O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol olamdan o‘tdi

O‘zbekiston 10:00 / 27.09.2022 14037

Jamol Kamol 1938 yil 26 aprelda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1959 yilda Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan.

U 1970 – 72 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limida mas’ul kotib, 1972 – 86 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant va ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.

Jamol Kamol lirik she’r tuzilishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. 1986 – 88 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir, 1991 – 96 yillarda esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida xizmat qilgan.

Jamol Kamolning «Olam kirar yuragimga» nomli ilk she’riy to‘plami 1968 yilda nashr etilgan. Shundan keyin chop etilgan «Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du» (1970), «Tosh tug‘yoni» (1972), «Hasan va oy» (1974), «Quyosh chashmasi» (1975), «Qadah» (1978), «Dostonlar» (1980), «Suvaydo» (1982), «Umidli dunyo» (1988) kabi she’riy to‘plamlariga kirgan she’rlarida mumtoz she’riy an’analar bilan zamonaviy she’riy jarayon o‘zaro uyg‘unlashtirilgan.

Shoir 1992 yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan.

Jamol Kamol o‘zbek tarjima san’atida ham o‘chmas iz qoldirdi. U o‘z vaqtida fransuz mumtoz adabiyoti namoyandasi Bualoning «She’riy san’at» asarini, ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqidagi «Shabihijron» dostonini, Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviyi ma’naviy” asarini, Shayx Fariduddin Attorning asarlarini, Abdurahmon Jomiyning g‘azallar kitobini, Shayx Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz” asarini, buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspirning o‘ndan ortiq asarlarini bevosita ingliz tilidan, Aleksandr Pushkinning “Motsart va Saleri”, Yan Raynisning “Oltin tulpor”, Bartold Brextning “Sichuandan chiqqan mehribon” asarlarini rus tilidan, amiralmo‘minin Hazrati Ali ibn Abutolibning she’riy devonini turk tilidan tarjima qilgan.

Jamol Kamol she’rlari rus, ingliz, fransuz, polyak, ukrain, turk, ozarboyjon, tojik va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilingan.

Shoir 2019 yilda Kun.uz saytiga bergan intervyusida ijod yo‘li, o‘zbek tili va adabiyoti muammolari, tarjimonlik faoliyatiga oid qator mavzularda o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.

Kun.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

 

Ko‘kka boqib sukut saqlaydi zamin,

Yerga boqib osmon saqlaydi sukut.

Ko‘kning sukutida qanchalar mazmun,

Yerning sukutida qanchalar o‘git…

Ko‘kday bo‘lsa hamki yuksak, barkamol,

Yerday sukut saqlab turadi oqil.

Birpas sukut saqlab, holingga ko‘z sol,

Birpas sukut saqlab, olamga boqgil…

* * *

Ko‘zda yoshi bilan kuladi bola,

Ilhom asir etgan shoirga monand.

Shoir ham boqarmish yorug‘ olamga

Bolaning musaffo ko‘zlari bilan.

Ajab sehrlidir bu ikki dunyo:

Birpasda sevinchu birpasda qayg‘u.

Biri ermak izlab, topadi ma’no,

Biri ertak so‘ylab, aytadi orzu…

* * *

— Taqdir, meni nega inson yaratding,

Ko‘ksimda shodligu g‘amdan yuz nishon.

— Men senga qalb ila shuur baxsh etdim,

Bilgin deb hirs nima, nimadir hayvon.

— Taqdir, nega meni mehmon yaratding,

Yarq etgan chaqindek ketgum begumon.

— Men senga o‘lchovli umr baxsh etdim,

Bilgin deb ishq nima, nimadir inson…

Ko‘proq yangiliklar: