«2 foizlik chet el kreditini uzoq muddatga olish mumkinligi haqida eshitdim. Telegram orqali bog‘langan odam o‘zini fransiyalik investor deya tanishtirdi. Avvaliga notarius uchun 99 dollar, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 900 dollar to‘laganimga qaramay, sug‘urta uchun yana 1100 dollar pulimni olishdi. Yetmaganiga bankka depozit qo‘yishni ham talab qilishdi», deb hikoyasini boshladi u.
«Jozibador kredit taklifiga uchdim»
Bu kredit haqida bir tanishimdan ma’lumot olgandim. Ba’zilar oldinroq shunday kredit olgani uchun ishonib, tavakkal qilishga qaror qildim. To‘g‘risi, pul o‘zimga ham juda zarur edi.
Chet el krediti masalasi paydo bo‘ldi, ya’ni 2 foizlik uzoq muddatga va katta summada kredit. Menga telegramdan manzil berishdi, shu orqali kirib yozdim. Ular bilan ruscha yozishdim. Ular menga kredit olish uchun ism-familiya, pasport nusxasi kabi shaxsiy ma’lumotlar so‘ralgan edi. Tashlab berdim. Shundan keyin ular mendan qancha summada, qancha muddatga kredit kerakligini so‘rashgach, kredit summasi va foizlarini ko‘rsatishdi.
Keyingi qadamda menga hujjat tayyorlab berib, (notarius uchun) imzo chekib, bankka yo‘naltirishni so‘rashdi. Imzo qo‘yganimdan keyin notarius uchun to‘lov borligini aytishdi, to‘lov — 99 dollar. Bu haqda eshitgandim, to‘lov summasi men uchun yangilik bo‘lmadi va shubhali tuyulmadi.
Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun – 900 dollar, sug‘urta uchun 1100 dollar…
Qizig‘i, bank bo‘lishiga qaramay, to‘lovni perevod (o‘tkazma) qilishni so‘rashdi. Ism-familiya berishdi, Afrika davlatida yashovchi fuqaroning ism-familiyasini berishdi. Biz pulni bir bank filialidan jo‘natganmiz — buni sherigim (kredit haqida menga aytgan tanishim) bilan qildik. To‘lov qilingani haqidagi ma’lumotlarni ularga yubordik, «to‘lov qabul qilindi va ma’lumotlaringiz bankka yo‘naltirildi, siz bilan WhatsApp’da bog‘lanishadi», deb aytishdi.
Shundan keyin bizga WhatsApp’dan – «Best Cash» degan bank xodimi aloqaga chiqdi. U «sizning hujjatlaringiz tayyor bo‘ldi, faqat hujjatlarni rasmiylashtirish uchun bir qancha to‘lovlar mavjud», dedi. Bu uchun 900 dollar pul to‘lashim kerakligini ham aytdi.
Kredit haqida ma’lumot olganimizda bu haqda ham eshitgandik. Bu to‘lovni ham qildik, bu safar boshqa shaxsning ism familiyasini jo‘natib, pulni tashlashimizni aytishdi. Bankka borib tashladik, pulni tashlaganimizdan so‘ng «24 soat ichida sizga kod boradi», deb brauzer orqali havola berdi — bu hisobraqamimizni ko‘rishimiz uchun kerak ekan.
Havolaga kirib ko‘rganimizda haqiqatan nomimda shuncha pul borligi ko‘rinib turardi va transfer (o‘tkazish) tugmasini bosganimizda, (pul o‘tkazish) 15 foizga borganda kod so‘radi. Kodni 24 soat ichida olasiz deyishdi, «xo‘p» deb kutdik.
Kechqurun qarasam, WhatsApp’dan xabar kelgan. Aytishdiki, ba’zi bir muammolar bo‘lgani uchun hujjatlar himoya qilish bilan bog‘liq tekshiruvdan o‘tmadi, chunki siz himoya pulini to‘lamagan ekansiz, himoya uchun ham pul to‘lash kerak. Bu bankning muammosi emas, bu sug‘urta tashkilotining muammosi, degan ma’noda yozib yuborishibdi. Undan keyin ba’zi savollar bo‘ldi, tortishdik, gapni aylantirib baribir ko‘ndirishdi…
Boshqa to‘lovlar yo‘q, deb depozit uchun mablag‘ qo‘yish kerakligini aytishdi
Shundan so‘ng «boshqa to‘lovlar yo‘qmi?» deb so‘radik, sug‘urtasi 1100 dollar ekan. Komissiyalari bilan 1000 dollardan ko‘proq pul to‘lab qo‘yganmiz, yana o‘rtada 1100 dollar chiqib turibdi! Tortishdik, bir-ikki kun pulni tashlamadik, keyin «otkaz» qilsak, pulimizni qaytarib bermasliklarini aytishdi.
To‘lagan pulimizga kuymasligimiz uchun yana 1100 dollar to‘lovni o‘tkazdik. Yana 24 soat ichida kod boradi, degan xabar keldi. Sherigim bilan pul o‘tkazganimni aytganimdan keyin ular men bir o‘zim emas, balki sherigim borligini bilishdi va ikkalamizning hujjatlarimizni bir raqam ostiga biriktirib, sug‘urtaga yuborishganini (bu qanaqa bo‘larkan, hayronman) aytishdi. Shuning uchun to‘lovni ham birgalikda qilmasak, ya’ni bir kishi qilib ikkinchi kishi qilmasa, o‘tmaydi deyishdi. Sherigim puli qolmagani uchun «otkaz» qilmoqchi bo‘ldi, ammo men tavakkal qilib davom etmoqchi edim va uning o‘rniga ham men to‘ladim.
Ertasi kuni sherigim ham pul o‘tkazdi. So‘ngra «sug‘urta to‘landi, endi 24 soat kutasizlar», deyilgach, ertasiga bank kafolatiga depozit qo‘yishimiz kerakligini ham aytishdi. Bizga qandaydir hujjat jo‘natdi, ya’ni ma’lumotlarimiz bankning ichki xavfsizlik tizimidan o‘tmagan ekan. Shu nuqtaga kelganda tushunib yetdikki, bu — aldov.
Lekin afsuski, pulimizni qaytarib olish uchun yaxshi-yomon gap bilan tushuntirganimizda «aldamayapmiz, shunaqa qonun-qoidasi bor», deyishdi. Xullas, shu nuqtaga kelganda biz to‘lov qilishni to‘xtatdik.
«Moneygram» ularning hisobini firibgar deb baholab bloklabdi
2300 dollar atrofida pulimga kuydim va baribir negadir tavakkal qildim, chunki menga o‘sha pullar juda zarur edi. Pulni o‘tkazdim, ammo ularga tushmadi. Negadir olisholmadi. Shu joyi ham shubhali bo‘ldi, «bu manzilga jo‘natmalar limiti tugadi», deb ko‘rsatdi.
Keyin bilishimcha, ularning hisobraqamini «MoneyGram» firibgarlikdan shubha qilib bloklagan. Shuning uchun boshqa ism-familiya berishdi, unga ham tushmadi, keyin «men pulni yubordim, ololmaganing seni muammong», deb bu ishni to‘xtatdim.
Bu voqea 15 sentabr kuni bo‘ldi, ertasi kuni juma edi, bankka bormadim. Pulni tashlashga ham, qaytarib olishga ham ikkilandim. Ularning 100 foiz firibgar yoki firibgar emasligiga ikkilandim, chunki ulardan pul olganlar ham bor. Ammo pul olganlardan so‘rasak, ular faqat 99 dollar notariusga va 900 dollar bank hujjatlariga to‘lashgan. Qolgan depozit va sug‘urta degan narsalarga to‘lashmagan.
Nima qilishni ham, pulimni qanday qaytarib olishni ham bilmayapman. Boshqalarga ham bunday qilmaslikni maslahat beraman, ko‘pchilik aldanyapti.
Pullar onamni davolatish uchun kerak edi
Nega buncha pulga tavakkal qildi, deb o‘ylayotgandirsiz. Sababi, onamni Hindistonga jigar ko‘chirish operatsiyasiga olib ketish uchun pul yig‘ib yurgan edik. Qarz olib, o‘zim yig‘ib yarim pulni topgandim, ammo yarim pulini topa olmayotgandim. Ahvol juda og‘irlashib ketayotgandi, bundan boshqa choram bo‘lmagani uchun, «boshqa odamlar olgan-ku», degan ishonch borligi uchun tavakkal qilgandim. Shu narsa meni aldab qo‘ydi, buning kasriga yig‘gan pulim ham kamayib ketdi. O‘zimdan 2300 dollar, sherigim uchun ham shuncha pul jo‘natdim. Og‘ir ahvolga tushib qoldim.
Firibgarlik sxemalar ko‘paymoqda — fransuz banki
Fransiyaning Crédit Agricole CIB korporativ va investitsiya banki Fransiya banklari nomidan firibgarlik sxemalari ko‘payib ketayotgani va ularga aldanib qolmaslikdan ogohlantirgan.
Bank bergan bayonotida shaxslarning kredit berishga muvofiq yoki muvofiq emasligini tekshirmasdan kredit taklif qilishlariga urg‘u beradi. Aslida, banklar to‘g‘ri kelgan odamga jozibador kreditlar taklif qilmaydi, avval shaxs ertaga qarzni to‘lay oladimi-yo‘qmi, o‘zi u nega kredit so‘rayapti, kabi savollarga javob olishi kerak.
«Vaziyatga qarab, maqsadli shaxsdan elektron pochta yoki telefon orqali firibgar bilan bog‘lanish so‘ralishi mumkin. Firibgarning maqsadi — dasturni sozlash uchun komissiya olishdir.
Ushbu to‘lovlar ariza uchun to‘lovlar, notarial yig‘imlar, sud to‘lovlari, ozod qilish to‘lovlari, sud xarajatlari va boshqalar bo‘lishi mumkin. Kredit berilguniga qadar ushbu mablag‘lar oldindan to‘lanishi kerak. To‘lov odatda pul o‘tkazmalari kompaniyasiga to‘lanishi kerak. To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, mablag‘lar hech qachon qaytarib berilmaydi.
Firibgar, shuningdek, kredit yoki kredit arizasini berish niqobi ostida shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘z ichiga olgan hujjatlarni taqdim etish uchun sizni aldashga urinishi mumkin. Shuni yodda tutingki, firibgarlar ushbu ma’lumotlardan kelgusida noqonuniy harakatlar uchun foydalanishlari mumkin», — deya ogohlantiradi bank.
Tarmoqlarda Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari ham yirik fransuz banklaridan kredit takliflarini olganliklari haqida yozgan. Foydalanuvchilar oldindan avans va turli to‘lovlar talab qiladigan banklar firibgarlar ekani, WhatsApp va boshqa tarmoqlardagi yozishmalar orqali pul undirishlaridan ogohlantirishgan.
Xulosa o‘zingizdan.
Madina Ochilova tayyorladi