Rossiyalik yurist: Safarbarlikda Mudofaa vazirligi e’lon qilgan shartlarga amal qilinmayapti

Jahon 15:03 / 23.09.2022 15711

Safarbarlik chaqiruviga Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilingan yosh chegarasidan katta bo‘lgan va hech qachon harbiy xizmatni o‘tamagan  shaxslar ham jalb qilinyapti.

Safarbarlik paytida Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilingan yoshga oid cheklovlar va shartlarga rioya qilinmayapti, deydi «Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov chaqiruv qog‘ozini olgan rossiyaliklarning xabarlariga tayanib. Bu haqda 22 sentabr, payshanba kuni Chikov o‘zining Telegram-kanalida yozgan.

Kecha Mudofaa vazirligi safarbarlik bo‘yicha ayrim savollarga, xususan, chaqiriluvchilarning yoshiga oid masalalarga javoblarni e’lon qildi. Ularga ko‘ra, 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar va 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar safarbarlikka jalb etiladi. 

«Shunga qaramay, hududlardan 45-49 yoshli oddiy askarlarni ham chaqirishayotgani haqida xabarlar bor. Noyabr uchun chaqiruv va safarbarlik buyrug‘i chiqarilmoqda», deb yozadi Chikov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, masalan, Moskvada 63 yoshli polkovnik chaqiruv qog‘ozi olgan, Samarada 60 yoshli serjant, Yoqutistonda hech qachon xizmat qilmagan 49 yoshli erkak, Buryatiyada esa 60 yoshli qariyalar ham harbiy xizmatga ommaviy ravishda chaqirildi. 

Bundan tashqari, hech qachon xizmat qilmagan odamlar ham chaqirilyapti. Yoqutistonda harbiy xizmatni o‘tamagan, ammo harbiy ixtisoslikka ega bo‘lgan 58 yoshli erkakni harbiy komissarlikka olib ketishgan. «Ular kechasi kelib, chaqiruv qog‘ozini topshirishdi, ertalab harbiy komissarlikka olib borishdi, hozir u harbiy qismga uchib ketyapti», - deydi uning yaqinlari. Yana bir hududda 1985 yilda tug‘ilgan, hech qachon xizmat qilmagan fuqaroning ish joyiga chaqiruv qog‘ozi olib kelishgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin e’lon qilgan safarbarlik doirasida Mudofaa vazirligi 300 ming zaxiradagi askarni chaqirish niyatida, dedi idora boshlig‘i Sergey Shoygu. Putinning «qisman safarbarlik» to‘g‘risidagi farmonida «xizmat doirasida foydalanish uchun» mo‘ljallangan yopiq band bor. Unda, Kremlning aniqlik kiritishicha, safarbar qilinganlar soni haqida so‘z yuritilgan. Prezident ma’muriyatidagi «Novaya Gazeta. Yevropa» manbasiga ko‘ra, 7-bandda bir milliongacha odam armiyaga chaqirilishi mumkinligi aytilgan. Kreml buni «yolg‘on» deb atadi. 

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zaxiradan chaqiruvda jangovar tajribaning mavjudligi asosiy omillardan biri hisoblanadi. «Fuqarolarni zaxiradan chaqirish ketma-ketligi belgilanmagan, biroq birinchi navbatda tegishli harbiy mutaxassislikka ega bo‘lganlarga ahamiyat beriladi», — deyiladi idora xabarida. 

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bronga ega bo‘lgan fuqarolar, sog‘lig‘i bo‘yicha vaqtincha xizmatga layoqatsiz deb topilganlar, oila a’zolari orasida doimiy qaramog‘ida I guruh nogironlari bo‘lganlar yoki I guruh nogironlari, 16 yoshgacha bo‘lgan to‘rt va undan ortiq farzandi bo‘lgan shaxslar, onasi undan tashqari 8 yoshga to‘lmagan to‘rt va undan ortiq farzandi bo‘lganlar va ularni ersiz tarbiyalayotganlar, nafaqadagi va harbiy hisobdan olingan harbiy pensionerlar safarbarlikka jalb etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: