Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarida «referendumlar» boshlandi

Jahon 14:03 / 23.09.2022 9998

Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarida mintaqalarning Rossiya tarkibiga kirishi bo‘yicha «referendumlar» boshlandi, deb xabar bermoqda 23 sentabr, juma kuni Rossiya agentliklari. 

«DXR», «LXR», Zaporijjya va Xerson oblastlarida «saylov uchastkalari» ochildi. Barcha hududlarda «ovoz berish» 27 sentabrgacha davom etadi. Shuningdek, Rossiyada «ovoz berish» uchun saylov uchastkalari ochila boshladi, bu yerda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qochqinlar ovoz beradi. 

TASS’ning yozishicha, «xavfsizlik uchun» birinchi to‘rt kun ichida egallab olingan hududlarda «ovoz berish» uylar hududida va aholini maqsadli yo‘qlab borish yo‘li bilan o‘tkaziladi. 

«DXR» va «LXR»da mahalliy aholi «respublikaning Rossiya sub’yekti huquqi asosida Rossiya tarkibiga qo‘shilishi»ni qo‘llab-quvvatlaydimi, degan masala «ovozga» qo‘yildi. Ishg‘ol qilingan Zaporijjya va Xerson oblastlarida saylov byulletenlarida «Siz Ukrainadan ajralib chiqish, mustaqil davlat tashkil etish va Rossiya tarkibiga Rossiya sub’yekti huquqi asosida kirish tarafdorimisiz?» degan savol bor. 

Qo‘shma Shtatlar, Yevropa ittifoqi davlatlari va NATO «referendumlar» Rossiyaning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyillariga tajovuz qilishi ekanini va hech kim «Rossiyaning annexia qilingan hududlarga da’volarini» tan olmasligini bir necha bor ta’kidladi. 

Xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «referendumlar»ni «parodiya va surbetlik» deb atadi. Ularni o‘tkazish g‘oyasi «agar bu juda fojiali bo‘lmaganida, kulgili bo‘lar edi», deya qo‘shimcha qildi u. Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya «bu xayoliy referendumlarni» tan olmasligini bir necha bor aytdi va ularni qabul qilib bo‘lmas deb atadi. 

«Rossiya, uning siyosiy rahbariyati va ushbu «referendumlar» hamda Ukrainadagi xalqaro huquqning boshqa buzilishiga aloqador barcha shaxslar javobgarlikka tortiladi», — dedi Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. Bundan tashqari, Bryussel Moskvaga qarshi «qo‘shimcha cheklov choralarini ko‘rib chiqadi», dedi u. 

«Biz hech narsamizdan voz kechmaymiz va agar bosqinchilar ushbu soxta referendumlarni o‘tkazsa, ular Ukraina va erkin dunyo bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini o‘zlari uchun yopadi, bu esa Rossiya tomoniga ma’lum bir daqiqada aniq kerak bo‘ladi», deya Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avgust oyida «referendumlar» haqida fikr bildirgandi. 

Ukrainaning egallab olingan hududlarida soxta «referendumlar» xalqaro huquq nuqtayi nazaridan hech narsani o‘zgartirmaydi, dedi prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak. «Rossiya targ‘ibotchilari «referendumlar»ga darmon sifatida oshiq bo‘lib qolgan. Ular uchun yomon xabar bor. Global konsensus va xalqaro huquq mavjud. Albatta: Donetsk, Luhansk, Qrim - bu Ukraina. Bayroqlarni qayta bo‘yashga urinishlar - uydirma, bu sheriklar uchun ham, biz uchun ham hech narsani o‘zgartirmaydi», — deb yozgan Podolyak. 

Ko‘proq yangiliklar: