Putinning yadro tahdidi. U turli yillarda bu haqda nimalar degan?

Jahon 17:35 / 23.09.2022 42441

Ukrainada urush boshlanganidan beri ko‘plab rossiyalik amaldorlar, siyosatchilar, mutasaddilar va teleboshlovchilar Ukrainaga yoki uning ittifoqchilariga yadroviy zarba berish ehtimoli va ba’zi hollarda zarurati yoki hatto muqarrarligi haqida gapirishmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham G‘arb davlatlari tahdidi yuzaga kelgan taqdirda yadro arsenalidan foydalanishga tayyor ekanligi haqida bir necha bor ogohlantirdi. Biroq, har doim shunday bo‘lmagan. Putin o‘zining 22 yillik hokimiyatida yadroviy qurollarni qisqartirish siyosatidan to‘g‘ridan to‘g‘ri bunday qurollardan foydalanish bilan tahdid qilishga o‘tdi.

2000 yil

Putin Rossiya Federatsiyasining harbiy doktrinasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Rossiya o‘ziga yoki ittifoqchilariga qarshi ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanishiga javoban, shuningdek oddiy qurollardan foydalangan holda keng ko‘lamli tajovuz amalga oshirilishi natijasida «Rossiya Federatsiyasining milliy xavfsizligi xavf ostida qolgan vaziyatlarda» yadroviy arsenaldan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Bundan tashqari, doktrinada aytilishicha, Rossiya yadro quroliga ega bo‘lmagan va uni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan davlatlarga nisbatan yadro zarbasi bermaydi. Bu davlatlar «yadro quroliga ega bo‘lgan davlat bilan hamkorlikda yoki ittifoqchilik majburiyatlari ostida» hujum qilgan holatlar bundan mustasno.

2002 yil

Putin Rossiya va Qo‘shma Shtatlar uchun jangovar holatda turuvchi yadro qurollari sonini cheklovchi Strategik hujum salohiyatini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

«Qo‘lida har qanday qurol, shu jumladan, hatto ov miltig‘i bo‘lgan har qanday odam biladiki, uni o‘qlangan va kurakka barmoqni tekkizgan holda saqlagandan ko‘ra, o‘qsiz saqlash ancha yaxshi va xavfsizroq», – dedi prezident Putin AQSh prezidenti Jorj Bush bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

2007 yil

«Rossiya Federatsiyasining an’anaviy konfessiyasi va yadro qalqoni Rossiya davlatchiligini mustahkamlaydigan, mamlakatning ichki va tashqi xavfsizligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadigan tarkibiy qismlardir. Bundan biz davlat bugun va kelajakda ularning har biriga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi haqida aniq xulosa chiqarishimiz mumkin», – dedi Putin Kremldagi yillik matbuot anjumanida.

2010 yil

Putin yangi harbiy doktrinani tasdiqladi. Unga ko‘ra, Rossiya o‘ziga yoki ittifoqchilariga qarshi ommaviy qirg‘in quroli qo‘llanishiga javoban, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga oddiy qurollardan foydalangan holda tajovuz qilinishi oqibatida davlat mavjudligiga tahdid tug‘ilganida yadro qurolidan foydalanishi mumkin.

Doktrinadan yadro quroliga ega bo‘lmagan mamlakatlarga nisbatan yadro qurolidan foydalanishni taqiqlash haqidagi bo‘lim olib tashlandi.

2014 yil

«Men eng taniqli timsolimiz – taygani qo‘riqlayotgan ayiqni esladim. Nimani nazarda tutayotganimni bilasizmi? Bunday o‘xshatishlardan ba’zida xayolimga bir fikr keladi: ehtimol bizning ayiqchamiz xotirjam o‘tirishi, tayga bo‘ylab to‘ng‘izlarni quvmasligi, mevalar va asalni iste’mol qilishi kerakdir? Balki shunda uni o‘z holiga qo‘yishar? Qo‘yishmaydi, chunki har doim uni zanjirband qilishga intilishadi. Zanjirband qilishgan zahoti tishlarini ham, tirnoqlarini ham sug‘urib olishadi. Bugungi tushunchamizda bu yadroviy tiyib turuvchi kuchlardir. Xudo ko‘rsatmasin, agar bu holat yuz bersa, ayiq kerak bo‘lmay qoladi va tayga qo‘lga olinadi», – dedi Putin matbuot anjumanida.

2018 yil 7 mart

«Agar kimdir Rossiyani yo‘q qilishga qaror qilsa, biz javob berishga qonuniy huquqimiz bor. Ha, insoniyat uchun bu global falokat, dunyo uchun global falokat bo‘ladi. Lekin men Rossiya fuqarosi va Rossiya davlati rahbari sifatida o‘zimga savol bermoqchiman: agar Rossiya bo‘lmasa, bizga bunday dunyo nega kerak?» – deb bayonot berdi Putin Vladimir Solovyovning «Miroporyadok 2018» filmida.

2018 yil 18 oktyabr

«Eslatib o‘tamanki, bizning yadroviy quroldan foydalanish konsepsiyamizda ogohlantiruvchi zarba degan tushuncha yo‘q. Bizning konsepsiyamiz – javob zarbasi. Bu shuni anglatadiki, biz ehtimoliy tajovuzkor Rossiyaga, bizning hududimizga zarba berayotganiga amin bo‘lsakkina yadro qurolidan foydalanishga tayyormiz va undan foydalanamiz.

Biz hujum Rossiya hududiga qaratilganiga amin bo‘lishimiz kerak, shundan keyingina javob zarbasini beramiz. Nega javob zarbasi? Chunki oldin raketalar biz tomon uchadi, shundan keyingina raketalarimiz dushman tomon uchiriladi. Albatta, bu global falokat, lekin takror aytaman, biz bu falokatning tashabbuskori bo‘la olmaymiz, chunki bizda ogohlantiruvchi zarba yo‘q. Ha, bu vaziyatda biz yadro quroli qo‘llanishini kutib turgandek, o‘zimiz hech narsa qilmayotgandek tuyulishi mumkin. Ammo tajovuzkor tomon qasos muqarrar ekanini, o‘zi ham yo‘q qilinishini bilishi kerak. Biz tajovuz qurboniga aylanamiz va jafokash sifatida jannatga tushamiz. Ular esa shunchaki harom o‘lishadi, chunki tavba qilishga ulgurishmaydi», dedi Putin «Valday» diskussiya klubi yig‘ilishida.

2020 yil

Rossiya prezidentining «Rossiya Federatsiyasining yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosati asoslari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi. Unda aytilishicha, yadroviy tiyib turish siyosati davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga, ehtimoliy dushmanni Rossiya Federatsiyasi yoki uning ittifoqchilariga qarshi tajovuzdan to‘xtatishga, shuningdek, harbiy harakatlar «eskalatsiyasining oldini olish»ga va ularni Rossiya va uning ittifoqchilari uchun maqbul shartlar asosida to‘xtatishga qaratilgan.

2022 yil 24 fevral

«Bu voqealarga aralashish ishtiyoqiga tushishi mumkin bo‘lganlar uchun bir nechta muhim so‘zlarni aytaman. Kim bizga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lsa, shuningdek, mamlakatimiz, xalqimiz uchun xavf tug‘dirmoqchi bo‘lsa, bilsinki, Rossiya zudlik bilan javob qaytaradi va ularni o‘z tarixida hech qachon boshdan kechirmagan oqibatlarga olib keladi. Biz voqealarning har qanday rivojiga tayyormiz. Bu boradagi barcha zarur qarorlar qabul qilindi», – dedi Putin Ukrainaga qarshi urush boshlangani haqidagi nutqida.

2022 yil 27 aprel

«Men bu haqda maxsus harbiy operatsiya boshlanishida gapirgan edim. Yana bir bor ta’kidlab o‘taman: agar kimdir sodir bo‘layotgan voqealarga chetdan aralashib, Rossiya uchun nomaqbul strategik tahdidlarni yaratmoqchi bo‘lsa, bizning javob zarbalarimiz zudlik bilan va yashin tezligida bo‘lishini bilishi kerak. Buning uchun bizda barcha vositalar mavjud, hatto boshqalar maqtana olmaydigan vositalar ham bor. Biz ular bilan maqtanmaymiz, kerak bo‘lsa, ulardan foydalanamiz. Bu haqda hamma bilishini istayman, biz bu masala bo‘yicha barcha qarorlarni qabul qildik», – dedi Putin Qonunchilar kengashi yig‘ilishida.

2022 yil 21 sentabr

«Yadroviy shantaj ham ishga solindi. Rossiyaga nisbatan bunday bayonotlarga yo‘l qo‘yayotganlarga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, bizda ham turli qirg‘in vositalari mavjud va agar mamlakatimizning hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilsa, biz Rossiya va xalqimizni himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Bu blef emas. Rossiya fuqarolari xotirjam bo‘lsin, vatanimizning hududiy yaxlitligi, mustaqilligimiz va erkinligimiz ta’minlanadi – buni yana bir bor ta’kidlayman, – bizda mavjud barcha vositalar bilan ta’minlanadi. Bizni yadro quroli bilan shantaj qilmoqchi bo‘lganlar esa bilishi kerakki, «shamol» yo‘nalishini o‘zlari tomonga burishi mumkin», – dedi Putin Rossiyada safarbarlik boshlanishi haqidagi murojaatida.

Ko‘proq yangiliklar: