Zelenskiy BMTni Rossiya bo‘yicha maxsus tribunal tuzishga chaqirdi

Jahon 08:11 / 22.09.2022 6158

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy BMTni Rossiyaning Ukrainaga hujumi bo‘yicha maxsus tribunal tuzishga chaqirdi. 22 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi BMT Bosh assambleyasida video-aloqa orqali chiqish qilgan Zelenskiy: «Ukrainaga qarshi jinoyat sodir etildi va biz adolatli jazo berilishini talab qilamiz» deb ma’lum qildi. Bundan tashqari, unga ko‘ra, Ukraina uchun kompensatsiya jamg‘armasi yaratilishi, buning uchun mablag‘ Rossiya tomonidan taqdim etilishi kerak.

Ukraina prezidenti, shuningdek, Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashida veto huquqidan mahrum qilishni taklif etdi. Bunday chora-tadbirlar kelajakdagi potensial tajovuzkorlar uchun «signal» bo‘ladi, ular urushlar uchun «butun dunyo oldida javobgarlikka tortilishi» mumkinligini tushunishlari kerak, dedi Volodimir Zelenskiy.

U xalqaro hamjamiyatni Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirishga chaqirdi.

Zelenskiy o‘z nutqida besh banddan iborat «tinchlik formulasi»ni taklif qildi, uning amalga oshirilishi Ukrainadagi urushni tugatishga yordam beradi. Birinchi band - tajovuzkor davlatni chegaralarni buzganlik uchun jazolash, shu jumladan sanksiyalar va u bilan savdo aloqalarini to‘xtatish orqali. Ikkinchi band - har bir davlatning o‘z fuqarolari hayotini himoya qilish huquqi. Uchinchi band - xavfsizlikni, jumladan, oziq-ovqat va yadro xavfsizligini, shuningdek, hududiy yaxlitlikni tiklash. To‘rtinchi band - xavfsizlik kafolatlari. «Tinchlik formulasi»ning beshinchi bandi – himoya qilish va yordam berishda qat’iylikdir. «Bizning formulamizda bo‘lmagan narsa - bu betaraflik», - deya ta’kidladi Ukraina prezidenti. U betaraflikni befarqlik deb tushuntirdi.

Volodimir Zelenskiy BMT Bosh assambleyasi ishtirokchilariga videoformatda murojaat qilish imkoniga ega bo‘lgan yagona davlat rahbari bo‘ldi. Uning nutqi so‘ngida majlis zaliga yig‘ilganlar Ukraina prezidentiga turib qarsak chalishdi.

Aprel oyida Yevropa kengashi Parlament assambleyasi (YeKPA) bahorgi sessiyasi ishtirokchilari bir ovozdan rezolyutsiyani qabul qilishdi, unga ko‘ra Rossiya rahbariyatini sudga tortish uchun maxsus tribunal zarur. Ukrainadagi urush paytida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarda va ukrainaliklarning ehtimoliy genotsidida ishtirok etgan har bir shaxs xalqaro huquq normalariga muvofiq javobgar bo‘ladi va Rossiya rahbariyatida ham tinchlikka qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun aynan shunday taqdir bo‘lishi kerak, deyiladi hujjatda.

Ko‘proq yangiliklar: