.
Aybdorlik tuyg‘usi ayolni tobora asabiylashtiradi zavqini yo‘qotadi. U bola haqida keragidan ko‘ra ko‘proq qayg‘uradi, doimo g‘amxo‘rlik qiladi, barcha qiyinchiliklardan himoya qilishga urinadi va uning barcha istaklarini bajarishga harakat qiladi.
Natijada, bu bolaning haddan tashqari yordamga muhtoj hamda munosabatlar qaramligiga moyil bo‘lib o‘sishiga olib keladi. Bundan tashqari, u onaning «og‘riqli nuqtalari»ni juda tez bilib olib, ularni o‘zi bilmagan ravishda bolalarining manipulyatsiyasi uchun ishlata boshlaydi.
Ayol ko‘pincha muammo otaning yo‘qligida va bolani nimadan mahrum qilganida emas, balki uning psixologik holatda ekanligini tushunmaydi: o‘zini aybdor his qilish va pushaymonlik hissi.
Qanday qilib aybdor odam baxtli bo‘lishi mumkin? Albatta yo‘q. Baxtsiz onaning baxtli farzandlari bo‘lishi mumkinmi? Ayol o‘z aybini to‘ldirishga harakat qilib, bola uchun o‘z hayotini qurbon qilishni boshlaydi. Bunday holatda nima qilish kerak bo‘ladi?
O‘z aybingizni asoslab vaziyatni tahlil qiling! O‘zingizga savollar bering: «Mening aybim nima?», «Uni to‘g‘rilashim mumkinmi?», «Qanday qilib?». Javoblaringizni yozing va o‘qing. O‘ylab ko‘ring, sizning aybingiz qanchalik oqlanadi, hozirgi vaziyatga nechog‘lik real va mutanosib? Shu savollar asosida o‘zingizga real javoblar bering.
Siz nafaqat o‘zingiz, balki farzandingiz oldida ham baxtli bo‘lishga mas’ulsiz! U baxtli bo‘lishni sizdan o‘rganadi. O‘zingizni atrof bilan solishtirmang. Ozgina bo‘lsa ham erishgan, erishayotgan yutuqlaringiz sizga olib kelayotgan natijalarga diqqat qiling.
Charos Mannonova suhbatlashdi.