«Qurultoy arafasidagi tozalash». Xitoyda sobiq adliya vaziri o‘limga hukm qilindi

Jahon 20:55 / 22.09.2022 25526

Fu pora olgani uchun o‘limga hukm qilindi, lekin u fitnachilar guruhiga mansublikda ham ayblangandi. Mustaqil sharhlovchilar Funi Si Jinping partiya s’yezdi oldidan o‘tkazayotgan tozalov qurboni deb hisoblashmoqda. 

Rasmiy ayblovga ko‘ra, hozirda 67 yoshni qarshilagan Fu yuqori lavozimlarda ishlagan oxirgi 17 yil davomida pora olib kelgan.

Fu Chjyenhua sud zalida hukmni eshitmoqda.

Bir kun avval politsiyaning uch nafar yuqori martabali amaldori – Shanhay va Chunsin shaharlari hamda Shansi provinsiyasi politsiyasining sobiq rahbarlari uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Ularning uchalasi ham Fu Chjyenhua singari pora olgani uchun qamaldi, biroq XXR raisi Si Jinpingga sodiq emaslikda va jamoat xavfsizligi vazirining sobiq o‘rinbosari Sun Litszyun boshchiligidagi «guruh»ga mansublikda ayblandi.

«Xitoy kommunistik partiyasining har besh yilda o‘tkaziladigan va Si Jinpingning tarixiy uchinchi muddatiga start beriladigan qurultoyga bir necha hafta qolganida amaldorlar orasida tozalov o‘tkazilmoqda», - deydi BBC’ning Xitoydagi muxbiri Stiven Makdonnel.

Qurultoy 16 oktyabr kuni boshlanadi.

«Rasmiy xabarlarga ko‘ra, guruhning ehtimoliy rahbari Sun Litszyun iyulda poraxo‘rligini, qimmatbaho qog‘ozlar bozoridagi tovlamachiligini va noqonuniy qurol saqlaganini tan olgan. Hozircha Sunga nisbatan hukm chiqarilmagan.

Yuqoridan – panjara ortiga

Rasmiy ayblovga ko‘ra, Fu Chjyenhua 2005 yildan buyon 117 mln yuan (16,5 mln dollar) miqdorida pora olgan. Bundan tashqari, bir qator jinoyatlarni sodir etgan ukasini jazodan saqlab qolish uchun dalillarni yo‘q qilgan.

Fu Chjyenhua 11 yil muqaddam Pekin politsiyasi boshlig‘i bo‘lgan. Shundan keyin mansab pillapoyalaridan ko‘tarila boshlagan. Foto: REUTERS

Hongkongning South China Morning Post gazetasi yozishicha, Fu allaqachon qahr ostiga tushgan. Adliya vaziri lavozimi yuqori, lekin u 2016 yilgacha egallagan lavozimlarga nisbatan ta’siri kuchsiz lavozim hisoblanadi – o‘sha paytda u Pekin politsiyasi boshlig‘i, keyin esa siyosiy va yuridik masalalar bo‘yicha partiya markaziy komissiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgandi.

Keyin esa Fu jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari, 2018 yilda adliya vaziri lavozimiga tayinlangandi.

U bu lavozimda asosan qamoqxonalar va advokaturani nazorat qilgan. 2020 yil mayida vazirlikdan bo‘shatilgan va xalq siyosiy maslahat kengashiga tayinlangan. Gazetaning yozishicha, bu vakolatlarga ega bo‘lmagan organ bo‘lib, odatda amaldorlar pensiyaga chiqishidan oldin shu yerga jo‘natiladi.

Amalda cho‘qqiga chiqqan davrida Funing o‘zi ham yuqori martabali amaldorlarni ta’qib qilishda ishtirok etgan: u 2013 yilda barcha maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq kuratori, siyosiy va yuridik masalalar bo‘yicha markaziy komissiya kotibi, Xitoy kompartiyasi siyosiy byurosining doimiy qo‘mitasi a’zosi Chjou Yunkan ishi bo‘yicha tergovda qatnashgan. Chjou 2015 yilda korrupsiya va lavozimini suiiste’mol qilishda ayblanib bir umrga ozodlikdan mahrum qilingan. 

«Sinhua» agentligining yozishicha, Chanchun shahri sudi Fu Chjyenhuaga nisbatan hukm chiqarishda u «barcha jinoyatlariga iqror bo‘lgani, pushaymonligi va yetkazgan zararini qoplashda hamkorlik qilgani»ni qayd etgan va shu bois unga o‘lim jazosi o‘rniga jazo ijrosini ikki yilga kechiktirish va umrbod qamoq jazosiga almashtirish istiqboli bilan, lekin muddatidan avval ozodlikka chiqish huquqisiz shartli o‘lim jazosi berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: