Ushbu maqsad uchun tanlangan asteroid «Dimorf» deb nomlanadi va sayyoramizdan 11 mln kilometr uzoqlikda joylashgan.
NASA’dagilar ta’kidlashicha, hozirda «Dimorf»ning orbitasi yerniki bilan kesishmaydi va to‘qnashuv uni sayyoramiz tomonga yo‘naltirmaydi.
To‘qnashuv Grinvich vaqti bilan soat 23:14 ga (Toshkent vaqti bilan 4:14) mo‘ljallangan. Jarayonni teleskoplar kuzatib boradi.
Yerni asteroid bilan to‘qnashuvdan jasur kosmonavtlar va yadroviy kallaklar yordamida qanday himoya qilishni Hollivud batafsil hikoya qilib bergan. Ammo buni aslida qanday amalga oshirish mumkin?
NASA mana shuni aniqlamoqchi. G‘oya asteroidga kosmik zond bilan zarba berishdan iborat.
Samo jismi orbitasini o‘zgartirish va Yer bilan to‘qnashuvining oldini olish uchun uning tezligi va harakat yo‘nalishini salgina o‘zgartirish yetarli.
«Asteroidni qayta yo‘naltirishning qo‘shaloq testi» (Double Asteroid Redirection Test, DART) missiyasi og‘irligi 570 kiloli qurilmani diametri qariyb 160 metr va tezligi soatiga 20 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan «Dimorf»ga yo‘naltirib bu nazariyani tekshirib ko‘radi.
Zarba «Didim» deb nomlanuvchi yirikroq asteroid atrofida aylanayotgan ushbu asteroidning orbitasini o‘zgartirishi kerak.
«Dimorf»ga zarba berish oson bo‘lmaydi. DART nishonni kengligi 780 metr bo‘lgan «Didim»dan to‘qnashuvga bir soatcha qolganidagina farqlay olishi mumkin.
So‘ngra navigatsion dasturiy ta’minot kosmik kemani nishonga aniq yo‘naltirish uchun uning trayektoriyasini to‘g‘rilaydi.
«Yorug‘lik tezligi va ulkan masofa sababli kemani Yerdan turib joystik orqali boshqarish shunchaki imkonsiz. Uchuvchiga harakatlanish uchun vaqt yetishmaydi. Biz kosmik kema olgan tasvirlardan aniq nishonni ajratib beruvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqishimizga to‘g‘ri keldi», - deydi NASA’ning DART dasturi ishtirokchisi doktor Tom Statler.
«Dimorf»ga yaqinlashish jarayonida DART Yerga soniyasiga bittadan tasvir jo‘natadi. To‘qnashuvdan so‘ng tasvir uzatish to‘xtaydi, ammo olimlar zarba oqibatlarini kuzatishni davom ettirishadi.
Italiyaning LICIACube sun’iy yo‘ldoshi 50 kilometrli xavfsiz masofadan turib Yerga suratlarni jo‘natishni boshlaydi.
«LICIACube asteroid yonidan zarbadan uch daqiqadan so‘ng o‘tadi», - deydi Italiya kosmik agentligi (ASI) xodimi Simone Pirrotta.
Hozirda «Dimorf» «Didim»ni aylanib chiqishi uchun 11 soat 55 daqiqa vaqt ketadi. To‘qnashuv aylanib chiqish vaqtini 11 soat 45 daqiqaga o‘zgartirishi kutilmoqda. Teleskop o‘lchovlari buni yaqin hafta va oylarda tasdiqlaydi.
To‘qnashuv ta’siri va asteroidning yangi orbitasini aniqlash Yevropa kosmik agentligining «Gera» deb nomlangan kosmik missiyasiga topshirilgan.
Mutaxassislar Yer bilan to‘qnashuvi global halokat keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan 95 foizdan ortiq asteroidlarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Lekin ular xavfli emas: ularning orbitalari Yerniki bilan kesishmaydi.
Biroq koinotda to‘qnashuvi alohida mamlakat yoki shaharga muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ko‘plab maydaroq jismlar bor.
«Didim»ning eni 780 metrga yetadi. Jon Hopkins universiteti xodimi, loyihaning yetakchi tadqiqotchisi Endryu Chengning so‘zlariga ko‘ra, agar bunday kattalikdagi jism Yerga qulaydigan bo‘lsa, u yong‘inlar va iqlim o‘zgarishini keltirib chiqarib, qit’aning yarmini vayron qilishi mumkin.
Ammo hattoki «Dimorf» bilan teng bo‘lgan osmon jismi ham katta zarar yetkazishi mumkin. Uning zarbasi eni taxminan 1 kilometr va chuqurligi ikki yuz metr bo‘lgan krater hosil qilishi va quvvati trotil ekvivalentida 400-600 megatonna bo‘lgan portlashni keltirib chiqarishi mumkin.
Taqqoslash uchun, 1908 yilda Sibirga kelib tushgan Tungus meteoritining portlash quvvati turli hisoblashlarga ko‘ra, 10-40 megatonnani tashkil etgan.