Yevrokengash rahbari Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashidan chiqarib yuborishni so‘radi

Jahon 11:05 / 24.09.2022 4839

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashidan chiqarib yuborishga chaqirdi. «Birlashgan millatlar tashkiloti Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi asossiz, BMT Bosh assambleyasi tomonidan qoralangan urush boshlaganida, uning BMT Xavfsizlik kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish avtomatik tarzda amalga oshirilishi kerak», dedi u 23 sentabr, juma kuni Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasi sessiyasida.

Mishel, shuningdek, YeI tajovuzkorlikdan ko‘ra chegaralarni hurmat qilishni, tahdidlardan ko‘ra hamkorlikni tanlashini ta’kidladi. «Bu eng kuchlilar qonuni emas, balki qoidalarga asoslangan tartib», - deya qo‘shimcha qildi u. Yevropa kengashi rahbari Borodyanka, Yaman va boshqa joylarda sodir bo‘lgan dahshatli voqealarning oldini olish yoki to‘xtatishga chaqirib, buni «rahbarlar sifatidagi mas’uliyatimizning o‘zagi» deb atadi. «Biz hozir uni faollashtirishimiz va birgalikda harakat qilishimiz kerak. Siz Yevropa ittifoqiga ishonishingiz mumkin», dedi u. 

Ayni paytda, Yevropa kengashi rahbari Politico nashriga bergan intervyusida 26 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa ittifoqi elchilari yig‘ilishida prezident Vladimir Putin e’lon qilgan qisman safarbarlik tufayli rossiyaliklarning o‘z mamlakatini tark etishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilishini aytdi. Uning fikricha, Yevropa ittifoqi Ukrainaga qarshi kurashdan bosh tortganlarga ochiqlik ko‘rsatishi kerak. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi 7 oydan beri davom etayotgan keng ko‘lamli urushi va uning butun dunyo uchun oqibatlari BMT Bosh assambleyasining Nyu-Yorkda 13 sentabrda boshlangan 77-sessiyasi kun tartibi markaziga aylandi. Umumiy muhokama 20-26 sentabr kunlari bo‘lib o‘tyapti. Rossiya Buyuk Britaniya, AQSh, Xitoy va Fransiya bilan birga BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a’zosidan biri bo‘lib, Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari ustidan muntazam ravishda veto qo‘yish huquqidan foydalanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: