"Oilaviy mehmon uylari soni 4 mingga yaqinlashdi" - Aziz Abduhakimov

Jamiyat 19:42 / 23.09.2022 9072

22 sentabr kuni Yaponiya poytaxti Tokioda “Tourism Expo Japan 2022” xalqaro turizm ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazma doirasida turizm sohasi vakillarining hamkorlik o‘rnatish va fikr almashishga qaratilgan muzokara va davra suhbatlari ham bo‘lib o‘tmoqda. Ularda pandemiyadan keyin chuqur inqirozdan oyoqqa turayotgan sohaning turli muammolari, yondashuvlar va ekologiyaga oid masalalar muhokama qilinmoqda.

Shunday davra suhbatlaridan biri – ko‘rgazmaga tashrif buyurgan qator davlatlarning turizm vazirlari, xalqaro tashkilotlar va turizm sektori vakillari ishtirokidagi forum bo‘ldi. Forumda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok edi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Aziz Abduhakimovning o‘z nutqida ma’lum qilishicha, 2018 yildan e’tiboran tashkil etila boshlagan oilaviy mehmon uylari soni yildan yilga oshib bormoqda.

“Biz O‘zbekistonning turli hududlarida, ayniqsa tog‘li joylarda turizm qishloqlarini tashkil etishga harakat qilyapmiz. Agar mahalliy aholi kamida 20 ta oilaviy mehmon uylarini tashkil etsa, davlat bu qishloqning yo‘li, elektr va suv ta’minotini yaxshilash orqali ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.

4 yil oldin bizda birorta ham oilaviy mehmon uyi yo‘q edi. Hozir esa barcha hududlarda deyarli 4 mingga yaqin oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda”, – dedi u.

Foto: Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti
Oilaviy mehmon uyi deganda uy egasining oila a’zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, har bir yashovchiga 3 m2 hisobidan to‘g‘ri keladigan zaruriy turar joy maydoniga ega xususiy uy-joy tushuniladi. / Foto: Kun.uz

Bosh vazir o‘rinbosari forum mavzularidan biri – atrof-muhit muhofazasi (bunda turizm sohasi ham katta o‘rin tutadi) haqida gapirarkan, O‘zbekistonda energiya samaradorlikka erishish va qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, xususan 2030 yilga borib mamlakat iqtisodiyotining energosamaradorligi ikki barobarga ortishi, qayta tiklanuvchi energiyaning ulushi 25 foizga yetishi, 2050 yilgacha esa O‘zbekistonning nol darajali uglerod energiyasiga o‘tishi ko‘zda tutilganini qayd etdi.

Aziz Abduhakimov, shuningdek, Samarqandda yangi aeroport qurilganini ta’kidlab, BMT qoshidagi Xalqaro turizm tashkiloti Bosh assambleyasining keyingi yilgi yig‘ilishi ushbu tarixiy shaharda bo‘lishini eslatdi va barcha yig‘ilganlarni Samarqandga taklif qildi.

Ko‘proq yangiliklar: