Ko‘hna uylarda yashovchilar qishlog‘i – G‘yelon | Manzil

O‘zbekiston 16:43 / 25.09.2022 25093

O‘zbekistonda bir kunda bir martagina taksi qatnaydigan qishloq haqida eshitganmisiz? Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani, G‘yelon qishlog‘iga bir kunda bir marta taksi boradi xolos. Chunki qishloqqa tog‘lar oralab salkam 3 soat yo‘l yurib borishga to‘g‘ri keladi. “Manzil” loyihasi bu galgi sonini shu qishloqqa bag‘ishladi.

G‘yelonda uylarning qurilishi nuqtayi nazaridan qadimiy uslub saqlanib qolgan. Tor ko‘chalar, mo‘’jazgina eshikchadan kirib boriladigan va umumiy hovliga qaragan uychalar qishloqqa ekzotik muhit bag‘ishlab turadi.

Qishloq tog‘lar orasida joylashgani sabab u yerning harorati anchagina sovuq. Buni ko‘plab hududlarda iyun oyida tugab bitgan mevalar u yerda sentabr oyiga kelib pishishidan ham bilsa bo‘ladi. O‘rik va olvalini tasvirga olish vaqtida tanovul qildik.

Qishloqda aholi tomonidan o‘rnatilgan mini GESlar ko‘plab xonadonlarga elektr ulashayotganiga guvoh bo‘ldik. Tog‘dan oqib tushayotgan suvdan oqilona foydalanib, undan elektr ishlab chiqarish ham bir iqtisod desa bo‘ladi. Qishloqdagi tegirmon ham suv bilan ishlaydi va unga ham elektr energiyasi kerak emas.

Qishloqliklarning asosiy ulovi – mototsikllar. Yoqilg‘i sarfi kam, tog‘li yo‘llarda muammosiz harakatlanish mumkin. Shuning uchun g‘yelonliklarning har bir xonadonida bir emas, bir nechtalab mototsikldan foydalanishadi.

Har doim aytganimizdek, ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi. “Manzil” loyihasining yangi sonida yurtimizdagi navbatdagi ajoyib qishloq bilan tanishing.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Ko‘proq yangiliklar: