«Ishdan zada bo‘lganman, lekin menga pul kerak» – ofitsiantlikdan do‘kondorlikkacha yo‘l bosgan 24 yoshli talaba qiz hikoyasi

Jamiyat 08:30 / 25.09.2022 46200

Hikoya qahramoni Oybarchin 24 yoshda. Otasidan erta ayrilgan qiz ro‘zg‘or tashvishlarini nozik yelkasiga olgan. Bu yoshda ko‘zlarini operatsiya qildirish, uy ko‘tarish, do‘kon ochib o‘z ishini boshlash, kontraktini to‘lash bilan birgalikda oilasini ta’minlash hatto uncha-muncha yigitning qo‘lidan kelmaydigan ish. Qiz bola boshi bilan Oybarchin bu ishlarni qanday amalga oshirganini bilishga qiziqdik. 

«Ish izlab yurganimdan oyoq kiyimimning poshnasi ko‘chib ketdi»

«Onam uy bekasi edi. Hech qayerda ishlamasdi. Otamdan so‘ng bizning keladigan mablag‘imiz yo‘q edi. Oilada kimdir ishlashi kerak. Bir oy tinimsiz ish izladim. Qani endi topila qolsa! Oxiri poyabzalimning poshnasi ko‘chib ketdi. So‘nggi pulimga yelim oldim-da, uni ta’mirladim. O‘zimga o‘zim «bugun ish topmasang bo‘lmaydi», deb qat’iy qaror qildim.

Tavakkal qilib kollejga keldim. Direktor o‘rinbosari juda jahldor odam ekan. Maqsadimni eshitib, «senga dars yo‘q», deb quvib yubormoqchi bo‘ldi. Lekin ish qidirib charchagan odam uchun bu do‘q kor qilarmidi! Direktorni ko‘rishim kerak, deb qattiq turib oldim. O‘rinbosar direktor yo‘qligini, ariza yozib ketishimni aytdi.

Ertasi kuni xabar olgani bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, arizam kechagi joyida turibdi. Kotibadan nega arizamni bermaganini so‘rasam, hali direktor kelmaganini aytdi. Eshiklari ochiq turibdi-ku, degan gapimga javob topolmay kalovlanib qolganida, direktor o‘rinbosari kelib qoldi. Qarasam, meni kirgizish niyatlari yo‘q. Janjal ko‘tardim, o‘rinbosar bilan kotiba ham qolishmadi. Ularning o‘zaro gaplashayotganidan foydalanib, o‘rinbosarni aylanib o‘tdim-da direktorning xonasiga yugurdim. Ortimdan kotiba va o‘rinbosar kirib keldi. O‘rinbosar menga «kim ruxsat berdi, bor chiqib ket!» deb baqirdi.

Shu payt direktor «senga mening xonamda baqir-chaqir qilishga kim ruxsat berdi?! Bor o‘zing chiqib ket!» — dedi unga. O‘rinbosar bo‘zarib ketdi. Direktor ko‘rsatgan joyga o‘tirdim-da, kecha ariza tashlab ketganimni, u bilan tanishib chiqishini so‘radim. Direktor buyrug‘i bilan kotiba arizamni olib kelib berdi.

«Bugundan ish boshlaysan, ma’qulmi?» – dedi direktor.

Bunchalik tez ishga oladi deb o‘ylamaganim uchun juda xursand bo‘lib ketdim, lekin bildirmaslikka harakat qilib, rahmat deb bosh qimirlatib qo‘ydim. O‘rinbosarini chaqirtirib bitiruvchi kursning barcha ingliz tili darsini shu qizga berasan, dedi.

Ma’lumotim o‘rta-maxsus bo‘lsa ham meni ishga olishdi.

O‘quvchilar shovqin solib o‘tirgan xonaga kirdik. O‘rinbosarni ko‘rishi bilan hamma tinchlandi. Tanishtirayotganda mendan alamini oldi. Yomon qilib tanishtirib ketdi.

«Sizlarga ingliz tilidan o‘qituvchi keldi. Buyam sizlar tengi, tengdoshlaringdan o‘rganasizlar endi» – dedi u.

U chiqib ketishi bilan xonada shovqin ko‘tarildi. Hech kim gapimga quloq solmasdi. Bolalardan birovi oyog‘ini partaning ustiga chiqarib olgan, yana boshqasi partaga chiqib o‘tirib, o‘rtog‘i bilan kulishgan, kimdir pista chaqqan...

Men esa dars o‘tishni boshladim. Kuyib-pishib, sidqidildan dars o‘tdim. Faqat 4 qiz diqqatini menga qaratdi. Bor bilimimni ishga solib, shularga dars o‘taverdim. «Qanday chiroyli dars o‘tyapmiz, kelinglar, buni s’yomka qilamiz», deb telefonimni qizlardan biriga berdim. Shunday qilib, darsimni videoga oldirdim. 

Kollejga IIB xodimini olib kelgani haqida

Dars yakunlanganidan so‘ng, menga ariza yozib bergan odamning oldiga borib, yana bitta ariza yozdirdim-da, ichki ishlarga tashlab keldim. Ertasi kuni kollejga borsam IIB xodimi kelgan, direktor, o‘qituvchi va ota-onalar tipirchilab yuribdi.

— Seni shu maqsadda ishga olganmidim, yaxshilikka javobing shumi?! — dedi direktor meni ko‘rishi bilan.

— Men ishga muhtoj bo‘lishim mumkin, lekin g‘ururimni oyoq osti qildirib qo‘ymayman. Kecha chin dildan berilib dars o‘tdim. Mana, qo‘limda isbot — videosi ham bor. Istasangiz ko‘rsataman. O‘z huquqlarimni yaxshi bilaman. Men qonunga yoki insoniylikka zid ish qilmadim.

Kichkina bo‘lsang ham o‘tkirgina ekansan, dedi direktor. Shu bo‘ldi-yu, nima majlis bo‘lsa, o‘tkir qiz qani, kichkina qizcha qani, deb direktor meni oldiga o‘tirg‘izib qo‘yadigan bo‘ldi.

Kechagina o‘zini katta tutib o‘tirgan bolalar osmondan tushib yig‘lab yalinishga o‘tdi. Ko‘rsangiz hech birining ota-onasi mansabdor yoki o‘ziga to‘q odam emas ekan. Birovining otasi qorovul, birovining onasi farrosh, yana boshqasining onasi maktab oshxonasida ishlarkan.

Ota-onasi ko‘zida yosh, arizangizni qaytarib oling, deb sharoitini tushuntirgan. Bolalar kechirim so‘ragan...

«Ota-onalaringning shu holatini eslab qolinglar. Sizlar uchun yashab, yana bosh egib turish oson deb bilmanglar. Kechirimni mendan emas, bulardan so‘ranglar», — dedim o‘quvchilarga.

Arizamni ko‘z oldida yirtib tashladim-da, «agar shu hol qaytariladigan bo‘lsa yana yozib beraman, lekin bu safar qaytarib olmayman, vaqtim tugadi, darsga kirishim kerak», deb chiqib ketdim. Shu bilan barcha o‘quvchilarim mulla mingan eshakdek bo‘lib qoldi. 

Onam eski yubkasini buzib, forma tikib berdi

– Yangi kiyim olishga sharoitimiz yo‘q edi, onam eski yubkasini buzib, menga forma tikib berdi. O‘sha formamniyam rosa kiyganman. Ishlab yurib o‘qishga topshirdim. Toshkentda xalqaro moliya institutiga (International school of finanse and technology) shartnoma asosida kirdim. Kontrakt to‘lovi uchun pul yig‘dim. Jamg‘argan pulimni hisoblasam kontraktimning yarim yillik summasidan tashqari 200 ming so‘m qolyapti.

«Onam qizim, bu pul bilan ikkimiz borsak qiynalib qolamiz, sen o‘zing bor. Xolang kutib oladi. Kontraktingni birinchi navbatda to‘la, yo‘qotib qo‘ymagin», deb tayinladi.

Shunday qilib katta shaharga umrimda birinchi marta yolg‘iz keldim. Birinchi marta uyimdan uzoqqa yolg‘iz ketdim...

Xolamning uyini telefonlashib topib keldim. Ertasi kuni sahardan universitetga otlandim. Chunki uning qayerdaligini bilmasdim. Bekatgacha ancha yo‘l edi. Kelgan avtobuslardan qayerga borishini so‘rayverib, ancha vaqtim ketgandi o‘shanda. Avtobusga chiqqanimdan so‘ng ham «yetdikmi?» deyaverib konduktorni rosa bezor qilganman. Bir amallab o‘qish joyimni topib bordim.

Pulimning oxiri ko‘rinishni boshlagandi

Pulimning oxiri ko‘rinishni boshladi. Ishlamasam bo‘lmaydi. Uydan yordam ololmasligimni bilaman. Darsdan chiqib ish qidirishga tushdim. E’lonlarni o‘qib yurdim. O‘quv markaziga administrator kerak ekan. Borib rahbariga uchrashdim. Nega ishlamoqchiligimni so‘radi. Ishdan bezor bo‘lgan odamman. Menga qolsa sira ishlamasdim, lekin pul kerak, dedim.

«Dangal gapirar ekansan. Mayli, ertaga falon vaqtda kel», — dedi. Boshqa bir o‘quv markaziga olib bordi.

«Shu yerga resepshn kerak. U yerda ishlasang kamroq olasan, bu yerda ko‘proq topasan. Senga ko‘proq pul kerak-ku, to‘g‘rimi?!» — dedi.

«Ha», — dedim.

Shunday qilib o‘qituvchi xonimchadan ta’lim markazi xodimasiga aylandim. Hamma meni hurmat qilar, boshliqning odami, bizni tekshirishga kelgan, kabi gaplarni orqavarotdan eshitib qolardim.

Erta chiqib ketib, xolamnikiga qorong‘ida kirib kelardim. Oshxonada idishlar qalashib yotar, ahvoliga qarab bo‘lmasdi. Charchagan bo‘lsam ham yig‘ishtirib, joylab keyin uxlardim. Bir kuni juda qattiq charchadim. Kelib uxlab qolganman. Ertasi kuni kelsam xolam narsalarimni ko‘chaga chiqarib qo‘yibdi. Shu bilan boshpanasiz qolgandim.

Keyinchalik o‘zimni tiklab olganimdan so‘ng xolam mendan kechirim so‘radi, biz yana salom-alik qilib ketganmiz. Lekin o‘shanda boshpana izlab ancha sarson bo‘lganman. 

Ovqatlanmasam ham yonimda taksi uchun pul turadi

Qish yaqinlashib qolgan. Ustimga kiyim qilishim kerak. Topganim kvartira puli, yeb-ichish, kontrakt puli va boshqa xarajatlarimdan ortmaydi. Kiyimlar esa qimmat.

Qishda ancha vaqt charm kurtkachamda yurganman. O‘shanda meni ko‘rganlar satang deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak. Aslida, kiyishga kiyimim, sotib olishga esa pulim yo‘q edi. Kvartiram va o‘qishim bir-biridan juda uzoq, avtobusni kutib soatlab qolib ketardim. Taksi esa 25 mingdan kamiga olib ketmas edi.

Bir kuni avtobus kutib yarim kechagacha qolib ketganman. Keyin bilsam avtobus to‘xtatilgan ekan. Pulim yo‘q, faqat oylik yo‘l chiptam bor. Kun sovuq, ustimda esa o‘sha kurtkacham.

Shu menga dars bo‘lgan. Ovqatlanmasam ham, yonimda taksi uchun pul turadi.

 Yangi kiyim olishni orzu qilardim

Sovuq zabtiga olavergach, tavakkal bozorga chiqdim. Kiyilgan kiyimlarni sotadigan joy bo‘larkan. 100-150 minglik kiyimni kiyilganini 15-20 mingga topsa bo‘ladi. 200 mingga boshdan oyoq kiyim qilganman. Kvartiraga opkelib yaxshilab yuvganimdan keyin yangidek bo‘lgan. Kiyaverganman, hech kim bilmagan. Muhimi, qishdan eson-omon o‘tib olganman.

Lekin hamisha yangi kiyim olishni orzu qilardim. Pul orttirib, kontraktim uchun yig‘inardim. Yig‘ib-yig‘ib, 5–10 dollar olib qo‘yaverardim. Hamma dollarlarim mayda kupyuralar edi. Chunki so‘mda tursa ishlatib qo‘yaman deb, yetadigan summa bo‘lishi bilan dollar olib qo‘yardim. 

Ham quvonch, ham qayg‘u

Qiyinchiliklar, stresslar o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ma’lum vaqt qisqa xotira yo‘qolishi bilan qiynaldim, davolandim. Ishdan ketishga majbur bo‘ldim. Shu orada karantin boshlanib qoldi. Hamma talabalar qatori uyimga qaytdim. Kontrakt uchun yig‘ib qo‘ygan pulim bor edi. Ro‘zg‘orga qarashdim. Kovid bo‘lib qoldim. Xullas ishlatilib ketdi. Kontrakt to‘laydigan vaqt kelganda to‘lay olmadim. To‘lov muddatini cho‘zishdi.

O‘qiyotgan joyim xorij universiteti edi. Singlim bilan birga Toshkent davlat texnika universitetiga ham o‘qishga topshirib qo‘ydim. Imtihon o‘tdi. Mandat chiqqan kuni o‘qiyotgan joyimdan kontraktni to‘lolmaganim uchun o‘qishdan chetlashtirilganim haqidagi xabarni oldim.

Mandat javobida esa davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilganim turardi. Na xursand bo‘lishimni, na xafa bo‘lishimni bilaman. Xalqaro moliya edi-ya, deb ichim kuysa, bunisi budjet bo‘libdi-ku, deb xursand bo‘laman. Xullas, talabalikdan quvilgan kunim talabalar safiga qabul qilingandim. 

Menga yana ko‘p pul kerak

Ko‘zim xira ko‘rardi. Odamlarning yuzini tiniq ko‘rmasdim. Xuddi chaplashib ketganga o‘xshardi. Ko‘zoynakda ham qiynalardim. Toshkentga qaytganimdan so‘ng shifokorga ko‘rindim. Ko‘zimning tomiri yorilay deb turibdi ekan. Menga yana ko‘p pul kerak edi. Oktyabrda operatsiya qildirishim kerak, unga esa 7 yarim million so‘m ketarkan.

Men ko‘r bo‘lib qolishdan, shu xira ko‘rib turgan dunyomni zulmat qoplashidan qo‘rqa boshladim. Ofisiantlikka ishga kirdim. Tushgacha o‘qish, tushdan keyin ishga borardim. Yarim oqshomgacha ishlaganimga darslarda uxlab qolardim. Uyqusirab men javob beraman deb qo‘l ko‘tarib doskaga chiqqan vaqtlarim ham bo‘lgan. Hamma kulardi. Men ham kulgi bilan yengib ketardim.

Avvaliga kuniga 100 mingdan bora-bora 500 mingdan topa boshladim. Nima ish qilsam ham chin dildan, maromiga yetkazishga harakat qilaman. Doktor aytgan summani belgilangan vaqtgacha topdim. Xursand bo‘lib shifoxonaga yugurdim. Ko‘zimni tekshirgan doktor sizda ko‘rsatkichlar o‘ynayapti, operatsiya qilolmaymiz, dedi. Plyus-minuslarim dam tushib, dam oshib ketardi. Nima bo‘lsa ham operatsiya qiling, yo‘qsa ko‘r bo‘lib qolarkanman-ku, dedim. Lekin shifokor ko‘nmadi. 

Men hayotni his qilyapman

Keyin boshqa joyga bordim. Doktor uch kun tayyorlab operatsiya qilishini, qorachig‘imni kattartirganda ko‘rmay qolishim mumkinligi, men bilan kimdir kelishi kerakligini aytdi. Onamni qishloqdan chaqirolmasdim, xullas men bilan keladigan odam yo‘q edi. Men o‘zim ketolaman, qilavering dedim.

Boshimni bekat ustunlariga urib olganim, marshrutkaga qarab bu nechinchi raqamli avtobus deganlarim hech esimdan chiqmasa kerak.

Shunday qilib operatsiya kuni keldi. Meni olib kirib ketishdi. Hammasini his qilib turdim. Operatsiyadan so‘ng doktor ko‘zlarimni ochmaslikni buyurdi. Asta qarab ko‘rdim. Xonadagilarning yuzi tiniq ko‘rinardi. Men dunyoni boricha, ranglarning chaplanishisiz, bijir-bijirlarsiz ko‘rayotgandim.  

O‘z ishimni boshlashim kerak

Kichik bo‘lsa ham o‘z ishimni boshlashim kerak edi. Hisoblasam, 10 million pul yig‘ib qo‘yibman. Bo‘lib to‘lash sharti bilan ikkita muzlatkich olib, do‘kon ochdim. Tushgan foydaga darrov do‘konga narsa olib kelib qo‘yaman.

Boshlanishi hamisha qiyin bo‘ladi, osonlikcha erishiladigan narsaning o‘zi yo‘q. Savdodan tushgan pul tovar aylanmasiga, ijara haqiga yetmay qoladigan vaqtlar ham bo‘ladi. Shaharda ijara haqi ham qimmat. Qolaversa, tushgacha o‘qishda bo‘laman.

O‘ylab ko‘rib, do‘konimni qishlog‘imga ko‘chirmoqchi bo‘lyapman. U yerda onam, ukalarim savdo qilaverishadi. Qishloq joyda savdo ham yaxshi bo‘ladi, shahardagidek har qadamda do‘kon uchramaydi. 

Bilim va mehnatni o‘rgataman

O‘qishni tamomlashimga ham bir yil qoldi. Ustozlarim magistraturada o‘qishni davom ettiring, sizni universitetda olib qolamiz, deyishyapti. Nasib qilib shunday bo‘lsa, kelajakda farzandlarimga bu kunlarga yetib kelish oson bo‘lmaganligini aytib beraman.

Bolalarimni avvalo mehnat qilishga o‘rgataman. Til kurslariga beraman. Inson qiyin kunlarida, yonida bironta ham do‘sti qolmaganida mehnat va bilimi uni qutqarishiga o‘zim amin bo‘ldim. Bolalarimni ham shunday tarbiyalayman!

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: