YeXHT Rossiyadagi «qo‘rquv va qo‘rqitish muhitini» tanqid qildi

Jahon 08:44 / 23.09.2022 9164

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning 22 sentabr, payshanba kuni uning muallifi - nemis yuristi Angelika Nusberger tomonidan Venada taqdim etilgan hisobotiga ko‘ra, Rossiyada Ukrainadagi urushga qarshi bo‘lgan fuqarolarga nisbatan repressiya va ta’qiblar o‘z cho‘qqisiga chiqdi.

120 sahifalik hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yil ichida Rossiyada jinoiy qonunlar, fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan zo‘ravonlik va tashviqot orqali «qo‘rquv va qo‘rqitish muhiti» yaratilgan. Qatag‘onlar Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishidan keyin o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Aniq misol sifatida, hisobotda Rossiya qurolli kuchlari haqidagi «feyklar» uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun eslatib o‘tilgan.

Yangi qonunlar faollar, jurnalistlar, huquqshunoslar va nodavlat notijorat tashkilotlarini o‘z faoliyatini to‘xtatishga, hattoki, mamlakatni tark etishga majbur qildi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Rossiyadagi ta’qiblar «butun jamoatchilik ko‘zi oldida» amalga oshirilmoqda va kremlparast tashviqot to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Unda, shuningdek, «jinoiy ta’qibning barcha federal va mintaqaviy organlari asta-sekin bevosita Vladimir Putinning nazoratiga o‘tgani» qayd etilgan.

Ikki kun oldin, 2015 yilda FXX tomonidan zaharlangani aytilgan va 2022 yil aprelidan beri hibsda saqlanayotgan muxolifatchi siyosatchining rafiqasi Yevgeniya Kara-Murza YeXHT Venadagi qarorgohiga tashrif buyurdi. Avvaliga, Vladimir Kara-Murza «politsiyaga bo‘ysunmaslik», keyin «feyklar» tarqatish va Rossiyada siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash konferensiyasi tufayli «nomaqbul tashkilot» faoliyatida ishtirok etishda ayblandi.

Yevgeniya Kara-Murza G‘arb davlatlarini Rossiyaning tinch aholisini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin Rossiyaning o‘zida ommaviy zulm fonida sodir bo‘layotganini esdan chiqarmaslik kerak», dedi u. Shu bilan birga, Rossiyada «uch kun davom etishi kerak bo‘lgan urush yetti oydan ortiq davom etayotganini ko‘rib, hatto tashviqot qurbonlari ham o‘zlariga savol berishni boshladi», deya qo‘shimcha qildi Kara-Murza. 

YeXHTning Rossiyadagi inson huquqlari buzilishi haqidagi hisoboti tashkilot urush boshlanganidan beri uchinchi marta «Moskva mexanizmi»ga amal qilgani – Rossiyaning xalqaro huquq va majburiyatlarga rioya etishini baholagan xalqaro ekspertlar guruhini yaratishga murojaat qilganidan keyin chiqdi. 

Oldingi ikkita guruh Rossiya tomonidan boshlangan harbiy harakatlar bilan bog‘liq xalqaro gumanitar huquq buzilishi haqidagi hisobotlarni va Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlar haqidagi hisobotlarni baholash uchun yig‘ilgan edi. Rossiyaning YeXHTdagi missiyasi ushbu mavzulardagi hisobotlarni «asossiz tashviqot» deb atadi va Rossiyadan kelgan delegatsiya tashkilot so‘nggi yig‘ilishlarida qatnashmadi, chunki uning a’zolari urushni qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lgan.

Shu bilan birga, o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hukumat vakillari YeXHT ekspertlari ishiga aralashdi – aprel oyida missiyaning bir necha a’zosi Ukrainaning bosib olingan hududida mandati muddati tugagani bahonasi bilan qo‘lga olindi, avvalroq Rossiya uni yangilashdan bosh tortgan edi. Keyinroq «LXR» deb ataluvchi hudud rasmiylari qo‘lga olingan ikki missiya a’zosini «davlatga xiyonat»da ayblab, 13 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: