Rossiyada safarbarlikka qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Jahon 08:50 / 22.09.2022 10814

Rossiyadagi faollar «Vesna» yoshlar harakatining Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ukraina bilan urushga e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazish chaqirig‘iga javob qaytardi. Sibir va Uzoq Sharqda, Uralda, Tver va Voronejda, Sankt-Peterburg va Moskvada Putinning qaroriga rozi bo‘lmaganlar shaharlarning markaziy maydonlariga chiqdi. «Vesna» harakati hamfikrlarni mahalliy vaqt bilan soat 19.00 da ko‘chaga chiqishga chaqirgandi.

OVD-Info ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva vaqti bilan soat 23:00 holatiga ko‘ra, 38 ta shaharda safarbarlikka qarshi namoyishlarda 1330 dan ortiq odam qo‘lga olingan. Ushlanganlarning aksariyati Sankt-Peterburgdan - 493 namoyishchi, keyin - Moskva (469 namoyishchi) va Yekaterinburg (40 kishi). Xavfsizlik kuchlari ayrim namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan.

Xabarlarga ko‘ra, Xabarovskdagi safarbarlikka qarshi norozilik namoyishiga 12 kishi chiqqan. Ular «Sibir.Realii» muxbiriga safarbarlik haqidagi xabardan hayratda qolganini aytishgan. Piketchilar ta’qibdan qo‘rqib, o‘z ismlarini aytishdan bosh tortgan. 21 sentabr oqshomida Yakutsk markazidagi maydonga bir necha kishi yig‘ildi.

Irkutskda bir necha o‘nlab odamlar markaziy maydonga kelgan, o‘n kishi qo‘lga  olingani xabar qilingan. OVD-Info inson huquqlari portaliga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning aksariyati Tomskda. Ulan-Udeda odamlar qo‘lbola plakatlar bilan aksiyaga keldi, bir necha o‘nlab odamlar to‘plandi. Politsiya olomonni plakatlarni olib tashlashga chaqirgan, hech qanday qo‘lga olishlar kuzatilmagan.

Novosibirskdagi markaziy maydonda safarbarlikning bir necha o‘nlab muxoliflari yig‘ildi. Bir kishi qo‘lga olingan.

Avvalroq Rossiyaning «Vesna» muxolifat harakati va Aleksey Navalniy tarafdorlari Rossiya fuqarolarini safarbarlikka qarshi norozilik bildirishga chaqirgandi, Change.org saytida allaqachon 250 mingdan ortiq odam norozilik petitsiyasini imzoladi.

Moskva prokuraturasi shahar aholisiga safarbarlikka qarshi mitinglar uyushtirganlik, ularda qatnashganlik yoki ularga chaqirganlik uchun ma’muriy jazolash va 15 yilgacha qamoq jazosi bilan tahdid qildi.

Shu bilan birga, Sankt-Peterburgda tuman ma’muriyatlari munitsipalitetlarga Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida referendum o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlovchi mitingda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan odamlarni topish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deb yozadi «Rotonda» bir qancha munitsipalitetlarga tayanib. Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, ma’muriyatlar ulardan 5-10 kishi talab qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: